Линклар

Шошилинч хабар
25 июл 2024, Тошкент вақти: 02:47

"Biz ruslar emasmiz, o‘z tilimiz va tariximiz bor". Boshqirdlar nega bosh ko‘tardi?


Ufa, Boshqirdiston, 19-yanvar, 2023.
Ufa, Boshqirdiston, 19-yanvar, 2023.

Boshqirdistonda davom etayotgan norozilik – shaxsiy, mahalliy va milliy siyosat qorishmasi naqadar xavfli ekanini ko‘rsatmoqda. Ukrainaga qarshi urush sharoitida Vladimir Putinning o‘ta markazlashgan tizimi bu qorishmani nazorat qila olmay qolishi mumkin.

19-yanvar kuni qalin kiyinib olgan yuzlab odam, ko‘plar – yosh bolalari bilan – respublika poytaxti Ufa shahri ko‘chalariga chiqdi. Havodan tarang bir kayfiyat hidi kelardi.

OMON odamlarni tarqalishga chaqirib, aks holda ruxsat etilmagan namoyish ishtirokchilari sifatida qo‘lga olish bilan po‘pisa qilganida shunday javob berdilar: “Biz sayyohlarmiz, haykallarni tomosha qilib yuribmiz”.

Yelkasiga “kara xalik” (o‘zb. “qora xalq”) deb yozilgan yosh ayolni ushlab, nariroqda qantarilgan avtobus tomonga sudrab ketishdi. Boshqirdiston bayrog‘ini ko‘targan erkak ham tezda kishanlandi.

Ufadagi ushbu chiqish poytaxtdan 400 chaqirimdan ziyod yo‘ldagi Baymak shahrida boshlangan norozilikning davomi bo‘ldi. Odamlar respublikada yashovchi milliy ozchiliklar, boshqird xalqi tili va madaniyati himoyachisi jamoat faoli Fail Alsinov ustidan bo‘lib o‘tgan sud natijasiga shu tarzda munosabat bildirdilar.

17-yanvarda Baymak sudi binosi oldida Alsinovning bir necha ming tarafdori to‘plandi. Shu kuni u “qora xalq” iborasi qo‘llangan nutqi uchun “nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish”da ayblanib, to‘rt yil qamoqqa hukm etildi. Bir kun oldin esa Alsinov hukumatning “ekstremistlar va terrorchilar” ro‘yxatiga tirkalgan edi.

Protest Kremlga qarshi qaratilmagandi. U Boshqardiston rahbari Radiy Xabirovdan norozilik ifodasi edi ko‘proq. Xabirov bu lavozimga 2019-yilda shubhali saylov natijasida kelgan, avvalroq esa uni Putin respublika yetakchisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlagandi. Alsinov ustidan birinchi bo‘lib Xabirov shikoyat yozdi va uni “xoin” deb atadi. Baymakdagi namoyishchilardan ayrimlari bizning nomimizdan mojaroga aralashing, deya Putinga murojaat qilgan edilar.

Tahlilchilar Alsinov ishini Rossiya o‘ta markazlashgan avtoritar tizimi ichidagi chuqur norozilik qatlarini ochib tashlagan trigger o‘laroq yo‘rimlashmoqda. Ular bo‘layotgan voqealarda – 2022-yilda Eron politsiyasi Mahsa Aminiy ismli yosh ayolni o‘ldirishi ortidan mamlakatni qamrab olgan va islomchilar rejimi barqarorligini xavf ostiga qo‘ygan ulkan norozilik to‘lqini aksini ko‘radilar.

“Alsinov – tasodifiy figura. Bu yerda shaxs unchalik muhim emas, uning o‘rnida har kim bo‘lishi mumkin. Voqealarda xalqning to‘planib qolgan alamlari va rejim zaiflashayotgani hissi hal qiluvchi rol o‘ynamoqda”, deydi 2010-2014- yillarda Boshqirdiston rahbari bosh yordamchisi bo‘lib ishlagan siyosatshunos Abbos Gallyamov.

Norozilik Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini manzarasida kechayotgani diqqatga sazovor. Zero, xalq orasida urushning eng og‘ir yuki asosan rus bo‘lmagan etnik guruhlar, jumladan boshqirdlar zimmasiga tushyapti, degan fikr kun sayin kuchaymoqda.

Moziyga qaytib...

2018-yilda respublika rahbari etib tayinlangan Xabirovning ilk qadamlaridan biri Boshqirdiston soda shirkatiga Qushtau tog‘ida bo‘r qazib olishga ruxsat berish bo‘lgan edi. Bu tog‘ boshqirdlar e’zozlab shixan deb ataydigan va ko‘plab milliy afsonayu rivoyatlarga kirgan tepaliklar zanjiri halqalaridan hisoblanadi. Boshqirdistonda dastlab to‘rtta shixan bo‘lgan, ulardan biri sovet davrida minalab portlatilgan.

Boshqird milliyatchi tashkilotlari, xususan “Ko‘k bo‘ri” va “Boshqurt” Qushtauni himoya qilib ommaviy norozilik uyushtiradi, bu norozilik 2020- yil avgustda eng yuqori nuqtaga yetadi.

“16-avgustda 10 mingga yaqin erkak yetib kelib, quruq qo‘l bilan to‘siqlarni qo‘porib tashladi va omonchilarni supurib tashlab, tog‘ni jismonan egallab oldi. Natijada Moskva aralashishga majbur bo‘ldi, Xabirovga xalq huzuriga borib, til topishishga buyruq berildi. Shu tariqa g‘alaba qozondik, Qushtau va boshqa barcha shixanlar tabiiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritildi”, deya eslaydi Alsinov bilan birga ishlagan va 2021-yilda Rossiyani tark etgan sobiq faol Ruslan Gabbasov.

Biroq Xabirov boshqird tashkilotlari va faollariga qarshi qatag‘on boshlaydi. Butun respublikada o‘z shu’balariga ega bo‘lgan, ko‘plab muammolarni hal etishga yordam bergan “Boshqurt” tashkiloti taqiqlanadi.

“Ишсизлик, иложсизлик ё рақобат". Россиядаги муҳожирлар нега муштлашади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:13 0:00

2020-yil avgustda jamoat faoli Ayrat Dilmuhametov “Rossiya hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan chaqiriqlari” uchun 9 yilga qamaladi. 2018-yilda u nutqlaridan birida milliy respublikalarga ko‘proq muxtoriyat berilgan “chinakam” Rossiya Federatsiyasini tuzish kerakligini aytgan edi – o‘sha so‘zlari o‘ziga ayblov qilib “yopishtirildi”.

“Xabirov Boshqirdiston siyosiy maydonida yolg‘iz o‘zi qolish uchun milliy faollarni qasddan ta’qib qilmoqda”, deydi Gabbasov.

“Fail Alsinov boshqird xalqining ozodlikdagi so‘nggi etakchisi edi. Ha, u hukumatga noqulaylik tug‘dirayotgandi, ayniqsa Xabirovga”, deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Qonuniy norozilikka yo‘l yo‘q

Alsinovga hukm o‘qilganidan so‘ng taniqli boshqird xonandasi Altinay Valitov uni qo‘llab-quvvatlab video e’lon qildi. Videoda shunday so‘zlar bor: “Hukumat faqat bitta xalqni ko‘radi – ruslarni. Propaganda “biz ruslarmiz” deb jar solmoqda. Boshqirdlarni “Biz ruslarmiz” shiori ostida to‘p-to‘p qilib o‘limga yo‘llashayotir. Ukrainani denatsifikatsiya qilishayotgan emish. Lekin biz ruslar emasmiz. Biz boshqirdlarmiz – ming yillik tarixiga, madaniyati, urf-odatlari va tiliga ega xalqmiz. O‘z tuprog‘iga ega xalqmiz – Fail shu muqaddas narsalarni himoya qildi”.

Xonanda odamlarni butun Boshqirdiston bo‘ylab mahalliy hukumat binolari atrofida namoyish qilishga chaqirdi.

Ertasiga Valitov Ufadagi uyiga politsiya kelganini ma’lum qilib, yordam so‘rab chiqdi. Keyinroq kuchishlatar xodimlar ketishganini bildirdi, lekin o‘shandan keyin tashqi dunyo bilan aloqaga chiqqani yo‘q.

Valitovning munosabati, aftidan, Boshqirdistondagi norozilik va protestlar sabablari chuqurroqligini, bu voqealar yanada keng yoyilish potensialiga egaligini ko‘rsatadi.

“Odamlar o‘zlarini xo‘rlangan, oyoq osti qilingan deb his etishmoqda. Chunki ularda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy vosita yo‘q. Halol saylovlar, rostgo‘y OAVlar, adolatli sudlar yoki tinch namoyishlar qilishning konstitutsion kafolatlari yo‘q”, deydi rossiyalik siyosatshunos Dmitriy Oreshkin.

Biroq, ekspertga ko‘ra, norozilikning birlamchi manbai bu Ukrainadagi urushdir.

“Eng katta talafotlarni Buryatiya, Tuva, Dog‘iston kabi regionlar ko‘ryapti. Bu millatlararo munosabatlarni keskinlashtirishi tabiiy”, deydi Oreshkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainada jang qilayotgan boshqird askarlari Alsinov va uning tarafdorlariga dalda berayotgani aks etgan videoroliklar allaqachon tarqalmoqda.

Roliklardan birida bir guruh askar Rossiya hukumatiga qarata shunday deydi:

“Xalqimizga, ota-onalarimiz qarshi ishlaringizni to‘xtating, aks holda biz frontdagi pozitsiyalarimizdan chekinib, sizlarni izlab boramiz. Urushni istayotgan bo‘lsangiz, istaganingizni olasiz”.

XS
SM
MD
LG