Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:11

Britaniya Pfizer va BioNTech ishlab chiqqan COVID-19 vaksinasini ma’qullagan ilk davlat bo‘ldi


2 - dekabr kuni Buyuk Britaniya Germaniyada joylashgan BioNTech farmatsevtika kompaniyasi va uning AQShdagi hamkori Pfizer shirkati ishlab chiqqan koronavirus vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ldi. Britaniya rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, vaksina keyingi haftadan boshlab tarqatiladi.

Ikki shirkat Britaniya hukumati qarori haqida Nyu-York va Germaniyaning Mayns shaharlarida e’lon qildi. Shu asnoda koronavirusga qarshi emlash Britaniyada Yevropa Ittifoqi va AQShdan oldin boshlanishini kutish mumkin.

Pfizer shirkati bosh direktori Albert Burla Britaniya hukumati qarorini «tarixiy» deb atadi.

«Butun dunyo bo‘ylab yuqori sifatli vaksinani ayni suratda va xavfsiz yetkazib berishga e’tibor qaratmoqdamiz», - dedi Burla.

Bu yangilik 1,5 millionga yaqin odam umriga zomin bo‘lgan va global miqyosda iqtisodiy bo‘hron keltirib chiqargan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda muhim yutuq o‘laroq ko‘rilmoqda.

Britaniya hukumati «Bugun hukumat mustaqil Dori-darmon va sog‘liqni saqlash mahsulotlarini tartibga solish agentligining Pfizer va BioNTech ishlab chiqqan COVID-19 vaksinasini tasdiqlash borasidagi tavsiyasini qabul qildi», deya bayonnoma e’lon qildi.

Britaniyaning vaksinalar bo‘yicha qo‘mitasi qaysi guruhlar birinchi navbatda emlanishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunday guruhlar orasida qariyalar uylari xodimlari, sog‘liqni saqlash va tibbiyot xodimlari, qariyalar va klinik jihatdan zaif odamlar bor.

Pfizer va BioNTech shirkatlari bilan bir qatorda AQShning Moderna biotexnika firmasi yangi messenjer RNK (mRNK) texnologiyasiga asoslangan vaksinani ishlab chiqdi. Klinik sinovlar bu vaksinalar 90 foizdan oshiq samaradorlikka ega ekanini ko‘rsatdi.

Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Xenkokning aytishicha, emlash jarayoni kelasi hafta boshlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Xenkok shifoxonalar vaksinani qabul qilib olishga allaqachon tayyor ekanini aytdi.

«Bu juda yaxshi yangilik», - deya so‘zini yakunladi vazir.

XS
SM
MD
LG