Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:37

Boeing korporatsiyasi: O‘zbekiston bilan biznes davom etadi


Boeing - dunyoning eng yirik uchoq ishlab chiqaruvchi shirkati.
Boeing - dunyoning eng yirik uchoq ishlab chiqaruvchi shirkati.

Boeing uchoq ishlab chiqaruvchi korporatsiyasi 2041-yilga mo‘ljallangan prognozlarida o‘z xaridorlari ro‘yxatidan Rossiya va Markaziy Osiyoni chiqarib tashladi.

Korporatsiya bergan bayonot Boeing G‘arb sanksiyalariga uchragan Rossiya bilan birga Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonga uchoqlar sotishni to‘xtatayotgani haqidagi farazlarni keltirib chiqardi. Biroq Ozodlik bilan suhbatda Boeing vakili uchoq va unga ehtiyot qismlarini sotishga cheklovlar faqat Rossiyaga nisbatan kiritilganini ma’lum qildi.

Shunga qaramasdan ekspertlar o‘zbek shirkatlarini rus kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.

Boeingning 2041-yilgacha bo‘lgan prognozi

Boeing uchoq ishlab chiqaruvchi korporatsiyasining kelgusi 20 yil uchun prognoz qilingan ta’minot xaritasida mintaqa kulrang rangda - 2041-yilgacha yetkazib berish rejalashtirilmagan hududlar sifatida ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu bayonot ortidan turli farazlar, taxminlar va mulohazalar paydo bo‘ldi.

Ayrim nashrlar va axborot vositalari Boeing Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan aloqalarni uzgani, uchoqlarni boshqa sotmaslikka qaror qilgani to‘g‘risida yozdi.

Korporatsiyaning tijoriy havo qatnovi va samolyotlarga bo‘lgan talab bo‘yicha uzoq muddatli prognozi Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi» aviatsiya sanoatiga bevosita ta’sir ko‘rsatgani, birinchi navbatda, Rossiyaga samolyotlarni yetkazib berish imkonsiz bo‘lib qolgani bilan izohlangan.

- Bu hudud biz uchun maqsadli bo‘lmagan bozor, - deb aytgan Boeing korporatsiyasi marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Darren Xalst.

Bloomberg nashrining qayd etishicha, Boeing o‘tgan yilgi taxminlarida kelasi 20 yil ichida rossiyalik mijozlar 1500 dan ortiq uchoq sotib olishini bashorat qilgan edi. Ammo 2022-yil mart oyida korporatsiya Rossiya aviakompaniyalariga texnik xizmat ko‘rsatish va Rossiyaga ehtiyot qismlar yetkazib berishni to‘xtatayotganini e’lon qildi. Bu Ukrainaga qilgan harbiy tajovuzi tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan xalqaro sanksiyalar bilan bog‘liq.

Rossiya va Markaziy Osiyoda samolyotlarga talab mavjudligiga qaramay, bu holat qancha davom etishi haqida yuqori darajada noaniqlik mavjud. Shu sababli biz Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha prognozni e’lon qilmaslikka qaror qildik ”, — deyiladi izohda.

Bir yil avval Boeing 20 yil ichida 43 610 ta uchoqni sotishni rejalashtirgan, biroq hozir bu raqam asosan Rossiya hisobiga 41 170 ta uchoqqa kamaydi. Boeing shuningdek, yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha yillik prognozini 4 foizdan 3,8 foizga tushirdi.

Korporatsiyaning ta’kidlashicha, Osiyo bozorlari yangi havo kemalariga uzoq muddatli talabning taxminan 40 foizini, Yevropa va Shimoliy Amerika - har biri 20% dan tashkil qiladi.

Rasmiy raqamlarga binoan, yangi Boeinglarni yetkazib berish bozori qiymati 7,2 trillion dollarni tashkil etadi, bu talabni qondirish uchun tijorat xizmatlari bozori 3,6 trillion dollarga baholanmoqda.

Ayni paytda, Rossiya aviakompaniyalariga qarshi sanksiyalarga hatto o‘zlarining ishongan hamkorlari qo‘shilmoqda. Masalan, Xitoy rus aviakompaniyalariga qarashli Boeing va Airbuslar uchun osmonini yopdi.

Boeing: Cheklovlar O‘zbekistonga tegishli emas

Boeingning ushbu qarori O‘zbekistonning ayrim kompaniyalari Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni buzuvchilar qatoriga qo‘shilganidan keyin e’lon qilindi.

Biroq, O‘zbekiston transport vazirligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Boeing korporatsiyasining bayonoti ayrim nashrlar, blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi.

- Ularning bayonotida yaqin istiqbol prognozlarida Markaziy Osiyoga bortlarni yetkazib berish REJALARI yo‘qligi bildirilgan. U yerda “Yo‘q, biz O‘zbekistonga uchoq bermaymiz, O‘zbekiston bilan aloqalarni to‘xtatamiz” degan gap mutlaqo yo‘q! Shunchaki bu mintaqa rejada yo‘q. O‘zbekiston xohlasa yangi uchoqlarga istagancha buyurtma beraverishi mumkin. OAV bu bayonotni har xil talqin qilyapti, lekin bayonotni yaxshilab o‘qisangiz “Aloqalar to‘xtatiladi!” degan gap yo‘q, - dedi O‘zbekiston Transport vazirligi so‘zchisi Navro‘z Ashurmatov.

Ozodlikning bu boradagi so‘roviga javob bergan Boeing shirkati prognozning Rossiyadan tashqari Markaziy Osiyo davlatlariga hech qanday ta’siri yo‘qligini bildirdi.

- Qaror, jumladan, O‘zbekiston, Ozarbayjon davlatlariga salbiy ta’sir qilmaydi – ular bilan biznes davom etadi, chunki ular sanksiya ostida emas. Biz AQSh hukumati joriy etgan sanksiyalargagina rioya qilamiz. Prognozimiz masalasida – bu taxmin “aynan shu mintaqada sotishni rejalashtirmayapmiz”, degani emas. Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha berilgan bu prognoz vaziyat bashorat qilib bo‘lmaydigan holatdan darak ekanini bildiradi, xolos. Urush qancha davom etadi, sanksiyalar qanchaga cho‘ziladi – noaniqligicha qolmoqda.

Oldingi prognozlarimiz asosan Rossiyaga taalluqli bo‘lgan. Kelasi 20 yillikka tegishli prognozlarni esa biz boshqa mintaqalar prognozlariga bo‘lib tashladik. Rossiya bilan qo‘shganda avvalgi bu mintaqaga bergan prognozlarimiz 1500ta uchoqni tashkil etgan. Umuman olganda, prognoz va joriy biznes – ayri tushunchalar, shu bois Markaziy Osiyoga uchoqlar yetkazib berish davom etaveradi. Bu degani, prognozimiz ichida O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlar bor, faqat ular endi boshqa mintaqaviy bo‘limlar prognozi ichiga kiritilgan, deyiladi korporatsiyaning Ozodlikka yo‘llagan rasmiy javobida.

Tojikistonning "Somon Eyr" aviakompaniyasi ham AQShning Boeingi tojikistonlik aviashirkatni sotuvchilar ro‘yxatidan chiqarmaganligi to‘g‘risida rasmiy xabar tarqatdi.

- Bunday ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan so‘ng biz Boing kompaniyasiga tegishli so‘rov yubordik. Korporatsiya vakillarining javobida "Markaziy Osiyo mamlakatlariga uchoqlar savdosini to‘xtatish haqida gap bo‘lishi mumkin emas" deyilgan, - dedi "Somon Eyr" agentligi rahbari o‘rinbosari Abdulqosim Valiyev.

Valiev avgust oxirigacha Tojikistonga ikkita Boeing -737 uchog‘i yetkazib berilishini ham qo‘shimcha qildi.

Boeing va Ukraina urushi

Transport aviatsiyasi ekspertlari Ukraina mojarosi ortidan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bu sohada muammolar yuzaga kelganini e’tirof etmoqda.

Oldinroq ABC News nashri Boeing kompaniyasining 2500 ga yaqin xodimi kompaniya bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rozi bo‘lmagani uchun 1-avgustdan ish tashlashni rejalashtirayotganini xabar bergandi. Mashinistlar va aerokosmik ishchilar xalqaro assotsiatsiyasi yakshanba kuni hamkorlikni davom ettirishga qarshi 837 ovoz berganidan so‘ng, Illinoys shtatining Maskat shahridagi Missuri shtatining Sent-Charlьz va Sent-Luis okruglaridagi uchta Boeing zavodida ish to‘xtatilishi aytilgandi.

Boeing choraklik daromadlar hisobotining bir qismi sifatida o‘zining moliyaviy holati bo‘yicha yangilanishlarni taqdim etishi kutilmoqda. Avvalroq Boeing birinchi chorakda 1,2 mlrd dollar zarar ko‘rganini e’lon qilgandi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan aviatsiya mutaxassislaridan biri Ozodlikka sanktsiyalar Boeing shirkati daromadlariga jiddiy zarar keltirganini tasdiqladi.

- Boeing – bu xususiy kompaniya. U hukumat joriy qilgan sanksiyalarga bo‘ysunishga majbur, o‘z xohishi emas. Sanksiyalarni va qoidalarni buzayotgan davlatlar va kompaniyalarga nisbatan chora ko‘rish – bu Boeing ishi emas, hukumatniki. Rossiya bozorini yo‘qotish Boeing uchun haqiqatan og‘riqli qaror bo‘ldi – 1500 uchoqdan ayrilish sezilarli holat. Bu degani aviashirkat birgina Rossiyadan voz kechib 400 mlrd dollarlik bozorni yopdi, - dedi vaziyatdan xabardor manba.

Ekspert fikri: O‘zbekiston shirkatlari ehtiyot bo‘lishi kerak

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ycha ekspert Temur Umarov ham Boeing o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonga va unga qo‘shni davlatlarga sotishdan bosh tortmagan bo‘lsa-da, o‘zbek shirkatlari sanksiyalarni nazorat qilayotgan G‘arb davlatlari kuzatuvida ekanini eslatdi.

- Boeing prognozlariga Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shilmagani ikkilamchi sanksiya emas, menimcha. Bu 2041-yilgacha qilingan reja. Bu shirkat bo‘limlari uchun qaysi tarafga qarab rivojlanish uchun ko‘rsatilgan bir yo‘l-yo‘riq, xolos. Ammo ko‘plab Markaziy Osiyo shirkatlari, nafaqat aviakompaniyalar, rus kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda davom etishsa, ikkilamchi sanksiyalarga tushirilishi xavfi mavjud. Bu mamlakat imijiga ham putur yetkazadi. Masalan, yaqindagina Rossiya bilan hamkorlik qilgan O‘zbekistonning logistika kompaniyasi AQSh sanksiyalariga tushdi.

Agarda bunday kompaniyalar ko‘paysa, so‘zsiz,Boeing qandaydir javob kiritishga majbur etiladi. Qolaversa, Markaziy Osiyo aviabozorining o‘zi Boeing uchun masalan, Xitoyga nisbatan juda kichkina bozor – undan voz kechish kompaniyaga katta yo‘qotish keltirmaydi. Shu sababli ham Ukraina urushigacha Markaziy Osiyo aviatsiya bozori kattaroq bo‘lgan Rossiya bozoriga qo‘shib hisoblangan. Endi vaziyat o‘zgardi.

Jahon aviatsiya sanoatida pandemiya bilan boshlangan va Ukraina urushi bilan davom etayotgan murakkabliklarga qaramasdan yaqin kelajakda, umumiyatla, dunyoda uchoqlar hajmi keskin oshishi kutilmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, 2041-yilga kelib, global uchoqlar parki 2019-yildagi pandemiyadan oldingi darajaga nisbatan 80 foizga oshishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG