Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:15

Britaniya parlamenti: Xitoy uyg‘urlarga qarshi genotsid sodir etmoqda


2014 - yilda Shinjonda ayollarga 200 mingdan ortiq tug‘ilishni nazorat qilish moslamalari o‘rnatilgan.
2014 - yilda Shinjonda ayollarga 200 mingdan ortiq tug‘ilishni nazorat qilish moslamalari o‘rnatilgan.

Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi Xitoyning Shinjon mintaqasida uyg‘urlar va boshqa musulmon etnik ozchiliklarga qarshi insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid sodir etilayotgani to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi.

22 - aprelda qabul qilingan deklaratsiya Buyuk Britaniya hukumatini biror chora ko‘rishga majburlamaydi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu qadam qonun chiqaruvchilar o‘rtasida Xitoy hukumatiga nisbatan norozilik kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Shinjondagi lagerlarda kamida 1 million uyg‘ur va boshqa aksariyat musulmon ozchiliklar saqlanayotganiga ishoniladi. Shinjonda ko‘plab qonunbuzarliklar, jumladan, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, ayollarni majburiy sterilizatsiya qilish, majburiy mehnatga jalb qilish va boshqa asosiy erkinliklarni muntazam ravishda buzish kabi holatlar qayd etilgan.

Bugunga qadar AQSh hukumati va Belgiya, Gollandiya va Kanada parlamentlari Pekinni genotsidda aybladi.

O‘tgan oy AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqi Shinjondagi jinoyatlar tufayli bir qator xitoy amaldoriga qarshi sanksiya joriy qildi.

Pekin Shinjonda olib borilayotgan siyosat mamlakatning ichki ishi ekanini aytib, genotsid ayblovlari va G‘arb sanksiyalarini qoralab keladi. Xitoy rasmiylari mintaqadagi lagerlar bo‘lginchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan qayta tarbiyalash markazlari ekanini iddao qilmoqda.

Bosh vazir Boris Jonson hukumati Shinjonda genotsid sodir bo‘lyapti, deb topishga oshiqmayotir. Shunday bo‘lsa-da, Jonson hukumati Shinjonda «sanoat miqyosida» inson huquqlari buzilayotganini tan olgan. Hukumatning aytishicha, genotsid e’lon qilish qarori milliy va xalqaro sudlarga vakolatiga kiradi.

Yaqinda Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan munosabatini tanqid qilgani uchun Pekin sanksiyasiga yo‘liqqan besh nafar ingliz qonunchisining biri Nus G‘ani hukumat chora ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

«Genotsid faqat bitta harakat – qatliom degan tushunmovchilik mavjud. Bu xato», - dedi u va Shinjonda genotsidning barcha mezonlari sodir bo‘layotganini ko‘rsatuvchi isbot-dalillar borligini qo‘shimcha qildi.

G‘anining aytishicha, lagerlarda saqlanayotganlar «shafqatsiz qiynoq usullari, shu jumladan, metall buyumlar, elektr toki va qamchi bilan» jazolanmoqda va bularning barchasi «indoktrinatsiya qilishga va miyani “yuvib tozalashga” qaratilgan» siyosatning bir qismidir.

G‘ani 2 millionga yaqin odam qonuniy asossiz qamoq fabrikalarida va tarbiyalash markazlarida ushlab turilgani haqida ma’lumot borligini aytdi. U, shuningdek, etnik uyg‘urlar sonini kamaytirish uchun mintaqadagi ayollar majburiy sterilizatsiya qilinayotgani va tug‘ilish nazorat qilinayotganini aytdi.

«Men Yer yuzida bu miqyosda ayollar tahqirlanayotgan boshqa joy borligiga ishonmayman», - dedi G‘ani.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati tarqatgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 2014 - yilda Shinjonda ayollarga 200 mingdan ortiq tug‘ilishni nazorat qilish moslamalari o‘rnatilgan, ammo 2018 - yilga kelib bu ko‘rsatkich 60 foizga oshgan.

«Mintaqada Xitoy aholisining atigi 1,8 foizi yashasa-da, Xitoydagi tug‘ilishni nazorat qilish moslamalarining 80 foizi uyg‘urlar mintaqasida o‘rnatilgan», - dedi u.

Konservativ partiyaning sobiq yetakchisi Ien Dunkan Smit esa:

«Nega biz buni genotsid deb e’lon qilmadik? Men hukumatni bu borada o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqiraman», - dedi.

XS
SM
MD
LG