Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:23

“Bizni sindirishmoqchi”. Eksportchi korxona Ekologiya qo‘mitasini “bosqin”da ayblamoqda


Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy ekologlar chiqindilar turi va miqdorini jiddiy xatoliklar bilan hisoblagan.
Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy ekologlar chiqindilar turi va miqdorini jiddiy xatoliklar bilan hisoblagan.

Shu yilning 20 - avgust kuni Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining “Mili Guliston textile” shirkatiga qarshi mahkama da’vosini ko‘rib chiqishni boshladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining mahalliy boshqarmasi viloyatdagi 5 ta eksportyor korxonaning biri bo‘lgan “Mili Guliston textile”ni atrof-muhitga zarar yetkazganlikda ayblamoqda.

2021 - yil 17 - iyuldagi “Kompensatsiya to‘lovlarini undirish haqida” gi da’vo arizasiga ko‘ra, korxona tabiatga ishlab chiqarish jarayonida 226,3 million so‘m zarar keltirgan.

Korxona ma’muriyati esa mazkur da’voni ishlab chiqarishni sindirish, eksportyorlarga nisbatan bosim hamda “mamlakat hukumati siyosatiga sabotaj” o‘laroq baholamoqda.

Mahkama ochiq, unda inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va iqtisodiy mojaroning taraflari ishtirok etmoqda.

“Mili Guliston textile” - salohiyatli eksportchi

“Mili Guliston textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati toshkentlik tadbirkor Shavkat Jalilov tomonidan ta’sis etilgan 5ta shirkatdan biri. Unda paxta xomashyosidan ikkilamchi mahsulotlar tayyorlanib, Xitoy, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Turkiyaga eksport qilinadi.

Yillik eksport hajmi 6 million AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan mazkur shirkat Sirdaryo viloyatidagi 5-6 nafar turdosh tadbirkorlik subyektlaridan biri bo‘lib, uning viloyat ishlab chiqarishidagi ulushi o‘ziga xos.

Katta Toshkent-Termiz traktining Sirdaryo viloyati hududidan o‘tuvchi qismidagi mazkur korxona 2007 - yilda tashlandiq binolar kompleksini sotib olgan. Qayta ta’mirlab, bir necha gektar maydonda ishlab chiqarishni yo‘lga yo‘ygan.

Prezident yelkasiga 225 marta minishga loyiq tadbirkor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 - yili mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi majlislaridan birida ikki nafar vatandoshni ish bilan ta’minlagan tadbirkorni yelkasida ko‘tarib yurishga tayyorligini bildirgandi.

“Mili Guliston textile” ma’suliyati cheklangan jamiyatida 450 nafar ishchi-xizmatchi 4 smenada faoliyat olib boradi. Mahalliy shahar va tumanlardan yollagan ishchilar issiq ovqat va umumiy transport bilan ta’minlangan.

Shirkat rahbariyatining Ozodlikka aytishicha, korxona yaqin istiqbolda o‘z mablag‘lari va kredit evaziga ishlab chiqarishni bir necha barobarga oshirmoqchi. Eksport ko‘lami va mahsulot bozori kengaytiriladi.

“Daromadga ko‘z olaytiruvchilar paydo bo‘ldi”

Tadbirkorlar Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi shu yilning 10-12 - may kunlari “Mili Guliston textile”ga tekshiruv niqobida o‘ziga xos “bosqin” uyushtirganini iddao qilmoqda.

Tekshiruvchilar esa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.10.2018 - yildagi “Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 820-sonli qarori talablarini bajarish maqsadida taftish boshlaganini aytadi.

Boshqarma nozirlari o‘tkazilgan mazkur tekshirish jarayonida 2018-20 - yillar uchun tabiatga keltirilgan zarar va chiqindilar uchun kompensatsiya hisobotlarini taftish qilib, korxonaning atrof-muhitga 226,3 million so‘mlik zarar keltirganini aytishmoqda.

Ekologlar iddaosicha, “Mili Guliston textile” Guliston shahar kanalizatsiyasi tarmog‘iga mamlakat hukumati tomonidan belgilangan me’yordan yuqori zaharli chiqindilar chiqarmoqda. Shuningdek, oqova suvlar va maishiy chiqindilar miqdori ham yuqori.

“Kurakda turmaydigan” da’vo

“Mili Guliston textile” ma’muriyati iddaosicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarorida tabiatga chiqariladigan chiqindilarning kvalifikatsiyasi va o‘ziga xos turlari aniq-tiniq ko‘rsatilgan.

Masalan, paxta xom ashyosidan chiqadigan chiqindilar notoksik (zaharsiz) chiqindilar turiga kirishi hujjatda aniq belgilangan. Ekologlar esa me’yoriy hujjatlarni inobatga olmasdan chiqindilar turi va miqdorini jiddiy xatoliklar bilan hisoblagan.

“Oqova suv tarkibini tekshirish uchun korxonamizning maishiy axlat to‘planadigan hovuzlaridan namuna olingan. Holbuki, o‘rnatilgan tartib-qoidaga muvofiq, namunalar korxona oqova suvlarining zovurlarga quyiladigan qismidan olinishi kerak. Chunki oqova suvlari bir necha bosqichda filtrlanadi”, deydi tadbirkor Shavkat Jalilov.

Korxona ma’muriyatining iddaosicha, Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari prezident siyosatini sabotaj qilib, soxta ayblov bilan tadbirkorni sindirish payida.

Sudda raislik qiluvchi sudьya Yuldashev Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillarining dalolatnomalari, me’yoriy hujjatlar va zarar ko‘lamini belgilashdagi tushunmovchiliklarni savol ostiga oldi.

27 - avgustga korxonada sayyor sud belgiladi. Taraflarni voqea joyida to‘plash, zarar ko‘lamini belgilashda mutaxassislar xulosasini olish borasida ajrim chiqardi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida audio-video yozuvlarni amalga oshirishga ruxsat berdi.

20 - avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tadbirkorlar bilan uchrashdi, xuddi shu kuni Sirdaryoda “Mili Guliston textile” ustidan sud boshlandi.
20 - avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tadbirkorlar bilan uchrashdi, xuddi shu kuni Sirdaryoda “Mili Guliston textile” ustidan sud boshlandi.

Huquq faollari tadbirkor tarafda

Guliston tumanlararo iqtisodiy sudida tadbirkorlik subyektining tabiatga yetkazgan ziyoni borasidagi Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi da’vo ishi ko‘rilishida ishtirok etayotgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faollari ishning tadbirkor foydasiga hal bo‘lishiga umid qilmoqda.

Jamiyat faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tekshiruvlar jarayonida jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘ygan. Xulosalar xomaki tasavvur va tartibsiz hisob-kitoblarga asoslangan.

Huquq faoli tadbirkorlik subyektlari faoliyati hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan paytda “Mili Guliston textile” manfaatlariga Prezident huzuridagi Biznes-Ombudsmanning loqaydligidan taassufda ekanini aytadi.

“Mili Guliston textile” egasi xavotirda

Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yaqin o‘tmishda amalga oshirilgan reyderlik hujumlarini eslarkan, “Mili Guliston textile” shirkati ta’sischisi Shavkat Jalilov o‘zining tadbirkorlik faoliyatidan xavotirda ekanini ta’kidlaydi.

Uning ta’sischiligida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatlarida yana 4 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari mavjud..

“Birgina ekologlarning gardanimizga shuncha millionlik o‘lponlar osganini butun viloyat rahbariyati ko‘rib turibdi. Lekin hech kim amaliy yordam bermayapti. Sudning adolatli qaror chiqarishidan umid qilib turibmiz, prezidentga ishonamiz”, deydi Shavkat Jalilov.

20 - avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tadbirkorlar bilan uchrashdi. 6 soat davom etgan uchrashuv jarayonida prezident tadbirkorlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Xususan, soliq stavkalari, kreditlar, subsidiyalar va yer bilan ta’minlash borasida islohotlar qilishini ta’kidladi.

Xuddi shu kuni Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi tabiatga yetkazilgan zarar borasidagi Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining qarorini bajarishdan bosh tortgan tadbirkor o‘rtasida sud jarayoni boshlandi.

XS
SM
MD
LG