Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:04

Bayden va Putin so‘zlashuvidan so‘ng Kremlga aloqador deyilgan hakerlik guruhi darknetdan g‘oyib bo‘ldi


Putin va Bayden Jeneva sammitida - 16 - iyun , 2021.
Putin va Bayden Jeneva sammitida - 16 - iyun , 2021.

Mashhur REvil hakerlar guruhi bilan bog‘liq saytlar darknetdan g‘oyib bo‘ldi. Vashington mazkur guruhni Kremlga aloqadorlikda gumon qilib, G‘arb mamlakatlaridagi minglab shirkatlarga qarshi amalga oshirilgan kiberhujumlarda aybdor, deb bilardi.

REvil faoliyati AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin muloqotlari chog‘ida muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Oq uy nafaqat hakerlarga, balki ularga panoh bo‘layotgan mamlakatlarga ham chora ko‘rishi haqida ogohlantirgan edi.

REvil saytlari ishlamay qolganiga kompyuterlar xavfsizligiga oid BleepingComputer blogi muallifi Lorens Abrams e’tibor qaratgan. Saytlar yopilishi bilan bir paytda guruh aloqachilari xabarlarga javob bermay qo‘ygan. Rossiyaga oid mashhur internet-forumda REvil vakili bloklangan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, ushbu hakerlarga tegishli ma’lumotlar “nomi tilga olinmagan mamlakat” hukumatining so‘roviga binoan serverdan o‘chirib tashlangan.

REvil dunyodagi eng yirik hakerlik guruhlaridan biri sifatida tanilgan. U asosan tijorat tusidagi hujumlar bilan shug‘ullangan: shirkatlarning kompyuter tarmoqlariga yashirincha kirgan va ma’lumotlarini o‘chirib tashlamaslik evaziga ulardan pul undirgan.

2021 - yilda o‘n minglab shirkatlarga qarshi amalga oshirilgan kiberhamlalar REvil guruhi nomi bilan bog‘landi. Undan jabr ko‘rganlar orasida AQShdagi Colonial Pipeline neft quvuri hamda dunyoning eng yirik go‘sht ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish JBS shirkati ham bor.

Rossiyalik hakerlar keng ko‘lamda hujumga o‘tishi munosabati bilan, AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Jeneva sammitidagi suhbati chog‘ida ushbu muammoni ko‘tardi. Iyul oyida prezidentlar telefon orqali so‘zlashuvda yana bu mavzuni muhokama qilishdi.

“Men unga mumkin qadar aniq tushuntirdim: hujum uning hududidan bo‘lyapti, bu hujumlar hukumat tomonidan uyushtirilmagan taqdirda ham, biz ulardan tegishli chora ko‘rishni kutib qolamiz, biz tarafdan yetarlicha ma’lumot taqdim etiladi”, degan edi Bayden jurnalistlarning savollariga javoban.

Mazkur bayonotdan bir kun oldin Bayden hakerlarning hujumlari masalasida Davlat departamenti, AQSh ichki xavfsizlik vazirligi va adliya vazirligi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Oq uy voizi Jen Psaki yig‘ilish yakuni bo‘yicha bayonot berarkan, Vashington nafaqat kiberjinoyatchilarga, balki ularni yashirayotgan mamlakatlarga ham javob qaytarishga haqli ekanini urg‘ulagan edi.

Moskvaning hakerlik guruhlariga aloqadorlikka oid har qanday ayblovlarni rad etishi odat tusini olgan. 12 - iyul kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya va AQSh o‘rtasida “kiberxavfsizlik sohasi bo‘yicha maslahatlashuvlar mexanizmi” ishga tushganini bildirdi.

Kreml va Oq uy REvil guruhining g‘oyib bo‘lishi xususida hozircha izoh bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG