Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:51

"Biznikilar xijolat..." Tarmoqlar Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlari va O‘zbekiston TIVning jimligi haqida


O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing chiqishi atrofida Rossiya bilan yuzaga kelgan diplomatik mojaro borasida sukut saqlamoqda.

14-fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qudratxo‘janing O‘zbekistonda yashayotgan va o‘zbek tilini bilmaydigan rusiyzabon aholi haqida aytgan so‘zlari yuzasidan Moskvadagi o‘zbek elchisiga norozilik bildirgandi.

Moskva Sherzodxon Qudratxo‘janing o‘zbek tilini bilmaydiganlar «bosqinchi» yoki «ahmoq» ekanini o‘zlari hal qilishlari kerakligi haqida aytgan so‘zlarini «o‘ta haqoratli va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb atagan va O‘zbekiston hukumatidan izoh talab qilgan.

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi va O‘zJOKU rektori lavozimida ishlab kelayotgan Sherzodxon Qudratxo‘ja YouTube platformasidagi AlterEgo kanaliga bergan intervyusida Karl Marksga iqtibosan bir mamlakatda uzoq yil yashab, uning tilini o‘rganishni istamagan kishilarni “bosqinchi yoki ahmoq” ekani haqida gapirgan.

Qudratxo‘janing o‘zi Moskvaning g‘azabiga sabab bo‘lgan so‘zlari yuzasidan qo‘shimcha izoh bergani yo‘q, ayni paytda tarmoq faollari rasmiy Toshkent qanday javob berishi mumkinligini tusmollashmoqda.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini jur’atsizlik va harakatsizlikda ham ayblashgan.

"O‘zbekiston rasmiylari mum tishlab o‘tirgani xavotirli. Rossiya tomoni O‘zbekistondan bir o‘zbekistonlikning O‘zbekistondagi masalaga doir bir shaxsiy fikri yuzasidan rasman izoh talab qilyapti hamki, bizning rasmiylar hozircha jim. Agar rasmiy izoh beriladigan bo‘lsa, agar shu shov-shuv ortidan Qudratxo‘ja u yoki bu ishidan ketadigan bo‘lsa, yana urdi Xudo", deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

Rusiyzabon bloger Nikita Makarenko o‘zbek tilida post yozdi:
“Agar biz, o‘zbekistonliklar, barchamiz o‘zbek tilida gapirishni va yozishni boshlasak, Rossiya TIV hech narsani tushunmaydi. U yerda hech kim bizning tilni bilmaydi. 100 bloger o‘zbek tilida yozadi, hech qanday reaksiya bo‘lmaydi. Elchixonada, ehtimol, Mirobod bozoriga ham tarjimon bilan borishadi. Boshqa elchilar kamida “simvolicheski” hurmat belgisini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Dars oladilar, o‘zbek tilida gapirishadi. Faqat “shimoliy” diplomatlarga bu o‘z qadr-qimmatlaridan past deb hisoblanadi”.

“Fayzbog‘” kanali

“Bu ketishda eng yaqin strategik hamkori hisoblangan Markaziy Osiyo davlatlarini ham o‘ziga ashaddiy dushman qilib oladi bular. Toki mana bunday imperialistik ritorikalaridan voz kechishmas ekan, zamonaviy Rossiya yakkamoxov bo‘lishga mahkum”.

Platforma.uz

“Sherzodxon Qudratxo‘ja hodisasiga oid diplomatik munozaralar hali oxiriga etgani yo‘q. Biz istardikki, endi bo‘yin egmaslik kerak. Tizzalarimiz bir marta qaltiramasligi, boshimizni baland tutmog‘imiz kerak. Abdulaziz Komilov “varianti” endi qaytarilmasligi kerak! Zotan, biz ham, Qudratxo‘ja ham gunoh ish qilgani yo‘q. U so‘ragan bo‘lsa, o‘zining, millatining haqqini so‘radi!”

Bakiroo

“Kremlning doimiy xatosi, ularning chirigan imperiya kibri shunchalikki, postsovet o‘lkalarida milliy tildagi kontentlarni umuman kuzatishmaydi, nazar pisand etishmaydi. Ukrainada bizni non va tuz bilan kutib olishadi, degan xomxayol ham shu kontekstda shakllangan.
Biz haqimizdayam shunday qarashi bor. Qudratxo‘jaga nisbatan O‘zbekistonda ijtimoiy qo‘llov yo‘q, u marginal, deb nafaqat umid qilishmoqda, jiddiy o‘ylashmoqda va o‘ylashaversin. Bu ularni yangi va yangi xatolarga yo‘naltiraveradi.
O‘zbekistonda milliy davlatchilik va milliy o‘zlik himoyasiga nisbatan kuchli ijtimoiy zehniyat mavjud. Har bir yo‘q joydan uyushtirilgan ekstsess bu zehniyatni zaiflashtirmaydi, qaytanga konsentratsiyasini oshirib, mustahkamlayveradi”.

Xushnudbek.uz

Qiziq, elchimizni taklif qilishmabdi, balki chaqirishibdi. Butun boshli "O‘zbekistonni bosib olaylik" degan ahmoqning gapidan keyin bizning TIV Rossiya elchisini taklif qilgan edi. Kim bilsin, balki biznikilar o‘shanda xijolat bo‘lib, uzr ham so‘rashgandir...

...biznikilar ham xuddi ruslarning o‘zi kabi javob berishi kerak: Sherzodxon Qudratxo‘janing fikri o‘zining shaxsiy pozitsiyasi bo‘lib, so‘z va fikr erkinligidan foydalanyapti. Bu fikrlar Toshkentning rasmiy pozitsiyasini anglatmaydi. Tamom. Yetadi.

O‘zJOKU rektorining so‘zlari rossiyalik propagandachilarning O‘zbekistonga qarshi qaratilgan qator bayonotlari ortidan yangramoqda.

2023-yil 20-dekabr kuni yozuvchi va jamoat arbobi Zaxar Prilepin O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish da’vosini ilgari surdi. Rossiya elchisining O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga “taklif etilishi” bilan yakunlangan mojaroning hovuri hali bosilmay, 22-yanvar kuni tarixchi Mixail Smolin NTV telekanali efirida o‘zbeklarning millat sifatidagi ko‘p asrlik tarixini shubha ostiga oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni o‘tgan yig‘ilishda “bosimlar” ortidan mamlakat uchun manfaatli bo‘lgan “to‘g‘ri yo‘lni topish” oson bo‘lmayotganini aytgan edi.

Mirziyoyev “ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tgani"ni ta’kidlagan, ammo alohida bir davlat nomini tilga olmadi.

XS
SM
MD
LG