Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:06

Chaqaloq savdosi: Turkmaniston tug‘ruqxonalarida pora evaziga bola asrab olish "oddiy holga aylangan"


Illyustrativ surat

Turkmaniston tug‘ruqxonalarida chaqaloqlarni pul evaziga va qonuniy rasmiylashtirmasdan, asrab olish uchun uchinchi shaxslarga berib yuborish holatlari ko‘paydi. Ozodlik turkman xizmatining viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi manbasiga ko‘ra, aksar hollarda onasi voz kechgan bolalar shu tariqa begonalarga berib yuborilmoqda.

Manba, Turkmaniston Oila kodeksi normalariga tayanib, bu yerda tug‘ruqxonalar rahbarlari va mahalliy ma’murlar aralashgan “bolalar savdosi” haqida so‘z borayotganini aytadi.

Ozodlik muxbiri yaqinda viloyatlardan biridagi tug‘ruqxona bosh vrachiga 15 ming manat to‘lab, endi tug‘ilgan chaqaloqni asrab olgan bir oila bilan so‘zlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Chaqaloqlar sotilayotgani haqida Ozodlik manbasi 2020 - yil oxirlarida ma’lum qilgan edi. Manba hamisha ishonchli ma’lumot yetkazib berib turganiga qaramay, Ozodlik tahririyati ushbu mavzuda maqola e’lon qilishdan tiyilgan, chunki mazkur holat tizimli tus olganiga doir boshqa dalillar yo‘q edi.

Iyun oyi boshlarida Ozodlik muxbiri mintaqalardan birida viloyat tug‘ruqxonasi bosh shifokoriga 15 ming manat to‘lab, chaqaloq asrab olgan er-xotinni topib, suhbatlashdi.

Maxfiylik va suhbatdoshlarning xavfsizligi vajidan Ozodlik ularning ismlarini o‘zgartirdi, maqolada hatto ular yashaydigan viloyat nomini ham tilga olmaslikka qaror qildi.

Manba va tutingan ota-onaning ishonishicha, bolalarni asrab olishning hech bir yomon joyi yo‘q, chunki yetim bo‘lib qolishmaydi, balki ularni yaxshi ko‘radigan oilada katta bo‘lishadi. Biroq Ozodlik bilan suhbatda ular bolalar savdosini yo‘lga qo‘ygan mulozimlarning xatti-harakatlarini qoralashgan.

“Bolamizni o‘z tuqqan farzandimizdek yaxshi ko‘ramiz. Biz bu voqeani uzoq kutdik va unga yetishgan kunimiz hayotimizdagi eng baxtli kun bo‘ldi. Hammasi qonuniy bo‘lishini xohlardik, albatta, lekin pul to‘lashdan o‘zga choramiz yo‘q edi. Ammo biz uni sotib oldik, deb o‘ylamaymiz. U bizning o‘z farzandimiz”, deydi 30 yoshli Orzigul (ism o‘zgartirilgan).

Eri Davlat (ism o‘zgartirilgan) undan ikki yosh katta. Ular 2013 - yilda turmush qurgan bo‘lishsa-da, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar tufayli yetti yildirki, farzand ko‘ra olishmayotgan ekan.

“Bola asrab olishga uch yil burun qaror bergandik. Men etrap (tumanga monand ma’muriy birlik — tahr.) hokimligi va FHDYosiga murojaat qildim. Barcha zarur hujatlarni to‘pladim, qancha pora berdim. Oilamizning oshib-toshib ketgan joyi yo‘q, lekin biz hammasiga tayyor edik. Hamma joyda pora berish kerakligini bilardik, shuning uchun pul to‘pladik. Ammo FHDYo bizning ishimizni nuqul keyinga suraverdi, xotinim ishlamasligi va men yagona boquvchi ekanim uchun vasiylik organi qarshilik qilayotganini aytishdi”, - deya hikoya qiladi Davlat.

Davlat etrap FHDYo idorasiga qatnab yurgan kunlarning birida idora xodimalaridan biri bola asrab olishning oson va tez hal bo‘ladigan yo‘li borligini, agar xohlasalar, “bolani chaqaloqligidan tarbiyalab, baxtiyor bo‘lishlari mumkin”ligini aytadi.

“Buni o‘zim ham eshitgandim, lekin tanish-bilish yo‘q edi, qolaversa, katta pul talab qilishlari mumkin edi. FHDYo idorasi xodimasi esa bir vrachning ismini aytib, uning nomidan borsam yordam berishini va insof bilan pul so‘rashini aytdi”, - deydi Davlat o‘sha kunlarni eslab.

Uyga qaytgach, u Orzigul bilan gaplashadi, besamar kutishdan charchagan xotini bu taklifga mahkam yopishib oladi.

“O‘z ota-onasi yuz o‘girgan bolani boqib olishning hech yomon joyi yo‘q-ku, axir. Biz olmasak, yetimxonaga berib yuborishardi baribir”, - deydi Orzigul.

Turkmaniston Oila kodeksining 108-moddasiga ko‘ra, farzandlikka bola olishni xohlovchilar yashash joyi bo‘yicha hokimlar nomiga ariza yozishi kerak. Shundan so‘ng jarayonga vasiylik va FHDYo organlari qo‘shiladi. Tug‘ruqxona xodimlari bolalarning asrab olinishiga yordam berishi haqida Turkmaniston qonunchiligida lom-mim deyilmagan, deydi Ozodlik manbasi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xizmatchisi Ozodlik bilan suhbatda bu holatni “bolalar savdosi” deb atadi.

“Bu bola sotishdan boshqa narsa emas. Savdo tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Bitta bola narxi bir necha yuz ming manatgacha bo‘lishi mumkin. Turkmanistonda farzandlikka olish jarayoni o‘ta murakkab, bola asrab oluvchilar amaldorlarning porasiga ham ancha-muncha chiqim qiladi. O‘nlab idoradan o‘tish kerak, hammasida tamagirlar o‘tiribdi. Shunda ham odamlar masala hal bo‘lishini yillab kutishadi. Yetimxonalarda esa, odatda katta yoshli bolalarni taklif qiladilar. Shu bois farzand ko‘ra olmayotgan ko‘plab o‘ziga to‘q oilalar chaqaloq asrab olish va uni farzandidek voyaga yetkazish uchun ular istagancha pul to‘lashga tayyor”, - deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik o‘tgan yili Lebap viloyatida mahalliy bolalar uylaridan bola asrab olmoqchi bo‘lgan oilalar, barcha zarur hujjatlarni to‘plashganiga qaramay yillab kutishga majbur bo‘lishayotgani to‘g‘risida yozgan edi.

“So‘ragan pullarini bersangiz, ortiqcha sansalorliksiz, qisqa vaqt ichida bolani farzandlikka olishingiz mumkin. Chaqaloq tug‘ilishigacha tegishli hujjatlarni shay qilib qo‘yishadi, chunki ularda hamma narsa oldindan kelishilgan bo‘ladi”, - deydi Ozodlik manbasi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ko‘zi yorigan ayollarning o‘z farzandidan voz kechishi hollari ko‘payganki, bu tug‘ruqxonalar mas’ul rahbarlari bilan mahalliy mulozimlarning tegirmoniga suv quymoqda.

“Bolasidan yuz o‘girayotganlar aksari — erga tegmasdan bo‘yida bo‘lib qolib, abort qilishga kechikkan yosh ayollar. Turkmanistonda komissiyaning maxsus ruxsati bo‘lmasdan abort qildirish qiyin. Bunaqa holatlarda ayollar o‘z xohishlari yoki qarindoshlari qistovi bilan boshqa viloyatga borib, tug‘ishadi va tug‘ruqxonadayoq chaqaloqdan voz kechishadi. Ayrim hollarda esa tug‘ruqxona vrachlari surrogat onalar xizmatini taklif qiladi, biroq bu juda qimmatga tushadi, bunaqa xizmatlarni faqat badavlat oilalarning cho‘ntagi ko‘taradi”, iddao qiladi manba.

Uning aytishicha, mintaqada potensial bola asrab oluvchilar viloyat tug‘ruqxonasi mas’ullariga avvalroq murojaat qilishib, ularni navbatga qo‘yishlari uchun poraning bir qismini oldindan berib qo‘yishadi.

“Pora miqdori bir necha o‘n mingdan bir necha yuz ming manatgacha bo‘lishi mumkin. U yerda butun boshli tizim mavjud. Agar asrab oluvchilar bolani mumkin qadar tezroq olishni istasa, poraning katta qismini oldindan berib qo‘yishi shart: shunda vrach “munosib nomzod” paydo bo‘lgani zahoti ularni qo‘ng‘iroq qilib chaqiradi. Chunki ko‘pincha, bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan ayollar vrach bilan avvalroq kelishib qo‘yadi. Shu tariqa bunaqa shifokorlar hali tug‘ilmagan bolani sotishadi. Qonunga binoan, agar biologik ota-onasi tirik bo‘lsa, bola ularning roziligi bilan farzandlikka berilishi lozim. Ammo ko‘p er-xotinlar chaqaloqning tuqqan onasi bilan tanishishni istamaydi va ishni shusiz bitirish uchun qo‘shimcha pul to‘laydi”, deydi manba.

Orzigul va Davlat viloyat tug‘ruqxonasida tug‘ilgan chaqaloqni tezroq asrab olish uchun 15 ming manat to‘lashgan. Ular Turkmanistonda yetim bolalarni boqib olishga talabgor minglab oilalar borligiga qaramay, chaqaloqlar tijorat buyumiga aylantirilganini jinoyat va axloqsizlik deb hisoblasalar-da, bolani bu tariqa asrab olishganidan zarracha afsus qilmasliklarini aytishadi.

“Qayta imkon berilgan taqdirda ham shunday yo‘l tutgan bo‘lardik. Ha, 15 ming manat biz uchun katta pul. Bu pulga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish mumkin, ana, bir quti bolalar bo‘tqasining o‘zi 200 manat turadi. Ammo ota-ona bo‘lish baxtini yillab kutishga majbur bo‘lganingda pulning qadr-qimmati qolmaydi”, - deydi Davlat.

Ozodlikning Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek suhbatdoshlar tilga olgan sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tug‘ruqxonalar rahbarlaridan izoh olishga urinishlari zoye ketdi.

Turkmanistondagi yetim bolalarning soniga doir rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo vaziyatdan xabardor manbalar, ular kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 ming nafarga yaqin bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Mamlakatda 2016 - yildan beri davom etib kelayotgan iqtisodiy inqiroz bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining turmush darajasiga ham ta’sir etmay qolmadi.

Ozodlik bolalar uylarini oziq-ovqat bilan ta’minlash achinarli darajada ekani, mahalliy hokimliklar bu muammoni hal qilish uchun tadbirkorlardan pul undirishni odat qilgani haqida muntazam xabar qilib keladi.

Joriy yil martida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yetim bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z nomi bilan ataluvchi xayriya jamg‘amasiga asos solinganini e’lon qilgandi. Shu voqeadan keyinoq prezident nomidagi fond uchun pul yig‘ish boshlangani haqida ma’lumotlar kela boshladi.

XS
SM
MD
LG