O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan deputatlik faoliyatini muddatidan oldin yakunlashga qaror qildi. Bu haqda G‘aniyev o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.
“Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dardu tashvishlarini, muammo va hohishlarini Parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlarni adolatli va insonparvar bo‘lishiga hissa qo‘shish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi”, deb yozgan Doniyor G‘aniyev.
O‘z postida G‘aniyev “inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak”ligini urg‘ulagan.
“Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chelenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti”, degan deputat yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qilganini, keyingi faoliyatini esa Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida mas’ul xodim sifatida davom ettirishini bildirgan.
Parlament quyi palatasi a’zoligiga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan Doniyor G‘aniyev palatadagi kam sonli faol deputatlardan biri edi. U O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi, Farg‘ona viloyati sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyevning jiyani (akasining o‘g‘li) bo‘lib hisoblanadi.
Doniyor G‘aniyev muddatidan avval faoliyatini tugatishga qaror qilgan deputatlarning birinchisi emas. 2022-yilning dekabr oyida ijtimoiy pozitsiyasi faolligi bilan tanilgan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlikdan iste’fo bergani haqida Ozodlik avval xabar qilgan edi. Kusherbayev parlament quyi palatasining davlat budjeti loyihasi muhokamaga qo‘yilgan sessiyasida o‘ziga so‘z berilmaganiga norozilik belgisi sifatida deputatlik mandatini topshirish qaroriga kelganini aytgandi.
Shu yilning mart oyida esa o‘zbekistonlik taniqli deputatlardan yana biri – Chirchiq shahar kengashi deputati Jahongir To‘laganov ham deputatlik mandatini topshirishga qaror qilgan.