Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:24

COVID-19: Infeksiyadan so‘ng to‘liq sog‘aymaganlar "10 foizga yaqin"


Toshkent shahrida Tez yordam shifokorlari bemorni uyidan olib ketmoqda, oktabr, 2020
Toshkent shahrida Tez yordam shifokorlari bemorni uyidan olib ketmoqda, oktabr, 2020

O‘zbekistonlik shifokorlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalingach, sog‘ligi to‘liq tiklanmagan bemorlar taxminan 10 foizni tashkil qilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan tibbiyot xodimlarining aytishicha, bular koronavirus infeksiyasiga chalinguncha qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va surunkali boshqa kasalliklar bilan xastalangan bemorlardir.

Tibbiyotchilarga ko‘ra, ularning orasida o‘lim hollari ham uchramoqda.

Qator viloyatlarda, koronavirusdan qutulgan bo‘lsa-da, o‘pka faoliyati to‘liq tiklanmagan bemorlar uylarida kislorod yetkazib beruvchi qurilmalarga ulangan holda davolanayotgani aytiladi. Koronavirusga chalingan keksa bemorlar esa, uning og‘ir oqibatlaridan hanuz tuzala olmayotganini aytmoqda.

O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 - yilda 175,6 mingta o‘lim qayd etilgan, bu esa 2019 (154,6 mingta) va 2018 (154,9 mingta) - yillardagidan keskin oshgan - 21 mingtaga ko‘p bo‘lgan.

Shu kunlarda Buyuk Britaniyada e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu davlatda COVID-19dan tuzalgan, ammo uning og‘ir oqibatlaridan kasalxonaga tushganlar soni 30 foiz atrofida. G‘arblik shifokorlar bu infeksiya asoratlarini zudlikda o‘rganish lozimligini ta’kidlamoqda.

Qashqadaryolik shifokor: koronavirusga chalingan bemorlarning 10 foizi to‘liq sog‘aygani yo‘q


Qashqadaryolik terapevt shifokorning Ozodlikka aytishicha, u oktabr oyida kovid markazida ishlagan va o‘zi davolagan bemorlarning 10 foizga yaqini hanuz to‘liq sog‘aygani yo‘q.

Ismi sir qolishi sharti bilan gaplashgan shifokor, bu bemorlarda o‘pka yallig‘lanishi 60-70 foiz atrofida bo‘lganini aytadi:

“O‘pkada yallig‘lanish 70 foizgacha bo‘lgan bu bemorlarda. Virusdan to‘liq tuzalgan, lekin immunitet va o‘pkaga katta zarar bergan-da virus, shuning uchun ko‘pchiligida o‘pka haliyam to‘liq tiklanmagan. Shamollab qolsa, mavsumiy gripp bo‘lsa ham, og‘ir kechyapti bunaqa bemorlarda. Bularning orasida yoshi kattalari ko‘pchilik, ular endi o‘ziga kelishi juda qiyin. Mening praktikamda virusdan tuzalib, keyinroq o‘lgan bemor hali bo‘lmadi. Lekin, o‘sha rosa avji paytida, juda ko‘pchilik yoshi kattalar ketib qoldi, o‘lim haqiqatan ko‘p bo‘ldi. Ko‘pi pnevmoniyadan ketdi”, - deydi bu shifokor.

Uning kuzatishicha, qandli diabet, sil va yurak-qon tomir kasalligidan aziyat chekkan yoshi kattaroq bemorlar orasida koronavirusga chalingach, o‘lim holatlari ko‘p uchragan.

Bunday bemorlar tuzalgan taqdirda ham, salomatligi juda zaiflashib, muntazam tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgani kuzatilmoqda:

“Bunday kasallar oldin ham o‘zi doim tibbiy kuzatuvda bo‘lishgan. Poliklinikada ro‘yxatda turgan. Bu virus immunitetga qattiq zarba berganidan keyin, ular yana ham zaiflashib qolishi tushunarli-ku, endi. Qarov juda yaxshi bo‘lishi kerak-da, bo‘lmasa, bunday bemorlar ham vafot etishi mumkin”.

Namanganlik shifokor: ayrim bemorlar uyida dvijok bilan kislorodga ulanib yotibdi

Namanganning Chust tumanida yashaydigan umumiy amaliyot shifokoriga ko‘ra, u ishlab turgan hududda koronavirusga chalinish hollari shu kunda qariyb uchramayapti. Ammo virusdan to‘liq sog‘aymagan 10 ga yaqin bemor uning nazorati ostida qolmoqda.

“Patronaj hamshiralar boradi, kerak bo‘lsa, o‘zim borib, ko‘rib kelaman. Koronavirusga chalinganiga bir-ikki oy bo‘lgan, virusdan sog‘ayib chiqqan. Lekin, haliyam to‘liq sog‘aymagan, o‘pka juda zaiflashib qolgan bemorlar bor. Ayrimlarida yana yurak kasal, qon bosim baland, bo‘yrak yoki oshqozoni xasta, qand kasali bor. Bunday bemorlarda kuni bilan kislorodga ulanmaydi, albatta. Qattiq yo‘tal kelganda, qandi yoki qon bosimi oshib, ahvoli og‘irlashganda nafas yetishmovchiligi boshlanadi. O‘pka zaif, zo‘riqishni boshlaydi, shunda kislorodga ulanadi. Svet o‘chsa, dvijoklarni yoqib, ballonga ulanishyapti”, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan terapevt shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uy sharoitida muntazam kislorodga ehtiyoj sezayotgan bemorlarga maxsus qurilma – oksigenerator tavsiya qilinmoqda.

Bu qurilma qonni kislorod bilan to‘yintirish va uning tarkibdagi ulgekislorod hajmini tushirishga xizmat qiladi. O‘zbekistondagi bozorlarda bunday qurilma o‘rtacha 5 million so‘mdan sotilayotgani aytilmoqda.

U bir necha oy muqaddam Chust tumanida koronavirus bemorlarini davolagani, o‘shanda shifoxonadan chiqarilgan bemorlarda ayrim salbiy oqibatlarni kuzatganini aytadi:

“Ko‘pchiligida tananing umumiy ahvoli juda zaif bo‘lib qolyapti. Virus tanasidan ketgan bo‘lsa ham, umumiy holsizlik bor. Sal zo‘riqsa, nafas qisish boshlanadi, o‘pka zaif. Ko‘pchilik yoshi katta bemorlarda qon bosimi o‘ynaydigan bo‘lib qoldi. Keyin qand kasalligiga moyil bemorlar bo‘ladi, o‘shalarda qand kasalligi boshlanganini ko‘rdim men. Endi, tana to‘liq tuzalishiga kamida 2 oy ketadi chamamda. Unda ham organizmga bog‘liqda bu. O‘lim hollari haqida aniq bir narsa deyishim qiyin, to‘g‘risi. O‘lim bo‘ldi, lekin qancha bo‘ldi, qanday bo‘ldi – buni aniq aytish qiyin. Chunki, har bitta o‘lim holatini alohida tekshirish kerak”.

Toshkentlik pensioner: virusni yuqtirganimdan beri o‘zimga kelganim yo‘q!

Toshkentda yashaydigan 61 yashar Aziza Yo‘ldosheva noyabr oyida virusga chalinib, sog‘aygan bo‘lsa-da, hanuz kasallik asoratlaridan qutula olmayotganini aytadi.

Aytishicha, bunga qadar unda qon bosim osish hollari kuzatilgan, ammo sog‘ligidan boshqa jiddiy shikoyati bo‘lmagan:

“Ozgina siqilsam yoki kuchli ovqatlansam, qon bosimim 160gacha ko‘tarilib ketardi. Boshqa unaqa jiddiy shikoyatim yo‘q edi. Koronavirus ham unaqa og‘ir o‘tmadi menda, unaqa o‘pkaga o‘tibam ketmadi. Tez sog‘aydimu, lekin o‘shandan beri qon bosimi rosa o‘ynaydigan bo‘lib qoldi. Keyin, immun sistema ishdan chiqarkanda, sal gripp teksa ham isitma chiqib ketarkan. Keyin ko‘zimda yallig‘lanish ketmayapti meni. O‘zi yoshi katta odamlar nozik bo‘ladi, koronavirus yuqqandan keyin yanyam noziklashib qolarkan”.

Bu ayol 2020 - yilda koronavirusga chalingan uch qarindoshi olamdan o‘tganini aytadi. Uning aytishicha, uchalasi ham 60 – 70 yoshlar oralig‘idagi ayollar bo‘lgan.

“Biri o‘zimning amam – 78 yoshda edi. Rosa ketdi-ketdi bo‘lib, o‘lim ko‘paygan paytda o‘tib qoldi. Virus yuqib, rosa kasal bo‘lgan paytida bolnitsaga olib borishgan ekan, osma ukolga ulab qo‘yishibdi. O‘sha ukoldan keyin turmadi, olamdan o‘tdi. Yana biri, o‘sha amamning qudasi, yana biri ham shunaqa uzoqroq qarindoshimiz. Quda xola kasalxonadan chiqqanidan keyin uyiga borib, 1 hafta ichidamikin, insultdan o‘ldi. Katta yoshdagilarning tuzalishi qiyin ekan o‘zi”, - deydi Yo‘ldosheva.

Samarqandlik pulmonolog: koronavirusdan keyin eng ko‘p uchrayotgan asorat - Fibroz

Samarqandlik 37 yashar pulmonolog shifokorning aytishicha, koronavirusning og‘ir turi bilan xastalanib shifoxonaga tushib qolgan bemorlarda eng ko‘p uchrayotgan asorat – o‘pka fibrozidir. Ammo, koronavirus asoratidan o‘lim holatlari ko‘p emas, deya ta’kidladi bu vrach:

“Aksar bemorlarda o‘pkada fibroz hosil bo‘lgan (o‘pkadagi chandiq - tahr). Fibrozning tuzalishi juda sekin kechadigan jarayon, aksar bemorlarda kechmasligi ham mumkin. Bu organizmning holatiga bog‘liq. Nazarimda, koronavirusdan og‘ir asorat qolgan bemorlar 10 foizni tashkil qiladi, bular orasida o‘ziga kelolmay vafot etganlari 4-6 foizdir. Lekin bu mening taxminim, xolos. Buni o‘rganish kerak. Biz endi koronavirus epidemiyasidan qutuldik. Uning oqibatlari ham o‘rganilsa kerak yaqin orada”.

Pulmonologning kuzatuvicha, fibrozga uchragan bemorlar uy sharoitida davolanishni davom ettirishi mumkin. Shuningdek, bu shifokor aksar bemorlarda gormonal terapiyaning asoratlari ham kuzatilayotganini xavotir bilan qayd etdi:

“Kasallik yangi, davolash protokoli ham yangi, bemorlarga qo‘llangan dori darmonlar ham yangi. Shu bois koronavirus oqibatlari, ayniqsa, gormon dori vositalarining ta’siri – hali biz shifokorlar uchun yangi muhit, bunday olganda. Buning hammasin kuzatish kerak, bu terapiya va aslida koronavirusning organizmga ta’siri, asoratlarini tahlil namunalarini olib, yangi va eskisiga solishtirib, o‘rganish kerak. Bu juda katta jarayon, vaqt kerak, mutaxassislar kerak, laboratoriyalar kerak. Toshkentda bor, o‘rganishlar borayotgandir, lekin viloyatlarda unaqa sharoitlar yo‘q hali”.

Statistika qo‘mitasi: 2020 - yilda o‘lim holati keskin oshgan

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatda 2020 - yilgi demografik vaziyat bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.

Bu hisobotning eng e’tiborli jihati, 2020 - yildagi o‘lim holatiga oid raqam bo‘lib qolmoqda – o‘tgan yilda 175,6 mingta o‘lim qayd etilgan, o‘tgan yilgidan keskin oshgan - 21 mingtaga ko‘p bo‘lgan. O‘lim statistikasi 2019 - yil boshida 154,6 mingta, 2018 - yil boshida 154,9 mingtani tashkil qilgan.

Qo‘mita hisobotida o‘lim holati oshishi sabablari keltirilmagan. Ammo, Ozodlik gaplashgan shifokorlar, mutaxassislar va oddiy o‘zbekistonliklar, ortiqcha 21 ming kishi koronavirusdan vafot etganlardir, degan yakdil taxminni ilgari surdilar.

Buyuk Britaniyadagi tadqiqot: koronavirus bemorlarining 30 foizi yana shifoxonaga tushgan

Buyuk Britaniyadagi Lester universiteti va Statistika milliy byurosi o‘tkazgan qo‘shma tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirus bilan og‘rigan bemorlarning 30 foizga yaqini yana kasalxonaga tushib qolgani kuzatilgan.

Olimlar 48 mingga yaqin bemorning xastalikdan keyingi ahvolini kuzatgan. Natijaga ko‘ra, virusga chalinganidan keyingi 140 kun ichida kuzatuvga olinganlarning 29,4 foizi yana shifoxonaga tushib qolgan, 12,3 foizi vafot etgan.

Aksar bemorlarda yurak kasalligi, qandli diabet, xronikjigar va buyrak xastaliklari kuchaygani kuzatilgan.

Hozirda Buyuk Britaniya olimlari bu bemorlarni ham koronavirus qurbonlari statistikasiga qo‘shish lozim, degan xulosaga kelmoqda.

Britaniyadagi amaliyotga ko‘ra, COVID-19 kasalligini qo‘zg‘ovchi koronavirusga chalingan bemorlar, keyingi 28 kun ichida vafot etgani taqdirda, ushbu kasallikdan o‘lgan bemor sifatida qayd etiladi.

O‘zbekistonda esa, SSV rasmiylariga ko‘ra, bu muddat rasman 14 kunni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG