2024-yilgi Olimpiya o‘yinlari muqaddimasida O‘zbekiston yozgi olimpiadalardagi birinchi oltin medalli qizini olqishlagan bo‘lsa, xotimasida o‘zbek bokschilari barcha mamlakatlar bokschilaridan ko‘proq oltin medalni qo‘lga kiritishib, 20 yil burungi Kubani yodga soldilar.
Ammo markaziy osiyolik kuzatuvchilar nazarida mazkur Olimpiadaning olamshumul g‘alabalar namoyishidan ko‘ra muhimroq jihati bor: u mintaqa xalqlari o‘rtasida do‘stlik ruhini uyg‘otdi.
“2024-yilgi Olimpiada chog‘ida Markaziy Osiyo xalqlari orasida ajoyib birlik hukm surdi. Bunaqasini ilgari ko‘rmaganmiz”, deb yozdi 11-avgust kuni Feysbuk tarmog‘ida 2014-2015-yillarda Qozog‘iston ta’lim vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Bermet Tursunqulova.
Tursunqulovaning postiga Parijda muxlislar Markaziy Osiyoning besh mamlakati bayroqlarini ko‘tarib turgani, o‘zbeklar kumush medal olgan qirg‘iz bokschisi Munarbek Seyitbek o‘g‘lini olqishlab, “Qirg‘iziston!” deya hayqirayotgani va Munarbek g‘olib raqibi – o‘zbekistonlik Abdumalik Xalokov bilan quchoqlashgani aks etgan fotosuratlar ilova qilingan edi.
Munarbek va Abdumalik 10-avgust kuni oltin medal uchun ringga chiqishdi, shu kuni ikki mamlakat o‘z tarixidagi eng qiymatli olimpiya medallarini qo‘lga kiritdi. O‘zbek bilan qirg‘iz do‘stlarcha quchoqlashib, bir-birining muvaffaqiyatiga xursand bo‘ldi. Ammo o‘tgan yillarda ikki mamlakat, ikki xalq munosabatlarida birmuncha sovuqchilik, dilxiraliklar kuzatilgan edi.
Mojarodan – hamkorlik va do‘stlikkacha
Dastlab geosiyosiy yaqinlashuv bo‘ldi.
Sakkiz yil muqaddam – Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng Toshkent bilan Bishkek munosabatlari xiyla keskinlashgan.
O‘zbek va qirg‘iz ishqibozlari sportchilarining zafar onlarini o‘zaro baham ko‘rish o‘rniga, internetni ikki mamlakatning chegara mojarolariga oid suratlarga to‘ldirib tashlaganlar.
Biroq Rio-de-Janeyro Olimpiadasi tugaganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonni uzoq yillar davomida idora qilgan avtoritar lider Islom Karimov insult bilan kasalxonaga yotqizilgan va o‘sha yerda vafot etgan.
O‘shanda u O‘zbekistonning Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalarini keragidan ortiqroq bayram qilib yuborgan, degan mish-mishlar tarqalgan edi.
Karimov o‘limidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, O‘zbekiston bilan qo‘shnilari orasidagi sovuqchilik yakun topdi.
Siyosiy yaqinlik sport sohasida ham aks etmoqdaki, bunga 2016-yildan keyin tomoshabinlar qo‘yilgan birinchi Olimpiya o‘yinlarida amin bo‘lingan (koronavirus cheklovlari tufayli Tokiodagi O‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tgan edi).
Birdamlik, do‘stlik tribunalardan tashqarida ham bo‘y ko‘rsatdi.
Munarbek Seyitbek o‘g‘li Olimpiada oltin medali uchun kurashgan birinchi qirg‘izistonlik o‘laroq tarixga kirdi.
Bunda esa unga O‘zbekiston boks terma jamoachi murabbiyi Akmal Hasanov ko‘maklashdi: Seyitbek o‘g‘lining o‘z murabbiyi noma’lum sabablarga ko‘ra Qirg‘iziston olimpiya delegatsiyasi tarkibiga kirmay qolgani uchun Hasanov finalga qadar barcha janglarda unga sekundantlik qildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi uchun o‘zbekistonlik murabbiy, tabiiyki, finalda Seyitbek o‘g‘li bilan ishlamadi, lekin jang oldidan unga chin ko‘ngildan omad tilab, o‘zbekcha chopon va do‘ppi hadya qildi.
“Munarbek, finalga chiqqaningdan faxrlanaman. Qirg‘iziston xalqi shunday natijalarga erishayotganidan xursandman. Kim kuchli bo‘lsa, g‘alaba o‘shaniki bo‘lsin!” dedi unga Hasanov.
Tojikistonda ham o‘zbeklarga muxlislik qilishdi
Yaxshi qo‘shnichilikni yo‘lga qo‘ygan O‘zbekistonning Olimpiya o‘yinlaridagi ulkan yutuqlari mintaqadagi boshqa xalqlarni ham quvontirdi, o‘zbek sportchilarining g‘alabalarini ular ham nishonladilar.
"Ozodlik" radiosining tojik xizmati muxbirlari Dushanbe shahri sport barlarida o‘zbek bokschilariga muxlislik qilishgani haqida xabar berishdi.
Sakkizinchi avgust kuni O‘zbekiston boks terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning to‘satdan yuragi to‘xtab qolganida barchani hayajon bosdi, unga shifo tilab duolar qilishdi.
O‘zbekistonning olimpiya boksi cho‘qqisini zabt etishiga katta hissa qo‘shgan murabbiyga Britaniya boks terma jamoasi shifokorlari tibbiy yordam ko‘rsatishdi, so‘ngra u Parijdagi kasalxonaga yotqizildi.
O‘zbekiston bokschilari jamoasining yulduzi Bahodir Jalolov o‘zining ikkinchi olimpiya medalini To‘lqin Qilichevga bag‘ishladi, uni “murabbiydan ortiq kishim, otamdek bo‘lib qolgan inson” deb atadi.
Olimpiadaning ilk kuni dzyudodan oltin medal olgach omad kulib boqmagan Qozog‘iston xalqi ham internetda o‘zbeklarning sportdagi yutuqlarini rosa maqtadi.
Shu bilan birga, qozoqlar 2023-yilda hukumat sportni rivojlantirishga 660 million dollar, ya’ni O‘zbekistonning sport byudjetidan uch baravar ko‘p mablag‘ ajratganini esga olib, mulozimlarini tanqid qilishdi.
Avvalgi Olimpiya o‘yinlarida qozog‘istonlik sportchilar ancha-muncha medal olishgandi.
Biroq jamoa Parijdan bitta oltin, uch kumush va uch bronza oldi, xolos. Medallar hisobida O‘zbekistondan 30 pog‘ona quyi – 43-o‘rinni egalladi. Bu Qozog‘istonning o‘z tarixidagi eng yaxshi olimpiada – 2002-yili Sidneyda bo‘lib o‘tgan O‘yinlarda ko‘rsatgan natijasidan 21 pog‘ona past.
Ikki kumush va to‘rt bronza medal olgan Qirg‘izistonni sportga ko‘p pul sarflayotganlikda ayblab bo‘lmaydi.
Parijda bronza medalga sazovor bo‘lgan yunon-rimcha kurashchi Uzur Juzupbekov jurnalistlarga intervyu berarkan, Qirg‘iziston olimpiya terma jamoasi shtatida na diyetologlar, na psixologlar borligini aytganida vatandoshlari dahshatga tushdilar.
Munarbekning o‘z murabbiyi shogirdining g‘alabasini oilasi bilan yashaydigan yotoqxonada nishonlayotgani aks etgan video tarqalganida ham qirg‘izistonliklar, murabbiydan farqli o‘laroq Parijga borishga imkon topgan mulozimlarni tanqidlarga ko‘mib tashlashdi.
Qo‘shni Tojikiston atletlari Olimpiadada uchta bronza medal olishdi: ikkitasini – dzyudoda va bittasini boksda. Bu ularning eng yaxshi natijasi, 2012, 2016 va 2020-yillardagi O‘yinlarda qo‘lga kiritgan jami medallaridan ham ko‘p.
O‘ta avtoritar Turkmaniston esa hech vaqo yuta olmadi – bu an’ana, og‘ir atletikachi Polina Gureva kumush medal olgan Tokio Olimpiadasini hisobga olmaganda, barcha O‘yinlarda davom etib kelmoqda.
Bunga mamlakat prezidenti Sardor Berdimuhamedov jim qarab turolmadi, albatta: “xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashgani va faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun” sport qo‘mitasi raisi Allaberdi Saparovga “qattiq hayfsan” e’lon qildi.
Maqola Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) jurnalisti Kris Riklton tomonidan yozildi