Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:14

"Demokratiya uchun sammit": Bayden rahbarlarni demokratiyadan chekinishni to‘xtatishga chaqirdi


Bayden videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan sammitni prezidentligining birinchi yili uchun ustuvor masala  deb atagan.
Bayden videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan sammitni prezidentligining birinchi yili uchun ustuvor masala  deb atagan.

AQSh Prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Oq Uyda demokratiyaga bag‘ishlangan birinchi sammitni o‘tkazdi. Videokonferensiya shaklida o‘tgan sammitda Bayden global evrilishlar haqida ogohlantirib, davlatlar rahbarlarini demokratik institutlarni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

“Associated Press” agentligining yozishicha, Bayden demokratiyani mustahkamlash uchun sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish zarurati allaqchon yetilganini ta’kidlagan. Ayni paytda u Qo‘shma Shtatlarning o‘zining demokratik institutlar va an’analari borasidagi muammolariga ham ishora qilgan.

“Bu shoshilinch masala. Ma’lumotlar voqelik biz istamagan yo‘nalishda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda”, deya o‘z nutqini boshlagan Bayden sammit ochilishida.

Bayden ushbu sammitni prezidentligining birinchi yili uchun ustuvor masala deb atadi. U AQSh va ittifoqchilari butun dunyoga har qanday jamiyat rivoji uchun avtokratiya emas, aynan demokratiya yaxshiroq ekanligini ko‘rsatishi kerakligini bir necha bor urg‘ulagan.

Bu Bayden tashqi siyosatining asosiy tamoyili bo‘lib, u Donald Trampning “Amerika birinchi” yondashuvidan ko‘ra ko‘proq istiqbolli bo‘lishga va’da bergan.

Sammit oldidan AQShdagi Xitoy va Rossiya elchilari qo‘shma bayonot chiqarib, Bayden ma’muriyatini “dunyoda mafkuraviy qarama-qarshilik va nizolarni keltirib chiqaradigan”, “sovuq urush mentaliteti” namoyon etiladigan yig‘ilish o‘tkazishda ayblashdi. Bayden ma’muriyatining davlatlarni taklif qilishdagi yondashuvi ham tanqidga uchragan.

Baydenning ochilish nutqidan so‘ng, ishtirokchi davlat rahbarlari birin-ketin so‘zga chiqib, demokratiyaning ahvoli haqida o‘z mulohazalarini bildirgan. Ularning ko‘pchiligi, juda tez rivojlanib borayotgan texnologiyalarning o‘z mamlakatlariga ta’siri haqida gapirishgan. Ular, shuningdek, saylovlarni buzishga qaratilgan dezinformatsion kampaniyalarning kuchayib borayotganidan xavotir bildirganlari aytiladi.

“Demokratik muloqot o‘zgarmoqda. Yangi texnologiyalar va yirik texnologiya kompaniyalari demokratik muloqot uchun zamin yaratmoqda, ba’zida esa so‘z erkinligidan ko‘ra ko‘proq odamlarni qamrab olishga e’tibor qaratilmoqda”, degan Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen.

Chorshanba kuni e’lon qilingan yangi yillik hisobotida CIVICUS global huquqlar indeksi 2021 - yilda 13 mamlakatda fuqarolik erkinliklari o‘tgan yilga nisbatan yomonlashganini qayd etdi. Hisobotga ko‘ra, faqat Mo‘g‘ulistonda fuqarolik erkinliklari biroz yaxshilangan. Guruh tomonidan o‘rganilgan 197 mamlakatning faqat 39 tasi ochiq jamiyat sifatida baholangan.

“Pew” tadqiqot markazining shu hafta e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, “odamlar demokratiyani yaxshi ko‘rsa-da, ularning demokratiyaga sodiqligi yetarlicha kuchli emas”. Hatto boy davlatlar, jumladan, AQShda ham harbiy boshqaruvni ma’qul ko‘radiganlar bor.

Xitoy Tayvanni sammitga taklif qilinganidan qattiq g‘azablangan. Xitoy Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb da’vo qiladi va uning xorijiy hukumatlar bilan mustaqil aloqada bo‘lishiga qarshi.

“Faktlar yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, “Liderlik demokratiyasi sammiti” deb atalgan bu sammit hech qanaqasiga xalqaro farovonlikka erishishni ko‘zda tutmaydi, balki Amerikaning xususiy sektoriga xizmat qiladi. Buning global demokratiyaga hech qanday aloqasi yo‘q, bu bor-yo‘g‘i Amerika gegemonligini saqlab qolish uchun”, deya Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbindan iqtibos keltirgan “Associated Press”.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon konferensiyada qatnashishdan bosh tortgan.

Yevropa Ittifoqining taklif qilinmagan yagona a’zosi bo‘lgan Vengriya sammitga chaqirilmaganidan norozilik bildirdi.

NATO a’zosi Turkiya va AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi Misr ham sammitdan chetda qoldi. Bayden ma’muriyati har ikki mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xavotirlarini bildirgan. Biroq sud tizimi va ommaviy axborot vositalarining mustaqilligiga zarar yetkazgani uchun tanqidga uchragan Polsha taklif qilingan.

Sammit ro‘yxatiga sobiq sovet respublikalaridan Ukraina, Armaniston, Gruziya, Moldaviya, Litva, Latviya va Estoniya kiritilgan, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa tushirib qoldirilgan.

XS
SM
MD
LG