Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:34

Bi-bi-si: Navalniyning “Putin saroyi” haqidagi ko‘p xulosalari hujjatlar bilan tasdiqlandi


Navalniyning “Putinning saroyi” nomli tadqiqot-filmi internet tarmog‘ida 19 - yanvar kuni paydo bo‘ldi.
Navalniyning “Putinning saroyi” nomli tadqiqot-filmi internet tarmog‘ida 19 - yanvar kuni paydo bo‘ldi.

Gelenjik yaqinidagi “Putinning saroyi” o‘laroq mashhur saroy majmuasining birinchi sohibi Rossiya prezidentining eski tanishi va “Ozero” kooperativi sobiq a’zosi Nikolay Shamalov bo‘lgan.

Biroq loyihaga daxldor odamlar uni shunchaki rasmiy mulkdor deb ataganlar, deyarli qurib bitkazilgan milliardlab rubl qiymatli ushbu qarorgoh sotuvidan unga atigi 4,9 mln tekkan.

Bi-bi-si rus xizmati o‘z ixtiyoridagi turkum ichki hujjatlarda shunday ma’lumotlar mavjudligi haqida xabar qilgan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, hujjatlar “davlatning saroy qurilishidagi muhim roli”ni ko‘rsatib, umuman, Aleksey Navalniyning yanvarda e’lon qilingan surishtiruvidagi ko‘p xulosalarni tasdiqlaydi. Muxolifatchi ushbu saroyning Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun qurilganini da’vo qilgandi.

Navalniyning “Putinning saroyi” nomli tadqiqot-filmi internet tarmog‘ida 19 - yanvar kuni paydo bo‘ldi. Aprel oyiga kelib Youtube’da u 115 million martadan ortiq tomosha qilindi.

Filmda Rossiya prezidentining Gelenjik yaqinidagi 68 gektar maydonni egallagan qarorgohi 2010 - yilda qurilgani, uning qiymati bir milliard dollardan ziyodligi, majmua hududida erosti muz saroyi, akvadiskoteka, konsert zali, cherkov, “choyxo‘rlik uyiga o‘tish uchun” 80 metrli ko‘prik hamda saroydan dengiz sohiliga eltuvchi lahm (yerosti yo‘lagi) mavjudligi ta’kidlangan.

Navalniy jamoasi ma’lumotiga ko‘ra, saroy qurilishi ofshor shirkat hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, unga Putinga yaqin tadbirkorlar “xayriya” pullarini o‘tkazib turganlar.

Vladimir Putin tadqiqotga izoh berarkan, saroy hech qachon uning nomida bo‘lmaganini va yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lmaganini aytdi. Navalniy jamoasi esa bunga javoban, saroyning rasmiy mulkdori bo‘lmish prezidentning qudasi Nikolay Shamalov ham, qurilish boshqaruvchisi va Putinning amakivachcha jiyani Mixail Shelomov ham amaldagi Oila kodeksiga ko‘ra rostdan ham yaqin qarindosh hisoblanmasligini urg‘uladi.

Keyinroq o‘zini saroy majmuasining sohibi deb Putinning eski tanishi, tadbirkor Arkadiy Rotenberg da’vo qilib chiqdi. U bu joyda apart-otel qurayotganini aytdi. “Rossiya-1” kanalining “saroy” haqidagi lavhasida u yerda qurilish yoki ta’mirlash ishlari bajarilayotgani ko‘rinadi.

XS
SM
MD
LG