Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:13

Bitiruvchilarni ishga joylash o‘qituvchilar va ota-onalar zimmasiga yuklanmoqda


O‘zbekistondagi maktablarda o‘qituvchilar yoshlarning ish bilan ta’minlangani bo‘yicha hujjat to‘plashga jalb etilishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.
O‘zbekistondagi maktablarda o‘qituvchilar yoshlarning ish bilan ta’minlangani bo‘yicha hujjat to‘plashga jalb etilishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

O‘zbekistonning ayrim viloyatlaridagi maktablarda o‘qituvchilar bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani haqidagi hujjatlarni to‘plashga jalb etilmoqda.

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi maktab o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va boshqa hamkasblari bitiruvchilarning ishga joylashganligi haqidagi hujjatlardan tashqari, ishsiz yoshlarning ota-onalaridan farzandlarini ishga joylash to‘g‘risida tilxatlar olishga ham ko‘rsatma olganini aytdi.

“Tuman hokimi va Xalq ta’limi bo‘limi tinchgina ishlashimizga qo‘ymayapti. O‘tgan yili bitirgan maktab o‘quvchilarimizni ish bilan ta’minlash ham bizga yuklatildi. Biz ularni ish bilan ta’minlashga mas’ul emasmizku”, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan muallim.

Bundan oldin Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan maktab o‘qituvchilari ham ayni masalada Ozodlikka murojaat qilishgandi.

“Bitiruvchilardan ishga joylashgani haqida hujjatlarni to‘playapmiz. Joylasha olmaganlariga har kuni soliq idorasida o‘tirib, 10 ming so‘mdan to‘lov qilib, har biriga ish staji ochtirishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki bitiruvchi ishsiz qolsa, bizga gap tegadi”, - deb yozdi toshloqlik muallim.

Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi o‘qituvchilar bu ishga majburiy jalb etilmayotganini ta’kidladi.

“O‘qituvchilardan maktabni bitirganlar nima ish bilan band, shuni aniqlab berish so‘ralgan. Chunki ular har bir bitiruvchini, oilasini yaxshi biladi. Shunda ham majburiy bo‘layotgani yo‘q bu. Ish bilan ta’minlash masalasi bilan ular shug‘ullanayotgani yo‘q. Bandlik vazirligining zimmasida bu”, - dedi XTB mulozimi.

O‘zbekistondagi maktablarda o‘qituvchilar yoshlarning ish bilan ta’minlangani bo‘yicha hujjat to‘plashga jalb etilishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

O‘qituvchilarning asosiy ishi qolib, bandlikka oid ma’lumot to‘playotgani haqida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili esa Ozodlikning bu boradagi murojaatini o‘rganib, javob berishini bildirdi.

“Qayerda nima ish bo‘lsa, maktabni chiqarishdi”

O‘tgan yili hukumat majlisida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida mahalliy hokimliklarning dastyorlariga aylanib qolganini aytar ekan, mahalliy hokimlar va rahbarlar o‘qituvchilarni majburlab ishga chiqaradigan bo‘lsa, ular nafaqat ishdan olinadi, balki tegishli chora ko‘riladi, degandi.

“Qayerda nima ish bo‘lsa, maktabni chiqarishdi, poliklinikani chiqarishdi. Natijada bularning hammasi ta’lim sifatiga, sog‘liqni saqlash sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi”, -degan Aripov.

Bosh vazirning ogohlantirishiga qaramay joylarda o‘qituvchilar saylov bilan bog‘liq ishlardan tortib bandlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash singari majburiy mehnatning yangi va yangi turlariga jalb etilayotganliklarini aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan o‘qituvchilar buyruqni hokimlikdan olganliklarini aytishdi.

"Bu yerda hokim menman, mening gapim gap, deb o‘qituvchilarni mana shunaqa ishlarga jalb qilishadi. Saylov bir tomonda, buning ustiga bitiruvchilarning uylariga borib, ma’lumot to‘playapmiz. Tumanda yuz foiz hamma bola ish bilan band bo‘lishi shart ekan, - deydi Ozodlikka ismi ochiqlanmasligini so‘ragan urgutlik maktab o‘qituvchisi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim ota-onalar bu kabi amal o‘tgan yili ham bo‘lgani, o‘qishga kirolmagan bitiruvchilar ish beruvchidan ishga olingani haqida mehnat daftarchasiga muhr bostirib, keyin Rossiyaga ketib qolganliklarini aytishadi.

O‘tgan yili Namangan va Farg‘ona maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandimni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olingani haqida Ozodlik xabar bergandi.

“Beradigan puli yo‘lkiraga yetmaydi”

O‘zbekistonlik faol Abdusalom Ergashev xalq ta’limi bo‘limlarini nazorat qiluvchi joylardagi hokimliklar yoshlar bandligi masalasida o‘qituvchilar hamda ota-onalarga "noto‘g‘ri talab qo‘yayotgani"ni aytadi.

“Bu yildan shunchaki ishga joylandi, degan spravka o‘tmayapti. Pensiya jamg‘armasida qayddan o‘tish va mehnat daftarchasi ochish talab qilinyapti. Bolani ishga olgan odam pensiya jamg‘armasiga pul tushirib berishi kerak. Shuning uchun ishga joylash qiyin bo‘lyapti, ish yo‘q, ota-onalar qiynalib yurishibdi. Oyliklar juda oz. Beradigan puli transportga to‘lab, ishga borib kelishga yetmaydi.

Bu yerda ahmoqgarchilik shundaki, hokimlikdagilar statistikani to‘ldirish bilan ovora. Mana shuncha odamni ish bilan ta’minladik, deb hisobot beryapti. Qancha oylik oladi u bola, bu narsa yo‘q. Ish bilan ta’minlashdan maqsad ham yoshlarni moddiy ta’minlashku, axir. Agar maoshi transportiga etmasa, nima ma’no bunaqa bandlikdan?

Xalq ta’limiga ham noto‘g‘ri talablar qo‘yilyapti. Axir ular bandlik uchun mas’ul emasku”, - deydi Abdusalom Ergashev.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil umumta’lim maktablarini 437 ming 761 nafar o‘g‘il-qiz tamomlagan.

Shulardan 90 ming nafari oliy o‘quv yurtlariga, 80 ming maktab bitiruvchisi kasb-hunar kollejlariga qabul qilingan.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning birinchi yarmida ishsizlik darajasi o‘rtacha 9 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ko‘proqni tashkil qiladi. Bu aholining qariyb 55 foizi degani.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil oktabr oyida o‘tkazilgan hukumat majlisida mamlakatda 18−30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etishini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG