Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 01:51

Belarusda qamoqdagi blogerga qarshi yangi jinoyat ishi ochildi


Losik 2020 - yil iyunida bahsli prezident saylovlari ortidan boshlangan muxolifat namoyishlarini tashkillashtirishga ko‘maklashganlikda ayblanib hibsga olingandi

Rafiqasining aytishicha, yangi ayblovlarni eshitgan Igor Losik yana ochlik e’lon qilgan.

Ozodlik radiosida yangi media texnologiyalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan Losik tergovchi va advokat oldida o‘z tomirini kesishga urindi, deydi uning rafiqasi Darya advokat so‘zlariga asoslanib.

Yangi ayblovlar nimadan iboratligi hozircha noma’lum. Losikning rafiqasi Aleksandr Lukashenkodan eri nega to‘qqiz oydirki qamoqda o‘tirganini izohlashni talab qilmoqda.

Losik avvalroq o‘tgan yilgi bahsli prezident saylovlaridan keyin bo‘lgan namoyishlarni tashkillashtirishga ko‘maklashganlikda ayblangan edi. Qo‘shimcha ayblovlar Losik qamoqdagi olti haftalik ochlikni tugatgandan ikki oy o‘tib yangramoqda.

2 yoshli qizaloqning otasiga qo‘yilgan yangi ayblovlar haqidagi xabardan so‘ng, Ozodlik radiosi prezidenti Jeymi Flay Lukashenkodan uni ozod etib, oilasini bag‘riga qaytarishni so‘ragan.

“Ozodlik radiosidagi barchamiz Igorga nisbatan qo‘yilayotgan yangi ayblovlar va uning sog‘lig‘i yomonlashayotganidan qayg‘udamiz. Jurnalistika jinoyat emas va Igor anchadan beri nohaq hibsda saqlanmoqda. Igor va uning oilasi bunday qiynoqqa solinmasligi kerak”, deydi Flay.

Losik 2020 - yil 25 - iyunida hibsga olingan. U o‘zining mashhur Telegram-kanali orqali 9 - avgust kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari oldidan "jamoat tartibini buzishga" hamda "ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishga" chorlaganlikda ayblanmoqda. Agar mahkama Losikni aybdor deb topsa, u sakkiz yil ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Bu ayblovlarga norozilik sifatida huquqbonlar tomonidan siyosiy mahbus deb tan olingan Losik ochlik e’lon qilgan. Losik ochlikni 25 - yanvar kuni “o‘z ixtiyori” bilan tugatayotganini bildirgan edi. Advokatining aytishicha, Losik “unga nisbatan ko‘rsatilgan aql bovar qilmaydigan birdamlik to‘lqinidan boshi osmonga yetgan”. Aftidan, biroz o‘tib blogerning kayfiyati o‘zgargan. Belsat internet telekanalining ikki jurnalisti hibsga olingach, Losik qamoqdan chiqargan xat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

“Hafsalam pir bo‘ldi. Bu ahvol yana besh yil davom etsa, ungacha men ham o‘laman. Qo‘lim hech ishga bormayapti. Shuncha ish qilindi, hech narsa bo‘lmadi: odamlarga hech narsa ta’sir qilmadi. Tan olaman: biror narsa o‘zgarishidan shubhalanib qoldim”, deyiladi xatda.

Losik maktubida yozishicha, hukumatdan norozilar yo qamoqqa olinadi, yo xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

“Rossiya yana pul beradi va shu ahvol yana bir necha yil davom etadi. Men bunga o‘zimni tayyorlashim kerak deb o‘ylayman. O‘tgan sakkiz oy davomida haftasiga ahvol yomonlashib borayotgan bir paytda, yaxshi gumon va umid qilishdan charchadim", deydi Losik.

Losikning turmush o‘rtog‘i sud jarayonini ko‘rishini istamasligini aytgan. “Yaxshisi, meni otib tashlashsin, hammasi jonga tegdi”, deb yakunlaydi u maktubini.

XS
SM
MD
LG