Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:49

BMT Oliy komissari: Tolibon bolalarni askarlikka yollamoqda va tinch aholini qatl qilmoqda


Afg‘onistonlik yigit Tolibon oliy qo‘mondoni Mulla Haybatutlloh Oxundzoda posteri va Tolibon bayroqlarini sotmoqda - Kobul, 24 - avgust, 2021
Afg‘onistonlik yigit Tolibon oliy qo‘mondoni Mulla Haybatutlloh Oxundzoda posteri va Tolibon bayroqlarini sotmoqda - Kobul, 24 - avgust, 2021

Tolibon Afg‘onistonda bolalarni o‘z tomoniga og‘dirib olmoqda, tinch aholini qatl qilmoqda va ayollarning huquqlarini cheklamoqda, deya bayonot berdi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet. BMT Inson huquqlari kengashining shoshilinch sessiyasi 24 - avgust kuni Jenevada bo‘lib o‘tdi.

Bachelet xonimga ko‘ra, qator mamlakatlarda taqiqlangan radikal harakat jangarilari insonning tamal huquqlarini jiddiy buzayotganiga doir ishonchli hisobotlar Kengashga muntazam kelib turibdi. Bu hisobotlarda, asosan, tinch aholi va Afg‘oniston hukumati sobiq harbiy xizmatchilarining sudsiz qatl etilishi, ayollar huquqlarining cheklanishi, jumladan, ularning erkin yurish huquqi va qizlarning maktabda o‘qish huquqi taqiqlanishi kabi holatlar haqida so‘z boradi.

“Toliblar bolalarni o‘z tomoniga og‘dirib, askarlikka yollayapti, tinch norozilik chiqishlarini bostirmoqda”, deb ta’kidladi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari.

“Мен уларга ишонмайман”: Афғонистонлик аёллар Толибон ваъдаларига шубҳа билан қараяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:03 0:00

Mishel Bachelet inson huquqlarini buzish bilan toliblar ham xalq nazarida, ham mintaqaviy va xalqaro institutlar, shuningdek, boshqa davlatlar ko‘z o‘ngida o‘z legitimligiga putur yetkazayotganini aytdi.

Bachelet xonim BMT Inson huquqlari kengashini Afg‘onistondagi vaziyatni monitoring qilish va Tolibonning o‘zi bergan va’dalarni bajarishini kuzatib borish uchun maxsus mexanizm ishlab chiqishga chaqirdi.

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng toliblar etnik va diniy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishga va’da bergan edi. Shuningdek, ular hukumat yoki xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilganlarni qatag‘on qilishdan tiyilish majburiyatini zimmalariga olgan. Qolaversa, ular ayollarning mehnat qilish huquqi va qizlarning maktabda o‘qish huquqi shariat qonunlari doirasida hurmat qilinishini ta’kidlaganlar.

Mishel Bachelet o‘z nutqida shularni birma-bir eslatar ekan, mazkur majburiyatlar amalda bajarilishi uchun butun javobgarlik toliblar zimmasida ekanini aytdi.

Avvalroq OAV toliblar AQSh va NATO mamlakatlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni izlay boshlagani haqida xabar qilgan edi. Jangarilar uyma-uy yurib, yashirinishga ulgurganlarning qarindoshlariga tahdid qilmoqda. BMT ma’lum qilishicha, Tolibonda G‘arb koalitsiyasi bilan hamkorlik qilgan odamlarning ro‘yxati bo‘lishi mumkin.

Tolibon Afg‘onistonni bosib olganidan so‘ng ko‘plab jahon ommaviy axborot vositalari afg‘on mediasi taqdiridan tashvishga tushdi. Amerikaning eng yirik uch gazetasi – “The Washington Post”, “The New York Times” va “The Wall Street Journal” rahbarlari AQSh prezidenti Jo Baydenga jamoaviy maktub bilan murojaat qilishdi. Ular Kobuldan afg‘onistonlik xodimlarini – jurnalistlar, muharrirlar va tarjimonlarni ko‘chirib kelishda yordam so‘rashmoqda.

Bu odamlar 20 yil davomida Amerika nashrlarining ushbu mamlakatda bo‘layotgan voqealarni izchil va xolis yoritishiga ko‘maklashib kelishdi. Hozirda ularga va ularning oila a’zolariga o‘lim xavf solmoqda. Dushanba kuni 200 nafardan ortiq kishi viza olgan bo‘lib, ular oddiy reyslar bilan Kobuldan uchib ketishi kerak edi, biroq toliblar aeroport qurshovini yorib o‘tib, tijorat reyslarini to‘xtatib qo‘ydi. Endilikda yagona imkoniyat – ularni harbiy uchoqlar va charter reyslar bilan evakuatsiya qilishdir.

Кобулдаги мухбир: «Ҳар бир аёл қўрқувда»
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

Ozodlik radiosining afg‘on xizmati – Azadi radiosi shu’basi xodimlari ham shunga o‘xshash vaziyatda qolganlar. Ular Kobulda ishlashda va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar haqida axborot berishda davom etmoqda.

Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, toliblar Afg‘oniston g‘arbida “Deutsche Welle” jurnalistining bir qarindoshini o‘ldirib, yana birini og‘ir yaralagan. Mediashirkat jangarilar aslida jurnalistni qidirganini, ammo u allaqachon Germaniyaga yetib kelganini bildirdi. Uning boshqa qarindoshlari ham qochishga va yashirinishga ulgurgan.

Bu orada Yevropa kengashi oddiy afg‘onlarni og‘ir ahvolda qoldirmasligini ma’lum qildi: YeI byudjetidan gumanitar yordamlar uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori oshiriladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen 24 - avgust kuni “Twitter”dagi sahifasida YeI Afg‘oniston xalqi uchun avvalgi 50 million o‘rniga 200 million yevrolik yordam ko‘rsatishi haqida yozdi.

Undan oldin esa, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda iqtidorga kelgan kuchlar inson huquqlariga rioya qila boshlaguniga qadar mamlakatga iqtisodiy yordam sifatida bir milliard yevro berish kechiktirilishini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG