Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2021, Тошкент вақти: 02:44

Belaruslik yengil atletikachi Timanovskaya Polshadan siyosiy boshpana so‘radi (VIDEO)


Belaruslik yengil atletikachi Timanovskaya Tokiodagi Haneda xalqaro aeroportida, 2021 - yil 1 - avgust

Terma jamoa rahbariyatini tanqid qilgani uchun Olimpiada o‘yinlaridan chetlatilgan belaruslik yengil atletikachi Kristina Timanovskaya Polshadan siyosiy boshpana berishlarini so‘rab ariza yozdi. Bu haqda Belarus sport birdamligi fondi vakili Aleksandr Opeykin “Nastoyashcheye vremya” telakanaliga so‘zlab berdi.

“Timanovskaya hozir Tokioda. U Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va matbuot bilan muloqot qilyapti. Polshadan siyosiy boshpana berishlarini so‘rab ariza bergan. Ahvoli yaxshi. Tushkunlikka tushgani yo‘q, bunaqa stress holati, bunaqa bosim nafaqat sportchi, umuman, har qanday kishiga og‘irlik qiladi. Ko‘pni ko‘rgan katta amaldorlar shu yoshgina qizga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lishgan”, deydi Opeykin.

Uning urg‘ulashicha, qiz “propaganda kanallarida tit-pitini chiqarib tanqid qilishgani uchun” Minskga qaytib borishdan xavfsiragan.

“Uni biron obyektiv va real sababga ko‘ra emas, balki sog‘lig‘ini bahona qilib yoki shunga o‘xshash bahona bilan musobaqadan chetlatishga urinishgan, bu g‘irt ma’muriy nayrang”, qo‘shimcha qiladi Opeykin.

Avvalroq internetda yengil atletikachi Kristina Timanovskaya bilan Belarusning Tokiodagi Olimpiada o‘yinlaridagi delegatsiyasi ikki a’zosining suhbati audioyozuvi yoyinlangan edi. Sportchi “Nastoyashcheye vremya”ga yozuvdagi ovoz uniki ekanini tasdiqladi.

Timanovskaya bilan suhbatda sport mulozimlari uning qilgan ishini “tentaklik” deb atab, u sababli “odamlar ishsiz qolishi mumkin”ligini, shu bois uyga qaytishi lozimligini uqtirishadi.

Bundan tashqari, qizga Olimpiadada ishtirok etish davri uchun kunlik xarajatlarga to‘langan pulni qaytarishni aytishadi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Timanovskaya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha to‘la-to‘kis tushuntirish berish talabi bilan Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasiga murojaat qildi. Bu haqda XOQ vakiliga tayangan holda “Nemis to‘lqini” radiosi xabar qilmoqda.

Unga ko‘ra, Timanovskaya ishiga yapon politsiyasi bilan bir qatorda BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari mahkamasi ham jalb qilingan.

Sport birdamligi fondi XOQdan internetga sizdirilgan audiodagi ovozlar egasi deb taxmin qilinayotgan Belarus milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yuriy Moisevich va RSOP direktori o‘rinbosari Artur Shumakni, shuningdek Belarus MOQ xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Vasiliy Yurchik hamda Belarus delegatsiyasi rahbari Dmitriy Dovgalyonoklarni sportdan butkul chetlatishni talab qildi.

Avvalroq Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi sprinter Kristina Timanovkayani “uning hissiy-ruhiy ahvoliga ko‘ra, vrachlar xulosasi asosida” Tokioda bo‘lib o‘tayotgan musobaqalardan chetlatgan edi. Sportchi qizni vataniga jo‘natib yuborish uchun majburan Tokio aeroportiga olib kelishganida u politsiyaga murojaat qiladi, politsiya esa uni xavfsiz joyga olib ketadi.

Bundan avval esa Timanovskaya belaruslik sport mulozimlarini tanqid qilgan. Uning aytishicha, estafetali yugurish bo‘yicha belaruslik chopag‘onlar jamoasi yetarli miqdorda doping-test topshira olmagani sababli ularga Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga ruxsat berishmagan. Belarus delegatsiyasi mutasaddilari esa bu kamchilikni 100 va 200 metr masofaga yugurmoqchi bo‘lgan Timanovskaya hisobiga to‘ldirmoqchi bo‘lganlar.

“Yevroradio”ning “Belarusga qaytishga qo‘rqasizmi?” degan savoliga Timanovskaya “Ha”, deb javob bergan. Sportchi, shuningdek, musobaqalardan chetlatilishi haqida qaror qabul qilinishidan oldin shifokorlar uni ko‘zdan kechirishmaganini qo‘shimcha qilgan.

XS
SM
MD
LG