Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:57

Do‘stum: Kecha va bugun. O‘zbek marshal Afg‘onistonga qaytdi, tahlilchilar uning qudrati haqida tortishmoqda


Marshal Abdulrashid Do‘stum o‘z portreti fonida nutq so‘zlamoqda. Afg‘oniston, Jauzjon viloyati markazi Shibirg‘on shahri - 2020, 19 - fevral
Marshal Abdulrashid Do‘stum o‘z portreti fonida nutq so‘zlamoqda. Afg‘oniston, Jauzjon viloyati markazi Shibirg‘on shahri - 2020, 19 - fevral

9 - avgust kuni Afg‘oniston poytaxtida mamlakatning yetakchi siyosatchilari va harbiylari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Tolibonga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Ozodlikka Afg‘oniston hukumatiga yaqin manba xabar qildi.

5 - avgustga o‘tar kechasi afg‘onistonlik o‘zbeklar yetakchisi marshal Abdulrashid Do‘stum uzoq davom etgan muolajadan so‘ng Turkiyadan vataniga qaytgan va mamlakatdagi kuchlarni Tolibonga qarshi kurashda birlashishga chaqirgan edi.

Do‘stum Kobulga qaytganidan ikki kun o‘tgach, toliblar shimoldagi uch viloyat- Qunduz, Tahor va Saripul viloyatlari markazlarini bosib olgani xabar qilindi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha tutgan pozitsiyasi tanqidga uchramoqda.

Marshal Do‘stum Afg‘onistonga qaytgan kunning ertasiga uning Shibirg‘on shahridagi (Afg‘oniston shimoli) uyi yoqib yuborilgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi, biroq bu xabarlarni Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkan 10 - avgustda rad etdi: uning so‘zlariga ko‘ra, Do‘stumning uyiga toliblar bostirib kirgan, talon-toroj qilgan, biroq o‘t qo‘ymagan.

Olim Ko‘hkanning 5 - avgust kuni xabar qilishicha, Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti, mamlakat o‘zbeklari rahbari marshal Abdulrashid Do‘stum mamlakat poytaxtida o‘z tarafdorlari oldida qilgan chiqishida “Afg‘onistonga qarshi xavfli fitna davom etayotgani” haqida gapirgan. U mamlakat rahbarlarini vatanni himoya qilish uchun jiddiy qadamlar tashlashga chaqirgan:

Biz dushmanning mash’um rejalarini har doim barbod qilganmiz. Xudo xohlasa, bu gal ham barbod qilamiz!

“Bu fitna shunchaki oddiy, kichik fitna emas, - degan Do‘stum, - Afg‘onistondagi vaziyatning qaltisligidan kelib chiqib, jiddiy choralar ko‘rish lozim. Biz, siyosiy rahbarlar va generallar birgalikda muhim qarorlar qabul qilishimiz lozim. Biz bu yurtni himoya qilishimiz darkor. Biz dushmanning mash’um rejalarini har doim barbod qilganmiz. Xudo xohlasa, bu gal ham barbod qilamiz!”

Marshal Do‘stum “qiyin kunlarda xalqining yonida bo‘lish uchun qaytib kelganini” bildirdi. U Turkiyada davolanishga sharoit yaratib bergani uchun prezident Erdo‘g‘on va Turkiya hukumatiga minnatdorchilik izhor etdi.

Marshal Do‘stum bundan ikki oy muqaddam davolanish uchun Turkiyaning maxsus uchog‘ida Anqaraga olib ketilgan. Ma’lumotlarga qaraganda , Do‘stumning qandli diabet kasalligi bor.

Kobuldagi Afg‘oniston hukumatiga yaqin tahlilchi Hafizulloh Fayoz 10 - avgust kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, marshal Do‘stumning toliblarga nisbatan hamisha qat’iy pozitsiyada bo‘lganini aytdi:

Marshal Do‘stumning Tolibonga qarshi kuni kecha qilgan chaqirig‘i yangilik emas. U Tolibonga qarshi munosabatida har doim sobit bo‘lgan.

“Marshal Do‘stumning Tolibonga qarshi kuni kecha qilgan chaqirig‘i yangilik emas. U Tolibonga qarshi munosabatida har doim sobit bo‘lgan. U har doim shunday chaqiriqlarni qilib kelgan. Afsuski, rasmiy Kobul bunga, ya’ni Tolibondan kelayotgan tahdidga o‘z vaqtida yetarli e’tibor bermadi va natijada mamlakat bugungi ahvolga tushdi”.

Hafizulloh Fayozning ma’lum qilishicha, marshal Do‘stum 6 - avgust, juma kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashgan.

“Fikrimcha, kechagi (9 - avgust) kungi yig‘ilish o‘sha muloqotning mahsuli bo‘lsa kerak”, - dedi Hafizulloh Fayoz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kungi uchrashuvda “Afg‘oniston prezidenti va mamlakatning yirik, ko‘zga ko‘ringan arboblari ishtirokida katta yig‘in bo‘lib o‘tdi. Yig‘indan maqsad barcha kuchlar birlashib, Tolibonga qarshi kurash rejasini tuzish edi”. Tahlilchi aytayotgan bu yig‘ilish to‘g‘risida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Bunday yig‘in aynan Do‘stumning tashabbusi bilan o‘tkazilganini nima bilan dalillaysiz, degan savolga tahlilchi “Agar Do‘stumsiz o‘tadigan bo‘lsa, shu paytgacha o‘tkazgan bo‘lardilar”, - deya javob qaytardi.

Marshal Do‘stumning Afg‘onistonga qaytishi mamlakatdagi, xususan, asosan o‘zbeklar yashaydigan shimoldagi vaziyatga qanday ta’sir qilishi mumkin? Do‘stumning ortida qanday kuch bor?

Olim Ko‘hkanning aytishicha, Do‘stum Tolibonga qarshi kurashda muhim "ramz"ga aylangan:

Do‘stum ramzdir. Kurash va g‘alabalar ramzidir. Uning mamlakatda bo‘lishi uning tarafdorlariga ruh beradi.

“Do‘stum ramzdir. Kurash va g‘alabalar ramzidir. Uning mamlakatda bo‘lishi uning tarafdorlariga ruh beradi. Biroq amalda bugungi Do‘stum kechagi Do‘stum emas. Uning qo‘lida avval bo‘lgan tanklari, uchoqlari yo‘q”.

Biroq kobullik tahlilchi Hafizulloh Fayozning fikricha, Tolibon tahdidi umumiy vaziyatni, shu jumladan, Do‘stum bilan markaziy hukumat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zgartirdi. “Do‘stumning qudrati - uning rejasi mamlakat prezidenti tomonidan qabul qilinib, kechagi yig‘inning o‘tkazilishida”, - dedi afg‘onistonlik tahlilchi.

Olim Ko‘hkanning xabar qilishicha, marshal Do‘stum Afg‘onistonga Toshkent orqali qaytgan. Ayni paytda Turkiyadan Afg‘onistonga muntazam havo qatnovi mavjud. Do‘stumning Toshkent orqali qaytgani borasida biron rasmiy ma’lumot mavjud emas.

2020 - yilning sentabrida O‘zbekistonning davlatga qarashli O‘zA axborot agentligi marshal Abdurashid Do‘stumga minbar bergan.

Unda Do‘stum Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida o‘zbek tilida qilgan nutqini “Afg‘onistondagi o‘zbeklarni chin ma’noda g‘ururlantirgani”ni aytgan edi.

O‘tmishda rasmiy Toshkent Do‘stumning O‘zbekiston bilan rishtalarini rad etib kelgan, marhum prezident Islom Karimov 1998 - yilda Abdulrashid Do‘stumni “o‘zbek generali” deb atashga qarshiligini aytgan edi.

Tolibon harakati AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika harbiylari 11 - sentabrgacha olib chiqib ketilishini e’lon qilganidan so‘ng hujumlarini kuchaytirdi. Bu hujumlar Afg‘onistonning shimoliy qo‘shnilari, jumladan O‘zbekistonda ham tashvish uyg‘otdi.

Tolibon Markaziy Osiyo davlatlari chegaralariga chiqqan bir paytda Toshkentda yirik mintaqaviy anjuman - “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Afg‘oniston va Pokiston prezidentlari ishtirok etgan anjumanda Tolibon vakillari qatnashmagan, ammo Toshkent so‘nggi yillarda toliblar bilan faol muloqot olib borayotgani ma’lum.

Konferensiya arafasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ThisisAmerica TV muxbiri Dennis Wholey bilan suhbatda "shaxsan o‘zi Tolibonni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligi" haqida bayonot bergan edi.

Bugunga kelib, Tolibon o‘z hujumlarini kuchaytirib, shimol va janubdagi bir necha viloyat markazlarini ishg‘ol qilishi fonida ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Toshkentning Afg‘oniston masalasida tutayotgan pozitsiyasi tanqidga uchramoqda.

Xususan, Telegramdagi Bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirov 10 - avgust kuni "Tolibonni tinchlantirish siyosati kasodga uchragani" haqida yozdi:

Toliblarni "tinchlantirish" siyosati kasodga uchraganini, afsuski, hech bir tashqi kuch tan olmayapti.

“Toliblarni "tinchlantirish" siyosati kasodga uchraganini, afsuski, hech bir tashqi kuch tan olmayapti. 2 oy avval toliblar Afg‘oniston o‘tish hukumati tarkibiga kirishga qarshi emasdi. Bugun esa bu taklifni ochiqdan-ochiq rad etishmoqda. "O‘tish davri hukumatini tuzish - bizning rejamizda yo‘q", demoqda toliblar vakili Zabihulla Mujohid. Boshqacha aytganda endi toliblarga butun Afg‘oniston kerak, ular hech kim bilan Afg‘onistonni bo‘lishmoqchi emas. Toliblarning vaqtinchalik ittifoqchilari, shimol va sharqdagi homiylariga berayotgan boshqa va’da-yu, ishontirishlari ham hech qanday qiymatga ega emas. Ular har qanday kelishuvdan avval qanday rozi bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday predlog bilan chiqib keta olishni o‘zlari oson ep ko‘ra olishadi”.

Afg‘onistonda zo‘ravonliklar kuchayganiga qaramasdan, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Amerika kuchlarini olib chiqib ketish bo‘yicha belgilangan jadval - shu oy oxirida yakunlanishi kutilayotgan muhlatga qat’iy amal qilishini aytmoqda.

Ayni paytda Tolibon muzokara chaqiriqlarini rad etgan va AQShni Afg‘onistonga qayta harbiy aralashuvning ehtimoliy oqibatlaridan ogohlantirgan.

Afg‘onistondagi vaziyat 7 - avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Turkmanistonda o‘tgan uchinchi maslahat uchrashuvi kun tartibidagi asosiy mavzulardan bo‘lgan.

Ayni paytda Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara hududida Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston harbiylarining qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. Avvalroq Rossiya va O‘zbekiston harbiylari Termiz poligonida qo‘shma harbiy mashqlarni o‘tkazgan. Ayrim tahlilchilar Rossiya Tolibon tahdididan mintaqadagi pozitsiyasini mustahkamlash yo‘lida foydalanishi mumkinligini aytishmoqda.

Rossiya rasmiylari Tolibon Markaziy Osiyo davlatlari chegaralariga tahdid solmasligini aytishgan.

«Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolat berdi", deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 8 - iyul kuni tarqatgan bayonotda.

O‘tgan vaqt mobaynida toliblar Afg‘oniston bo‘ylab hujumlarni yanada kuchaytirdi. O‘tgan jumadan buyon Tolibon mamlakat shimolidagi 6 ta viloyat markazini qo‘lga kiritdi.

XS
SM
MD
LG