Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:11

Bloomberg: Tolibon nazoratidagi Afg‘onistonda burqa bozori chaqqonlashdi


Burqa kiygan afg‘on ayollari-Kobul, 31 - iyul, 2021
Burqa kiygan afg‘on ayollari-Kobul, 31 - iyul, 2021

Yakshanba kuni Tolibon Afg‘oniston poytaxti Kobulga kirib borar ekan, universitet domlalari talaba qizlarni to‘plab, «biz boshqa uchrashmasligimiz mumkin», deya ular bilan xayrlashgan. Dahshatga tushgan talablar bilan bir qatorda ularning o‘qituvchilari ham evakuatsiya qilingan, oliygohlar, maktablar, do‘konlar va ofislar yopilgan.

“Bloomberg” agentligi muxbiri Rut Pollard Kobul universitetining 22 yoshli talabasi Oysha Xurram bilan telefon orqali suhbatlashgan. O‘qishni tamomlashiga atigi ikki oy qolgan Xurram:

«Aftidan, endi men hech qachon o‘qishni tamomlay olmayman», degan.

Xurramning so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni Tolibon qo‘liga o‘tgan Hirot shahrida oliygohga borgan qizlarni qaytarib yuborishgan.

«Ta’lim tizimi qulamoqda», degan Xurram.

Bu orada Afg‘oniston viloyatlarida burqa do‘konlari qayta ochilmoqda va Tolibonning oldingi hukmronligi ramziga aylangan paranjilar qimmatbaho buyumga aylana boshlagan.

«Men oldingi Tolibon davrini boshdan kechirmagan ko‘plab ayollar “biz bu zulm libosini kiymaymiz”, deyayotganiga guvoh bo‘lmayapman. Afg‘onistondagi yosh avlod ayollarga nima bo‘ladi, bilmayman. Ular orasida kompyuter kodini yozadiganlar bor edi. Shunday o‘tkir edilar. Endi ular nima bo‘larkan, deb uyda o‘tirishibdi», degan Xurram.

Tolibon Afg‘onistondan AQSh harbiylarini olib chiqib ketishni yakunlashidan oldin mamlakatning aksar qismini, oltita qo‘shni davlat bilan chegara o‘tish joylarini va poytaxtni qo‘lga oldi.

Avvalroq minglab afg‘onistonlik Tolibon bosib olgan viloyatlardan Kobulga qochib borgan edi. Ekstremistik guruh o‘z nazoratiga olgan hududlarda odamlarni qatl etayotgani, erkaklarga soqol olish, qizlarga esa maktabga borish taqiqlangani haqida xabarlar kelib tushmoqda.

Pollard butun dunyodagi boshqa jangari guruhlar kabi Tolibon ham yosh yigitlarni o‘z saflariga qo‘shilishga chorlab, bosim o‘tkazayotganini aytdi. «1990-yillarga qaytdik», deb yozdi muxbir.

Jiddiy xavf va tahdidlarga qaramay, ko‘plab afg‘onlar o‘z o‘ylarini izhor qilishda davom etmoqda. Kobuldagi Afg‘oniston Amerika universiteti o‘qituvchisi Muska Dastagir «Twitter»da Tolibon vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilgan.

«Afg‘onlar qurbon bo‘lishdan charchadi. Afg‘onistonlik ayollar yashirinmaydi. Biz qo‘rqmaymiz», deb yozgan Dastagir Tolibon muzokaralar qo‘mitasi a’zosi Suhayl Shoxinga.

«Butun dunyoning e’tibori Afg‘onistonga, Kobulga, Tolibonga va ular qilayotgan ishlarga qaratilgan».

Tolibon AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika harbiylari 11 - sentabrgacha olib chiqib ketilishini e’lon qilganidan so‘ng, jangovar harakatlarni kuchaytirgan edi. Keyinroq Bayden AQSh harbiylari Afg‘onistonni 31 - avgustgacha tark etishini aytgan.

AQSh harbiylari 2020 - yilda sobiq prezident Donald Tramp davrida Tolibon bilan imzolagan bitimga binoan mamlakatdan olib chiqib ketildi.

Tolibon yutuqlari tufayli xorijiy kuchlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgani keskin tanqidga uchramoqda. Pollard o‘z maqolasida ushbu muvaffaqiyatsizlik Vashingtonning diplomatik obro‘siga jiddiy putur yetkazgan deydi.

XS
SM
MD
LG