Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 01:05

Dunyo mamlakatlari Belarus uzra parvozlarni taqiqlab, “Belavia” uchun o‘z osmonini yopmoqda (VIDEO)


Roman Protasevich va Aleksandr Lukashenko.

Yevroittifoq sammiti ishtirokchilari Belarus aviashirkatlariga o‘z hududi orqali parvoz qilishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sammitda, shuningdek, yevropalik tashuvchilarga Belarus havo hududi uzra uchmaslik ham tavsiya qilingan. Ukraina Belarus bilan aviaaloqani to‘xtatganini ma’lum qildi. Singapur aviashirkati Belarus orqali parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi. Bular bari – bortida “Nexta” telegram-kanali bosh muharriri Roman Protasevich bo‘lgan “Ryanair” shirkati uchog‘ining Minskga majburiy qo‘ndirilishiga nisbatan madaniy dunyoning reaksiyasidir.

Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) yoyinlagan bayonotda Belarus havo hududi bexatar emasligi xususida so‘z boradi. Shu bois, EASA aviashirkatlarga faqat juda zarur hollardagina Belarus osmoniga kirishni tavsiya etgan.

“Mazkur voqea sabablari Belarus tomoni fuqaro aviatsiyasiga oid xalqaro qoidalarga hurmat bilan qarashini jiddiy shubha ostiga qo‘yadi”, deyiladi EASA bayonotida.

Chexiya

Mamlakat xavfsizlik kengashi Belarusga tegishli “Belavia” aviashirkatining Chexiyadagi faoliyatini to‘xtatib turishga qaror berdi. So‘nggi reys bugun, 26 - may kuni amalga oshiriladi. Chexiya bosh vaziri o‘rinbosari Karel Gavlichek Fransiya, Litva, Shvetsiya va Latviya, shuningdek, YeI a’zosi bo‘lmagan Buyuk Britaniya va Ukraina tomonidan shunday chora qo‘llanganini aytgan. Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, avval tasdiqlangan parvozlar Protasevich o‘tirgan uchoqning Minskga majburiy qo‘ndirilishi yuzasidan tekshiruv ishlari yakunlangunga qadar to‘xtatib turiladi.

Latviya

Latviyaning “Air Baltic” shirkati 24 - maydan boshlab o‘z uchoqlari Belarus havo hududini aylanib o‘tishini ma’lum qildi.

Keyinroq, 26 - may kuni Belarusning “Belavia”si Latviya hukumati o‘z osmonini Belarus uchun yopishga qaror qilgani munosabati bilan, shirkat 26 - maydan 25 - iyungacha bo‘lgan davrga rejalangan Riga shahriga borish va qaytish reyslarining barchasini bekor qilganini xabar qildi.

Shvetsiya

Shvetsiya hukumati o‘z aviashirkatlariga Belarus havo hududida uchishni to‘xtatishni tavsiya qildi. SAS Skandinaviya aviatashuvchisi o‘z uchoqlari Belarus havo sarhadlaridan o‘tmasligini bildirdi.

Shvetsiya o‘z osmonini Belarus uchun yopganidan so‘ng Belarusning “Belavia” tashuvchisi Stokgolmga 26 - maydan 30 - oktabrgacha barcha borish-qaytish reyslarini bekor qildi. Yo‘lovchilar uchadigan kunlarini o‘zgartirishlari yoki ushbu sanalarga rejalangan parvozlar uchun chiptalar qiymatini qaytarib olishlari mumkin, deb xabar qilgan “Belavia”.

Buyuk Britaniya

“Ryanair” uchog‘i Minskga majburan qo‘ndirilganidan so‘ng Britaniya Yevropa mamlakatlaridan birinchi bo‘lib “Belavia” shirkati uchun o‘z osmonini to‘sdi. Britaniya hukumati, shuningdek, aviashirkatlardan Belarus havo hududini chetlab uchishni talab qilgan. “British Airways” tashuvchisi parvozlarini vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qildi.

Litva

Transport vaziri Marius Skuodis mamlakatga uchib keluvchi yoki undan uchib ketuvchi barcha uchoqlar Belarus havo hududiga kirmasligi lozimligini aytdi.

“Tashqi ishlar vazirligi Litva fuqarolariga Belarusga har qanday shakldagi safarlardan tiyilishni tavsiya etadi hamda Belarusdagi o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqiradi”, deya urg‘ulangan Litva TIV bayonotida.

Litvaning “Avia Solutions Group” aviashirkatlar guruhi o‘z yo‘nalishlarini Belarusni chetlab o‘tadigan qilib o‘zgartirganini e’lon qildi.

Polsha

Polsha Tashqi ishlar vazirligi Belarus orqali parvozlarni man qilishga chaqirdi. LOT shirkati Belarus havo hududidan foydalanishdan voz kechishga qaror qildi. 25 - may, seshanba kuni shirkat Belarusga reysni bekor qildi. Uchoq Varshavadan Minskga uchishi kerak edi.

Niderlandiya

Niderlandiya bosh vaziri KLM milliy aviatashuvchisi Belarus havo makoni orqali parvoz qilishni bas qilishi lozimligini aytdi. Shundan so‘ng shirkat Belarusga parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi.

Finlyandiya

Belarus uzra parvoz qilish to‘xtatilishi mumkinligi haqida Finlyandiya hukumati raisi Sanna Marin ham bayonot bergan. Shundan so‘ng “Finnair” aviashirkati reyslarni vaqtincha qoldirishini xabar qildi.

Fransiya

Hukumat o‘z aviashirkatlariga Belarus ustida uchmaslikni tavsiya qildi. “Air France” shirkati Belarus havo hududiga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Ayni chog‘da “Belavia”ga berilgan parvoz ruxsatnomasining amal qilish muddatini to‘xtatdi.

Germaniya va Avstriya

Germaniya kantsleri Angela Merkel Belarusning “Belavia” shirkati uchun mamlakat havo sarhadlariga kirish taqiqlanishi ehtimoldan xoli emasligini aytdi. Ushbu bayonotdan keyin “Lufthansa” nemis shirkati Belarus havo hududiga parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini bildirdi.

“Lufthansa” shu’basi bo‘lmish Avstriyaning “Austrian Airlines” tashuvchisi ham Belarus osmoni orqali uchishni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.

Vengriya

Vengriyaning “Wizz Air” aviashirkati 24 - may kuni barcha reyslari Belarus havo hududini chetlab o‘tadigan tarzda qayta tashkil qilingani haqida xabar qildi.

Ukraina

Ukraina 26 - may yarim tundan boshlab Belarus bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. MAU milliy aviashirkati hukumat qarorini bajarishini va aviaaloqa to‘xtatilgan taqdirda Vilnyus (Litva), shuningdek, Xelsinki va Vaas shaharlari (Finlyandiya)ga reyslar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini bildirdi.

“Navbatdan tashqari yig‘ilishda hukumat Infratuzilmalar vazirligi, Davlat aviatsiya xizmati hamda “Ukraerorux” DKga buning uchun zarur choralarni ko‘rish vazifasini topshirdi”, deya ma’lum qildi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Ukraina aviashirkatlari va uchoqlariga ham Belarus havo hududida uchish taqiqlanadi, chegarachilar esa Belarusdan kelayotgan va u yerga yo‘l olgan yo‘lovchilarni ro‘yxatga olishni to‘xtatishlari kerak.

Avvalroq prezident Volodimir Zelenskiy hukumatga Ukraina bilan Belarus o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni to‘xtatish hamda Belarus havo hududini yopishga oid qaror ishlab chiqish vazifasini yuklagan edi.

Singapur

Singapurning “Singapore Airlines” aviashirkati ham o‘z reyslarining bir qismini Belarus havo hududini chetlab o‘tadigan tarzda qayta tashkil qiladi.

“Hozirda biz Belarus havo hududini chetlab o‘tish maqsadida Yevropaga reyslarimizni boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab yo‘naltiryapmiz, shu bilan birga vaziyatni sinchkov kuzatib turibmiz”, degan aviatashuvchi vakili.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG