Ukrainaga bosqin tufayli Rossiya G‘arb sanktsiyalariga nishon bo‘ldi, Markaziy Osiyo mamlakatlari esa rossiyaliklar uchun kam sonli naqd dollar manbalaridan biriga aylandi. Biroq AQSh valyutasining chiqib ketishi mintaqaning o‘zida ham muammolarni vujudga keltirmoqda.
Pul jo‘natmalari ko‘paydi. Jo‘natayotganlar kim?
Ukrainada urush boshlanishi ortidan Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlari pul jo‘natish karrasiga oshdi. Ayni chog‘da mintaqadan Rossiyaga pul o‘tkazmalari hajmi ham sezilarli darajada o‘sdi.
May oyining o‘zida Qirg‘izistondan xususiy shaxslar tomonidan 85,5 million dollar olib chiqib ketilgan, shundan 80,1 millioni – Rossiyaga. Qirg‘iz Milliy bankiga ko‘ra, bu o‘tkazmalar hajmini hisob-kitob qilish boshlangan 2005-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ayni chog‘da mamlakatga chetdan 257,2 million dollar pul kelgan bo‘lib, shundan 245,6 millioni Rossiyadan jo‘natilgan.
Yil boshidan may oyi oxiriga qadar Qirg‘izistonga 1 mlrd 30,4 mln dollar o‘tkazilgan, shundan 981,5 millioni – Rossiyadan. Mamlakatdan Rossiyaga olib chiqib ketilgan mablag‘ hajmi esa 260 million dollarga teng. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga oid ko‘rsatkichdan xiyla katta. 2021-yilning 5 oyi mobaynida Qirg‘izistonga 962,7 million dollar pul kelgan, 200 million dollar mamlakatdan olib chiqib ketilgan edi.
Chetdan pul o‘tkazmalari hajmi ortishi mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Chunonchi, O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida xorijdan 6,5 milliard dollar jo‘natilgan. 2021-yilning shu davriga qiyoslaganda o‘sish 96 foiz yoki 3,2 milliard dollarni tashkil etgan. Markaziy bank mablag‘lar qaysi mamlakatlardan kelgani va chet elga qancha pul chiqib ketganiga doir tafsilotlarni ochiqlamagan. Ayni chog‘da O‘zbekistonda jismoniy shaxslar orasida AQSh dollari sotib olishga talab ortgani qayd etilmoqda. Hisobot davrida 6,66 milliard dollar sotib olinganki, bu o‘tgan yilgidan 2,33 milliardga ko‘pdir.
Rossiyaning “Kommersant” nashri yozishicha, joriy yilning mart oyida RFdan Qozog‘istonga jami 9,5 million dollar o‘tkazilgan, ammo may oyida ushbu ko‘rsatkich birdaniga qariyb 10 karra – 94,5 millionga oshgan.
O‘zbekistondagi vaziyat
Ozodlik O‘zbekistonning ayrim hududlarida naqd so‘m va xorijiy valyuta taqchilligi kuzatilayotgani haqida yozgan edi. Ba’zi viloyatlarda fuqarolar bankomatdan naqd pul yechish uchun navbatga turishmoqda. Shuningdek, banklar cheklovlar joriy etilganini ro‘kach qilib fuqarolarga naqd pul berishni rad etayotgani haqida xabarlar bor.
“O‘rganishlar jarayonida pul o‘tkazmalari keskin ko‘payishining asosiy sabablaridan biri Rossiyada naqdsiz va naqd valyuta kurslari orasida 15-20, ba’zan 30 foiz tafovut mavjudligi, degan xulosaga keldik. Rossiya banklarida naqd valyuta sotib olishda qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Ilgari Rossiyadagi fuqarolarimiz pullarini O‘zbekistonga qaytayotgan tanish-bilishlari orqali berib yuborishardi. Valyuta to‘siqlari bu imkoniyatlarni chekladi. Endilikda pullar real, rasmiy kanallar orqali o‘tkazilmoqda”, degan edi O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov.
O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov Markaziy bank qayd etgan o‘sishni "spekulyativ" deb atadi. Uning yozishicha, yuzaga kelgan holat Rossiya rublining bosimi natijasidir:
“Dinamika va sur’atlardan ham bilsa bo‘ladiki, bu ko‘rsatkichlar mehnat migrantlari va umuman tashqi transfertlar xarakteristikasi bilan bog‘liq emas. Statistikamiz ertaga bu ko‘rsatkichlarni jami daromadlarda hisobga qo‘shsa, xatolik bo‘ladi. O‘zbekistonlik migrantlar soni 3 barobarga oshgani yo‘q, o‘zbekistonlik migrantlarning daromadlari yil davomida 3 baravariga ko‘payib qolgani yo‘q.
Yuzaga kelgan vaziyat pul o‘tkazmalarini g‘irt spekulyativ va diversiya maqsadlarida ishlatishga imkoniyat bermoqda. Afsuski, bunga hech qanday qarshilik ko‘rsatilayotgani yo‘q, to‘siq qo‘yilayotgani yo‘q. Naqd valyuta yetishmovchiligi ham, naqd so‘m yetishmovchiligi ham bu oqibatlardir”.
Bir necha oy muqaddam qo‘shni Tojikistonda ham dollar tanqisligi yuzaga kelgani xabar qilingan edi. Biroq ochiq manbalarda Ukrainada urush boshlanganidan keyin mamlakatga kelgan va undan chetga olib chiqib ketilgan pul o‘tkazmalari hajmiga doir ma’lumotlar yo‘q.
Dollar Rossiyaga oqyapti
Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalarining o‘sish tendensiyasi iqtisodchilar e’tiborini tortdi. Odatda, kelayotgan pullarning katta qismini Rossiyada ishlayotgan qirg‘iz, o‘zbek va tojik mehnat migrantlarining o‘tkazmalari tashkil qiladi. Biroq, ekspertlar qayd etishicha, so‘nggi yillarda Rossiyadagi markaziy osiyolik migrantlar soni va ularning daromadlariga doir ko‘rsatkichlar pul o‘tkazmalari o‘sishiga uyg‘un bo‘lmagan.
Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirining sobiq muovini Eldor Abakirov vaziyatni Ukrainadagi urush bilan izohlaydi.
“Bu yerda migrantlar jo‘natayotgan pullardan tashqari rossiyaliklar biz orqali chetga olib chiqib ketayotgan dollarlar ham bor, shuningdek ular bu yerda naqd AQSh valyutasi sotib olishyapti. Mintaqa mamlakatlariga kelayotgan va bu yerdan chetga olib chiqilayotgan pul hajmi ortishining boshqa sababi yo‘q. Rossiyadan dollar olib chiqib ketish qiyin, chunki u yerda dollar sotilmaydi. Aholi qo‘lida esa dollar yo‘q. Ammo xorijdan xomashyo va boshqa narsalarni sotib oladigan shirkatlarga dollar kerak. Va ular atrofdagi mamlakatlarga dollar va yevro izlab kelishmoqda. Ikkinchidan, Rossiyani tark etayotgan odamlar ham bor. Ular xorijga ko‘chib ketishdan oldin mol-mulklarini rublga sotishyapti va Markaziy Osiyo mamlakatlarida pullarini dollarga ayirboshlab olishmoqda”, deydi Abakirov.
Fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng rus banklari G‘arb sanksiyalariga yo‘liqdi, ularning aksari SWIFT tizimidan uzildi. Banklar va moliya muassasalari pul o‘tkazmalariga doir ma’lumotlarni shu tizim orqali oladi. SWIFT’ga dunyoning 200 mamlakatidagi 11 mingdan ortiq bank-kredit tashkilotlari ulangan.
G‘arbning ayovsiz sanksiyalari tufayli Rossiyada rublning dollarga nisbatan qadri tushib ketdi, mamlakatda AQSh valyutasi taqchillashdi. Keyinroq dollar kursi barqarorlashdi. Rossiya valyuta bozoridagi beqarorlik Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Milliy banklar o‘z valyutalari qiymatini barqaror saqlash uchun oshig‘ich choralar ko‘ra boshladi, tijorat banklari esa hisobvaraqdan dollar olishga va AQSh valyutasini ayirboshlashga cheklovlar belgiladi. Xususan, Qirg‘izistonda dollarni naqdlashtirish chog‘ida 3-5 foizlik komissiya joriy etilgan, lekin shunda ham bir kunda 500-600 dollardan ziyod ololmaysiz. Ukraina urushiga qadar bunaqa cheklovlar yo‘q edi.
“Qop-qop dollar tashib ketilmoqda”
Qirg‘iziston hukumati Qirg‘izistondan Rossiyaga naqd dollar olib chiqib ketilayotgani haqida bir necha bor bayonot bergandi. Milliy bank raisi Kubanichbek Bokontayev Jogorku Kenesh yig‘ilishlaridan birida Rossiyaga qop-qop dollar tashib ketilayotganini aytdi.
“Naqd va naqdsiz dollar muammosi bizga ham yetib keldi. Mamlakatimizda naqdsiz dollar keragidan ortib ketdi. Biz naqd AQSh valyutasini olib-sotmaymiz. Biz naqdsiz dollar xarid qilib valyuta bozoridagi vaziyatni tuzatgan edik. Ammo tijorat banklari katta hajmdagi dollarlarni chetga chiqarishmoqda. Bu millionlab dollar degani. Ularni chayqovchilar sotib olib, qoplarda Rossiyaga tashiyapti. Chunki bizda naqd pul olib chiqib ketish taqiqlanmagan”, deydi mulozim.
Hukumat vaziyatni o‘nglash maqsadida mamlakatdan naqd dollar olib chiqib ketishga cheklov kiritishga doir qaror loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat 15-aprelda jamoat muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ajnabiylar 5 ming dollargacha, Qirg‘iziston fuqarolari esa 10 ming dollargacha naqd pul olib chiqishi mumkin bo‘ladi. Pul miqdori bu limitdan ortiq bo‘lganida esa jami summaning 10 foizi barobarida komissiya ushlab qolinadi. Biroq qaror hanuzgacha qabul qilingan emas.
Hukumat rahbari Aqilbek Japarov Rossiyaga naqd dollar olib ketilayotgani haqida shunday munosabat bildirdi:
“Afsuski, Ukrainadagi voqealar tufayli Rossiyada dollar kursi ikki turli bo‘lib qoldi. Ya’ni, rasmiy kurs va qora bozor kursi bor. Shu bois ular bizga rublda pul ko‘chirib, somga konvertatsiya qilishmoqda va keyin uni dollarga aylantirib, mamlakatdan olib chiqib ketishmoqda. Biz hukumatda mazkur masalani ko‘rib chiqib, unga qarshi kurash mexanizmlarini taklif qildik. Milliy bank ham o‘z takliflarini beradi. Naqdsiz dollar bo‘yicha cheklov yo‘q – fuqarolar va tadbirkorlar uni istagancha olishlari mumkin. Faqat naqd dollar tanqislashdi”.
Dollar tanqisligi oqibatlari
Qirg‘izistonda valyuta bozori qo‘shni davlatlarga qiyosan ochiqroq deb hisoblanardi. Biroq Rossiyaning Ukrainaga bosqini vaziyatni o‘zgartirdi. Eldor Abakirov Qirg‘iziston Milliy banki izchil siyosat olib borishi lozimligini aytadi:
“Qirg‘izistondan chetga dollar chiqib ketayotgani – xayrsiz holat. Chunki mamlakat ichkarisida AQSh valyutasiga tabiiy ehtiyoj mavjud. Bu ehtiyojni qondirish uchun zarur mablag‘ hajmini boshqalar chetga tashib ketmasligi kerak. Bunga qarshi chora sifatida Milliy bank dollarni naqdlashtirishga 5 foizlik komissiya joriy etdi. Ayirboshlash shoxobchalarida esa dollar yo‘q. Rasmiy kurs bilan oldi-sotdi kursi bir-biridan farq qiladi. Dollar olib-sotiladigan telegram-kanallar paydo bo‘lyapti. U yerdagi kurs tamom boshqacha. Qirg‘iziston Milliy banki esa tijorat banklaridan kursni 79-80 somdan oshirmaslikni talab qilayotir. Shu tariqa valyuta ayirboshlash qora bozorga ko‘chdi. Bu yaxshilikka emas. Qolaversa, naqd dollar hajmining kamayishi milliy valyuta zaxiralariga ta’sir qilishi mumkin”.
So‘nggi ikki yilda Qirg‘izistonda dollar kursi taxminan 85 som darajasida turg‘un saqlangan edi, ammo 24-fevraldan keyin vaziyat o‘zgardi. Urushning dastlabki ikki haftasida kurs 20 somga ko‘tarilib, 106 somga yetdi. So‘ngra birmuncha pasaydi. Oxirgi haftalarda rasmiy kurs 80 so‘m atrofida. Vaziyat qanday rivojlanishi mumkinligini hech bir mutaxassis bashorat qila olmayapti.
Rossiya valyuta bozoridagi beqaror vaziyat tufayli Qozog‘iston chetga 10 ming dollardan ortiq pul olib chiqib ketishni man etdi. Qirg‘izistonda esa 10 ming dollargacha pulni olib chiqishga hech bir cheklov yo‘q. Olib chiqilayotgan summa bundan ko‘p bo‘lsa, deklaratsiya to‘ldiriladi, xolos.