Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:43

COVID-19 markazlari yopilayotgan O‘zbekistonda rasmiy statistika bo‘yicha savollar ochiq qolmoqda


O‘zekspormarkazda tashkil qilingan COVID-19 markazi, avgust, 2020
O‘zekspormarkazda tashkil qilingan COVID-19 markazi, avgust, 2020

Toshkentda qator COVID-19 markazlari yopilayotgani rasman ma’lum qilindi, viloyatlarda esa bu jarayon bir haftadirki davom etmoqda.

Toshkent shahri va Namangan, Qashqadaryo viloyatlaridagi tibbiyot xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 2 hafta ichida yangi aniqlanayotgan bemorlar soni muttasil pastlab bormoqda.

Rasmiylar, markazlar vaqtincha konservatsiya qilinayotgani, tibbiyot xodimlari ham zarurat tug‘ilganda, darhol qaytish sharti bilan doimiy ish joyiga qaytarilayotganini bildirmoqda.

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, kasallik tarqalishining pastlashi koronavirus yuqish zanjirining uzilishi hamda aholining katta qismida immunitet shakllanib uglurgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ammo uy sharoitida o‘zini o‘zi davolayotgan bemorlar soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Tibbiyotchilar bunday bemorlar soni qayd etilganlardan hanuz bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin, demoqda.

Kovid markazlari yopila boshlagani haqidagi ilk rasmiy bayonot 24 - noyabrda berildi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumani sektor rahbarlari sayyor qabul o‘tkazib, bu tumandagi 1008 o‘rinlik “Atlas” kovid markazi yopilganini ma’lum qildi.

Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev tez orada 505 o‘rinlik «Yoshlik» sport majmuasidagi markaz ham ishini to‘xtatishini aytdi.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00


“Iyun oyida boshlaganimizda, bitta saralash markazimizda kuniga 200–250 talab bemorlarni qabul qilayotgandik. Ular orasidan kuniga 10 tadan 25tagacha bemorda pnevmoniya, 15 tadan 20 tagacha bemorda COVID-19 aniqlanayotgandi. Xudoga ming qatla shukr, bugungi kunda kovid chiqayotgani yo‘q. Kecha faqat bir bemorda pnevmoniya chiqibdi. 18ta, 12ta, 10ta, 4ta, 3ta, 2ta, 1 ta bo‘lib kamayib bordi. Shuning uchun ham karantinni yumshatdik”, - dedi Abduqahhor To‘xtayev.

Bu rasmiy kovid markazlari konservatsiya qilinayotganini aytib, kelgusida kasallik yana tarqalmasligi uchun aholi ehtiyot choralarini ko‘rishda davom etishi kerakligini urg‘uladi.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soniga oid berilayotgan rasmiy raqamlarning haqqoniy vaziyatni aks ettirmayotgani ko‘p marotaba oshkor bo‘ldi. Shu bois kovid markazlarini yopish qarori ham jamoatchilik tomonidan shubha bilan qarshi olinayotgani kuzatilmoqda.

Ozodlik bu bayonot ortidan Toshkent shahri va ayrim viloyatlardagi vaziyatni o‘rgandi.

Jumladan, koronavirus bemorlari soni nisbatan ko‘p qayd etilgan Namangan viloyatida mavjud 7 ta COVID-19 markazidan 5 tasi yopilgani ma’lum bo‘ldi.

Viloyatda o‘ta og‘ir bemorlarni davolab kelayotgan “Barkamol avlod” sport majmuasida ochilgan markazda ishlagan shifokordan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘nlab hamkasbi ikki kun muqaddam o‘zining doimiy ish joyiga qaytarilgan.

“Bugundan o‘zimizning poliklinikada ishga chiqdim. Ungacha viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi va “Barkamol avlod” kovid markazida ishladim. Bizda 7 ta kovid markaz bor edi, 5 tasi konservatsiya qilindi, ehtiyot shart. Kasal rostdan ham kamaygan, to‘g‘risi o‘zimiz ham kutmagandik. Aksincha, noyabrni o‘rtasi – dekabrdan kasal ko‘paysa kerak yana, deb qo‘rqib turgandik. Haliyam qo‘rquv bor, lekin hozir ahvol yaxshilandi”, - dedi oliy toifali infeksionist vrach.

Ismi oshkor etilmasligini so‘ragan bu vrach kasallikning kamayishi sababini virus tarqalish zanjirining uzilishi hamda aholining hanuz ehtiyot choralariga amal qilayotgani, deb hisoblashini bildirdi.

“Kasallik kamayibdi, deb yana katta to‘ylarga o‘tib ketsak, niqoblarni yechib, ijtimoiy masofani ushlamasak, yana yozdagi ahvol takrorlanishi mumkin. Shuning uchun, aholimiz o‘zi juda ehtiyot bo‘lishi kerak. 150 kishilik to‘ylarga o‘zimizni ursak, virus yana ko‘tarilishi mumkin”, - deb tavsiya qildi shifokor.

Namangan viloyati markaziy shifoxonasining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimiga ko‘ra, hozir viloyatdagi koronavirus bemorlari 400 o‘rinlik “Barkamol avlod” kovid markazi hamda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Boshqa markazlar vaqtincha yopilgan, shifokorlari esa ish joylariga qaytarilgan.

“Kovitolog sertifikati berilgan vrachlarning hammasi maxsus ro‘yxatga olingan, zarurat bo‘lishi bilan yana ishga qaytariladi. Hozir ular o‘zlari doimiy ishlagan shifoxonalarga qaytarilgan”, - dedi rasmiy Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Toshkent shahri Zangiota tumanida COVID-19 bemorlari uchun qurilgan maxsus shifoxonada ishlagan hamshiraning aytishicha, bu maskanga keltirilayotgan bemorlar sonida ham so‘nggi 10 kun ichida muttasil pastlash kuzatilmoqda.

“Yangi kasallanganlar soni kamayyapti, bu to‘g‘ri. Men aniq raqamni aytolmayman, bizga aytishmaydi. Lekin ozaygani ko‘rinib turibdig‘da. Hozir shahardagi boshqa kovid markazlarini yopishgani uchun bemorlarni bizga olib kelishyapti, shuni hisobiga bizda kunlik qabul unaqa keskin ozaymadi hali”,- dedi hamshira.

Ozodlik Zangitota shifoxonasi ma’muriyatidan bu borada rasmiy izoh ololmadi.

Bu shifoxona 2020 - yilning mayida qurib bitkazilgan va unda Toshkent shahri hamda viloyatida aniqlangan, ahvoli o‘rta og‘ir va o‘ta og‘ir bo‘lgan koronavirus bemorlari davolanmoqda.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi oilaviy poliklinika (OP) bosh shifokorining aytishicha, qariyb 300 ming aholi yashaydigan tumanda 25 - noyabr kuni koronavirus aniqlangan birorta bemor qayd etilmagan.

24 - noyabr kuni 3 bemor, 23 - noyabrda 2 nafar, 2 hafta muqaddam esa bir kunda 8 bemor qayd etilgan edi.

“Noyabr oyi ichida kunma-kun bemorlar soni tushib keldi. Oktabrni boshlarida kuniga 20-25 tadan yangi kasallar aniqladik. Yengillarini uyida davolayotgan edik, og‘irroqlarini kasalxonaga joylayotgandik. Hozir 3 nafardan chiqyapti, bugun shu soatgacha hali birortayam bemor aniqlanmadi”, - dedi OP bosh shifokori.

Toshkent shahri va viloyatiga mamlakatda aniqlangan jami bemorlarning 70 -78 foizi to‘g‘ri keladi.

Shu yilning 5 - iyulidan kasallik yengil kechayotgan bemorlarni uy sharoitida davolash tartibiga o‘tilgach, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish vazifasi OP, ko‘p tarmoqli poliklinika, qishloq oilaviy poliklinikalari (QOP) hamda qishloq vrachlik punktlariga (QVP) yuklandi.

Uchtepalik shifokorning aytishicha, iyul-avgust oylarida bu muassasalar muqaddam misli ko‘rilmagan bosim ostida ishlagan.

“Bizning rayonni o‘zida kuniga 200 tagacha bemor aniqlangan kunlar bo‘ldi. Tunu kun to‘xtovsiz ishladik. Bizning poliklinikaning o‘ziga bir kunda 60 tagacha chaqiriq tushgan kunlar bo‘ldi. Hozirga kelib, aholining katta qismi o‘tkazdi bu kasallikni, ko‘pchilikda immunitet shakllandi. Lekin dekabrda yana qaytishi mumkin, degan xavotir bor. Rossiyadagi ahvolni ko‘rib turibsiz, yana avj oldi. Bizda ham shu ahvol bo‘lib qolishi mumkin, shuning uchun hamma personalimiz tayyor turibdi”,-dedi bosh shifokor.

Bemorlar soni nisbatan oz qayd etilgan Qashqadaryoda esa kovid markazlarining dastlabkilari 10 kun muqaddam yopilgan.

Koronavirus bemorlarini davolagan terapevt shifokorga ko‘ra, shu kunda viloyat markazidagi “Geologlar sihatgohi” hamda Sog‘lomlashtirish sport majmuasida ochilgan markazlarda koronavirus bemorlari davolanmoqda:

“Og‘ir bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida. 4 kun muqaddam qariyb 30 nafar ahvoli barqaror bemor qolgandi. Ahvoli og‘ir bemorlar viloyat bo‘yicha shu kasalxonada davolandi, yengillari o‘zining rayonlarida davolandi. Shikoyatlar ham kamaydi aholida. Qutulganimiz shu bo‘lsin, deb suyunib-suyunib o‘zimizning ishimizga qaytdik”.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasa COVID-19 bemorlari uchun ajratilgan va ularda jami 17 ming 500 ta o‘rin bor.
25 - noyabrga kelib, mamlakat bo‘ylab 2 ming 118 bemor shifokor nazorati ostida davolanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlagan sobiq rasmiyning aytishicha, aslida shu kundagi rasmiy statistika asl statistikaga "nisbatan yaqin bo‘lishi mumkin":

“Hozir oradagi farq yaqinlashdi, va nihoyat. Lekin, bu raqamlar ichida hanuz uyida davolanayotgan engil kasallar yo‘q. Kovid markazlari yopildi, kasal kam, deyishganda ham uydagi bemorlar hisobga olinmayapti. Chunki bemorlarning asosiy qismi uyida, o‘zining hisobidan davolanyapti-da haliyam. Odamlarning ko‘pchiligi oyoqda o‘tkazyapti, kasal borliginiyam bilmaydi. Odamlarda ham qo‘rquv kamayib qoldi. Keyin, avj palla rostdan ham o‘tdi shekilli-da – ommaviy kasallanish va o‘lim hollari rostdan keskin pastladi. Eng muhimi, pnevmoniya kamaydi. Lekin kasallanish bor haliyam, shunchaki, ularning hammasi qog‘ozga tushayotgani yo‘q”.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 - noyabr soat 20:00 ga qadar bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 72 178 nafarni tashkil etmoqda.

25 - noyabr kuni mamlakat bo‘ylab 80 ta yangi bemor qayd etilgan. Rasmiy statistikaga ko‘ra, kasallik ko‘p tarqalayotgan hududlar Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG