Линклар

Шошилинч хабар
01 август 2021, Тошкент вақти: 22:52

Buxoroda tomchilatib sug‘orish uskunasi fermerlarga majburan sotildi - mahsulot “brak” chiqdi


"Brak" sug‘orish shlangalari

Buxoro viloyat, Peshko‘ tumanidagi 17 ta fermer xo‘jaligi "Aria Parts Servin Pergas" MChJ qo‘shma korxonasi o‘rnatib bergan tomchilatib sug‘orish uskunasi ishlamagani sababli katta zarar ko‘rdi.

Fermerlarning aytishicha, ularni ulkan miqdordagi kreditga qo‘shma korxona bilan shartnoma tuzishga tuman hokimligi majburlagan. Ammo g‘o‘za qator oralariga tortilgan shlangalar sifatsiz bo‘lgani uchun ishlamagan va fermerlar yerlarini buzib, yana an’anaviy sug‘orish tizimiga moslashtirishga majbur bo‘lishgan.

Tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Bekmurod Toshev fermerlarning iddaolarini tasdiqlar ekan, ayni paytda bu ishni viloyat Iqtisodiy sudi ko‘rayotganini aytdi.

Peshko‘ tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning yozishicha, ular hokimlikning qistovi bilan "qallob" tadbirkorlarning qurboni bo‘lgan:

Bizlarni firibgarga ilintirgan tuman hokimi endi qochib yuribdi.

“Peshko‘ tuman hokimi V.Qahhorovning qistovi bilan eronlik tadbirkorlarga millionlab mablag‘ o‘tkazib, fermer xo‘jaligimiz yerlariga tomchilab sug‘orish o‘rnattirdik. Bu qo‘shtirnoq ichidagi o‘zini tadbirkor sanaganlar tomchilatib sug‘orish tizimini ishlatib berisholmadi, firibgar ekan. Yerimizni noiloj sug‘orish uchun qaytib buzib tashladik. Endi bo‘ynimizga katta kredit osilib qoldi. Bizga o‘xshab bu eronlik tadbirkor dastidan xonavayron bo‘lib katta mablag‘ga tushgan fermerlar tumanda juda ko‘p. Bizlarni firibgarga ilintirgan tuman hokimi endi qochib yuribdi”.

Ishlamagan shlangalar.
Ishlamagan shlangalar.

Hokimlik tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, uning bo‘ynida 350 million so‘m qarz osilib qoldi:

Keyin hammasini qo‘porib, chiqarib tashladik.

“Yil boshida hokimning qistovi bilan eronliklar firmasi bilan majbur shartnoma tuzib, tomchilatib sug‘orish sistemasini sotib olgan edik. Bankdan mening nomimga 350 million so‘m kredit chiqarilgan. Men o‘zi qariyb 20 gektar paxtam bo‘lsa, buncha kreditni qanday uzaman, desam ham holu jonimga qo‘yishmadi. Mayli dedik, g‘o‘za qator oralariga mayda shlangchalarini tortdik. Lekin ular brak chiqdi. Ba’zi joyidan suv chiqsa, ba’zi joyidan chiqmaydi. Keyin hammasini qo‘porib, chiqarib tashladik”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning iddao qilishicha, sinalmagan, hech kim tanimaydigan tadbirkorlar bilan ko‘r-ko‘rona shartnoma qildirishga qistagan hokimlik endi o‘zini chetga olmoqda:

Menimcha, sinalmagan, tekshirilmagan firma bilan shartnoma qildirish tagida qandaydir manfaat bo‘lsa kerak.

“Prezidentimiz tomchilatib sug‘orishga katta ahamiyat berish kerakligini ta’kidlagan edilar. Otning kallasiday narxdagi bu tizimni har qanday fermer xo‘jaligi ham oqlay olmaydi. Ura-urachilik bilan hokim shu bilan shartnoma qilasan, deb ko‘rsatma berdi. Menimcha, sinalmagan, tekshirilmagan firma bilan shartnoma qildirish tagida qandaydir manfaat bo‘lsa kerak. Buni prokuratura tergov qilishi va nega buncha fermer katta pulga tushib qolganini aniqlashi kerak”.

Ozodlik Peshko‘ tumani hokimi Vahob Qahhorov bilan bog‘lana olmadi.

Tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Bekmurod Toshev fermerlar bilan shunday muammo bo‘lganini tasdiqladi va ayni paytda bu ish yuzasidan viloyat Iqtisodiy sudiga da’vo kiritilganini aytdi:

“Fermerlarga tanlov yo‘q edi, tanlov qilolmadi. O‘tgan yili tomchilatib sug‘oradigan bitta “Omad Star” ishladi, bu yil esa, oltita tashkilot ishladi. Bu yil aniq bo‘ldi, yaxshi va yomon ajralib qoldi. Chunki bu yangi maktab, qaysi yaxshi ekanligini hech kim bilmas edi. Birinchidan, eronliklar juda kech qoldi, ikkinchidan, kichkina shlanglari ishlamadi. Menimcha, ular ham o‘zlari birinchi marta ishlatishganday. Prokuraturaning yordami bilan biz qo‘shma korxonani viloyat Iqtisodiy sudiga berdik, hozir sud ushbu masalani o‘rganyapti”.

Tuman hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tuzilgan shartnomaga asosan "Aria Parts Servin Pergas" MChJ tashkiloti tomonidan 17 ta fermer xo‘jaligining 313 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qurish ishlari to‘liq amalga oshirilmagan.

"Aria Parts Servin Pergas" MChJ vakillarini topishning imkoni bo‘lmadi.

Joriy yilning 24 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jami 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish vazifasi qo‘yilgan edi.

Shundan so‘ng viloyatlarda tomchilatib sug‘orish uskunalarini keltirish va ularni fermerlarga o‘tkazish harakatlari boshlanib ketgan edi.

Ammo aksar hududlarda bu sistema, fermerlarning iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqmay, majburan joriy qilina boshladi.

Ozodlik bilan 29 - iyun kuni suhbatlashgan Xorazm viloyati Urganch¸ Yangibozor va Shovot tumanidagi fermerlari ham tomchilatib sug‘orish quvurlarini sotib olishga majburlanganligini aytishgan edi.

Mart oyida esa, Andijon viloyatining Bo‘ston (sobiq Bo‘z) tumanidagi fermerlar o‘z hisobidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini sotib olishga majburlanayotganidan shikoyat qilgan.

XS
SM
MD
LG