Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:00

Bepisand, biryoqlama, haqoratomuz. Rus matbuoti Mirziyoyev safarini qanday yoritdi?


Putin qayta prezidentlikka saylangan Mirziyoyevni "murakkab va og‘ir yumushlar" kutayotganini aytgan.
Putin qayta prezidentlikka saylangan Mirziyoyevni "murakkab va og‘ir yumushlar" kutayotganini aytgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19 - noyabr kuni Rossiyaga amalga oshirgan tashrifi uning o‘tgan oy qayta prezidentlikka saylanganidan buyon ikkinchi xorijiy safari bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbari 12 - noyabr kuni Turkiy kengash sammitida ishtirok etish uchun Istanbulga safar qilgan edi.

Ammo Rossiya OAVlarining aksari O‘zbekiston rahbarining tashrifini prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy tashrif deya baholadi.

Mirziyoyev Putin bilan so‘nggi marta 2020 - yil yozida, Moskvada – koronavirus pandemiyasi sabab kechiktirilgan G‘alaba bayramida ko‘rishgan edi.

“Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qadrdon do‘sti kabi qarshiladi – mehmonni avval bag‘riga bosdi, so‘ng qo‘lini siqdi. Kremlda hamma ham bunday xushhol qarshi olinmaydi. Ijtimoiy masofa ham bir muddat chetga surildi”, – deb yozdi “Komsomolskaya pravda” gazetasi.

Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklagan Putin uni murakkab va og‘ir yumushlar kutayotganini ta’kidlagan, O‘zbekiston shunchaki yaqin qo‘shni emas, balki ittifoqchi ekanini urg‘ulagan.

“Kommersant’” nashri tashrifga doir maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2021 - yil yakunida 7 milliard dollarga yetishini “misli ko‘rilmagan” o‘sish deya baholadi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston yalpi savdo aylanmasining 18 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Ura.ru” axborot agentligi esa prezidentlar uchrashuvi haqidagi maqolani “Putin postsovet makonida muhim ittifoqchi yolladi” (“Putin zaverboval klyuchevogo soyuznika na postsovetskom prostranstve”) degan tagdor ma’noli sarlavha bilan chop etdi.

Maqolada aytilishicha, ushbu uchrashuv ortidan Rossiya postsovet makonida ikkinchi yirik bozorga kirish imkonini qo‘lga kiritayotir.

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Arkadiy Dubnov Putin Mirziyoyev bilan videoaloqa orqali emas, yuzma-yuz muloqot qilganini xayrixohlarcha munosabat ifodasi deb atagan. Ayni choqda, Kremlni norozi qilayotgan jihatlar ham borligini tan olgan.

“Hamkorlikning hozirgi darajasidan ko‘ngli to‘lmayotgan Moskva (O‘zbekistondan) Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo bo‘lishni talab qilmoqda. Toshkent fursat poylayotir”, – deydi A.Dubnov.

“Novosti” axborot agentligi tashrif doirasida 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolangani haqida muxtasar xabar chop etish bilan cheklandi.

"Xo‘jayin" va "xizmatchi"

Aktyor va teleboshlovchi Tigran Keosayanning “NTV” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Mejdunarodnaya pilorama” ko‘rsatuvida Putin–Mirziyoyev munosabati "xo‘jayin" va "xizmatchi" munosabati o‘laroq talqin etildi.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekiston rahbariga nisbatan teleekran orqali bepisand va haqoratomuz lavha berilishini Moskvaning ogohlantirishi, deb ataydi. Uning Feysbuk sahifasida yozishicha, Keosayan kabi ulkan propaganda mashinasining murvatlari Kremlning ma’qullovisiz O‘zbekiston yetakchisi sha’niga qarshi bir og‘iz ham nomaqbul gap aytmasligi kundek ravshan.

“O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu kabi haddan oshish, provokatsion chiqishlar bo‘yicha norozilik bildirishi shart”, – deydi A.Abduqodirov.

“Rossiya-1” davlat telekanalida namoyish etilgan “Moskva. Kreml. Putin” ko‘rsatuvida ham Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi yakuni bo‘yicha lavha namoyish qilindi. Reportaj muallifi Mirziyoyevni zo‘r berib, “o‘zimizning odam” deb uqtirishga urinadi. O‘zbekiston prezidentining BMT minbarida rus tilida ma’ruza qilgani ham Rossiyaga hurmat o‘laroq talqin etildi.

Maqom berilmagan tashrif

“Telegram”ning o‘zbekzabon platformasida tahliliy maqolalari bilan tilga tushgan “Platforma.uz” kanali rus matbuoti Sh.Mirziyoyevning Moskva tashrifini biryoqlama yoritdi deb hisoblaydi.

“Rossiya bizni qanday ko‘rishni istaydi: teng sherik hamkor yoki mustabid o‘lka?!” deb nomlangan maqolada yozilishicha, Kreml O‘zbekiston rahbariyati oldiga YeOIIga to‘laqonli a’zo bo‘lish shartini qo‘ymoqda.

“Bu galgi tashrifga ham uzoq tayyorgarlik ko‘rildi. Tashrif oldi Moskvada boshlangan ta’lim va media forumlarni kuzataturib, uning maqomi davlat yoki kamida rasmiy darajada bo‘ladi deb o‘ylagan edik. Ammo rasmiy Toshkentning avvalo o‘z manfaatlarini ustun qo‘yayotganini ko‘rib turgan Putin komandasi bu tashrifga hech qanday maqom bermadi”, – deydi muallif.

Мирзиёевнинг Москвага сафари муҳожирлар умидини пучга чиқарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:45 0:00

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning JSTga kirishga intilayotgani, AQSh va Yevropa, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirayotgani Kremlga xush kelmayotir.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Rossiya OAV Mirziyoyevning Moskvadagi muzokaralariga kamtarona o‘rin ajratdi. Safarning amaliy tashrif maqomiga tushirilgani ham Kremlning noroziligi belgisidir.

“Uchrashuv paytida aytilgan rasmiy ohanglar – ko‘tarinki. Lekin tashrif maqomi, protokol, o‘zaro so‘zlashuvlar xajmi va samimiyligida sovuqqonlik hukmrondek. Ayni paytda, ikki tomon ham ichki, chuqur vaziyatni rasmiylashtirishni, siyosiy tus berishni istamaydi. Iqtisodiy va gumanitar hamkorlik real oshmoqda, lekin siyosiy va geosiyosiy masofa biroz kengaygandek”, – deb xulosa qiladi K.Rabbimov.

XS
SM
MD
LG