Линклар

Шошилинч хабар
07 октябр 2024, Тошкент вақти: 09:06

"Dunyoga ochilayotgan" O‘zbekiston siyosiy yopiqligicha qolmoqda


Shu yil iyulida 7 yillik yangi muddatga qayta saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev 2037 -yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.
Shu yil iyulida 7 yillik yangi muddatga qayta saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev 2037 -yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.

O‘zbekiston may oyida xabarlarga boy bo‘ldi. Bir tomondan, Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qildi. Uning o‘ziga xayrixoh uchta boshqa nomzod bilan “bellashishi” O‘zbekistonning siyosiy jihatdan yopiqligicha qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Boshqa tomondan, yigirma yillik tanaffusdan so‘ng Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) qaytishi sarmoya va kreditga chanqoq hukumatning global iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga intilayotganini ko‘rsatadi. Mirziyoyevning o‘tmishdoshi Karimov davrida bu kabi intilish yo‘q edi.

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar qabul qilingan referendumdan bir hafta o‘tib, 9-iyul kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Muxolifatsiz o‘tgan referendumning muhim oqibatlaridan biri Mirziyoyevga prezident saylovlariga yana yangidan nomzodini qo‘yishiga yo‘l ochilgani bo‘ldi. 65 yoshli Mirziyoyev kamida 2037-yilgacha hukmronlik qilishi mumkin. Bu vaqtga kelib u salkam 21 yil lavozimda bo‘ladi. Konstitutsiyani o‘zgartirish orqali hokimiyatda qolish Karimov chorak asr mobaynida ishlatib kelgan usul edi.

Мирзиёев ҳали ҳам ислоҳотчими? ТАҲЛИЛ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:36 0:00

Biroq so‘nggi yillarda kengayib borayotgan 35 millionlik bozorni ko‘zlayotgan ko‘plab xorijiy kompaniyalar uchun saylov natijalari unchalik katta muammo emas, deydi S&P Global Market Intelligence bosh tahlilchisi Aleks Melikishvili.

Aslini olganda, Mirziyoyevning g‘alabasi “O‘zbekistonda siyosiy barqarorlik va siyosatning uzluksizligini ta’minlaydi, xorijlik sarmoyadorlar bozorga kirish haqida o‘ylaganda bunga e’tibor qaratadi”, deydi u Ozodlik bilan suhbatda.

"Yangi O‘zbekiston"

16-may kuni YTTBning uch kunlik yillik yig‘ilishi boshlangan Samarqand shahri bir vaqtlar Sharq va G‘arbni bog‘lagan Ipak yo‘lidagi muhim markaz bo‘lgan. Hozirda bu shahar O‘zbekistonning turizm markaziga aylanmoqda.

O‘zbekiston oxirgi marta 2003-yilda Toshkentda YTTBning yillik sammitiga mezbonlik qilgan va o‘shanda sammit xalqaro janjalga aylanib ketgan edi.

Human Rights Watch hisobotida YTTBning o‘sha paytdagi prezidenti Jan Lemyer va Buyuk Britaniya taraqqiyot vaziri Kler Short O‘zbekistonda inson huquqlarini, ayniqsa, qiynoqlar bo‘yicha ayanchli ahvolni yaxshilashga chaqirgan ma’ruzalari haqida so‘z borgan.

Xabarlarga ko‘ra, Karimov bu ma’ruzalardan betoqatlanib, “quloqchinlarini yechib tashlab, quloqlarini yopib olgan”.

O‘shandan beri bank mamlakatdagi loyihalarini bosqichma-bosqich to‘xtatdi, O‘zbekiston esa tobora jahon hamjamiyatida yakkalanib bordi. 2005-yilda Andijonda hukumatga qarshi namoyishlarning qonli bostirilishi ortidan ahvol battar yomonlashdi.

Islom Karimovning Toshkentdagi haykali, Samarqanddagi maqbarasi va O‘zbekistonning bosh aeroporti nomidan ko‘rinib turibdiki, Mirziyoyev o‘z salafi merosiga ehtirom ko‘rsatmoqda. Ammo u siyosiy islohotlardan ko‘ra, iqtisodiy islohotlar ustunlik qiladigan va o‘zi "Yangi O‘zbekiston" deb nom bergan mamlakatni Karimov davridan uzoqlashtirishga ham urinmoqda.

Mirziyoyev 17-may kuni YTTB Boshqaruv kengashiga murojaat qilar ekan, Karimovni tilga olmasa ham, 2003-yilgi yig‘ilishni aniq esga oldi.

Shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas.

Olti yil muqaddam boshlagan qat’iy islohotlarimiz natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay o‘zgardi. Bugun siz, azizlarni mutlaqo yangi muhitda – dunyoga keng ochilayotgan, barcha sohalarda hamkorlik uchun tayyor bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda qabul qilayotganimizdan g‘oyat mamnunmiz”, – deb aytdi prezident.

"Ноллаштириш" олдидан: Мирзиёев Германияга сафар қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:31 0:00

Oshib borayotgan qarz

O‘zbekiston, shubhasiz, YTTB uchun ochiq. 2022-yilda bank loyihalarning o‘ziga 900 million dollar sarfladi, bu Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga kiritilgan sarmoyadan ancha ko‘p.

Mamlakat mustaqillikka erishganidan beri bank kiritgan 4 milliard dollarning 3 milliardi Mirziyoyevning olti yillik boshqaruvi davriga to‘g‘ri keladi.

S&P tahlilchisi Melikishvilining aytishicha, “valyuta va oltin zahiralarining sog‘lom va barqarorligi”, “Mirziyoyevning O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalari”ni hisobga olsak, uning boshqaruvi davrida YTTB va boshqa joylardan olingan tashqi qarz tez o‘sishidan xavotir olmasa ham bo‘ladi.

“Biroq, shubhasiz, ko‘p narsa bu rejalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Mirziyoyevning butunlay o‘zgargan O‘zbekiston haqidagi bayonotlariga kelsak, kuzatuvchilar boshqa jihatlarga ham e’tibor qaratmoqda.

Uning hokimiyatga kelishi mamlakatda tizimli majburiy mehnatga chek qo‘yish, siyosiy mahbuslarni ozod qilish va so‘z erkinligiga nisbatan keskin cheklovlarni yumshatishni tezlashtirgan bo‘lsa ham, huquq faollari so‘nggi uch yil ichida bu yutuqlar ortga ketayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ayni paytda, o‘tgan yili ekologik vayron bo‘lgan Qoraqalpog‘istonda norozilik namoyishlarining qattiqqo‘llik bilan bostirilishi ko‘pchilikni joriy va sobiq prezidentlar o‘rtasidagi farq borasida o‘ylantirib qo‘ygan.

“Biroz erkinlik berilganda, blogerlar, jurnalistlar va faollar korruptsiya va boshqa masalalarni ko‘tarishdi, – deya tushuntiradi konferensiyada ishtirok etgan Shvetsiyadagi inson huquqlari tashkilotining o‘zbekistonlik faoli Gulnoz Mamarasulova. – Bu esa rasmiylar orasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otgan bo‘lishi mumkin".

Shunday holatlardan biri xavfsizlik xodimi Ozodlik radiosi O‘zbek xizmati jurnalistiga Mirziyoyev administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovni tasvirga olishiga jismoniy to‘sqinlik qilganda ko‘rindi.

Boshqa tomondan, qo‘riqchilar tadbirda ro‘yxatdan o‘tgan faolni kamalak rangdagi sumkasi tufayli ichkari kiritmaslikka harakat qildi. Recourse CSO’dan faol Nezir Sinani nihoyat, anjumanga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

2003-yildagi anjumanga qiyoslaganda, o‘sha payt HRW tashkiloti mamlakatda 60 dan ortiq nodavlat tashkilotlari faoliyat olib borganini aytgan. Bu safar O‘zbekistondan atigi bir necha nodavlat tashkilotlari ishtirok etdi. Bu bir jihatdan, Karimov hukmronligining oxirgi yillarida nodavlat nohukumat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish qanchalik qiyinlashganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, bu boradagi to‘siqlar hanuz saqlanib qolayotganini namoyish qiladi.

"Repressiya yaqinlashmoqda"

Yig‘ilish o‘tgan Kongress markazi o‘tgan yili O‘zbekistonning eng mashhur madaniy meros obyektlari nusxalari, shuningdek, besh yulduzli mehmonxonalar va ko‘rkam konferensiya zallari bo‘lgan hashamatli “Samarqand Ipak yo‘li” loyihasi doirasida ochilgan edi.

Yaqin Sharqdagi yirik xususiy energetika shirkati vakilining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston shirkatning ichki bozoridan keyin ikkinchi yirik bozori bo‘lib, uning loyihalari asosan yashil energetikaga yo‘naltirilgan.

“Markaziy Osiyo Xitoydan keyingi muhim bozor va bu yerda katta talab bor – 2030-yilga kelib hukumat energiyaning 30 foizi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinishini istaydi, – deydi vakil. – Biz mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilyapmiz, biznes-rejamiz bor va kelgusida tenderlarda g‘olib chiqishimizga ishonamiz."

O‘zbekistonga nisma uchun kelgani haqidagi savolga javob berarkan, ameriklik ishbilarmon "gaz konlari bilan shug‘ullanish yoki shunga harakat", deya jilmaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonga oxirgi yillarda bir necha bor tashrif buyurgan.

"Ular hali ham o‘rganishyapti va biz ularga shartnomalar odatda bu sanoatda qanday tuzilishini o‘rganishlariga yordam beryapmiz. Lekin, albatta, imkoniyatlar bor”, deydi o‘z nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan tadbirkor.

Yaqindagi stolda o‘tirgan O‘zbekistonning yetakchi tijorat banklaridan biri “Asia Alliance Bank” vakili “yashil moliya” bo‘yicha Pragada bo‘lajak konferensiyaga safaridan hayajonda ekanini aytdi. "Bu biz uchun yangi yo‘nalish", dedi u Ozodlik radiosiga.

ЕТТБ анжумани Ўзбекистонга қайтди. Қийноқлар ҳам
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:48 0:00

Mirziyoyev YTTBdagi nutqidan so‘ng darhol Xitoyning Sian shahriga 18-19-may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammitiga yo‘l oldi. Uning 5+1 formatidagi debyuti o‘tgan yili onlayn shaklda o‘tkazilgan edi.

Bu sammit prezidentning shu oy boshida Germaniyaga safaridan keyin va iyun oyida rejalashtirilgan Italiyaga safaridan oldin bo‘ldi.

U saylovoldi tashviqot kunlari o‘tib ketishidan ko‘p tashvishlanmasa ham bo‘ladi.

9-iyul kuni amaldagi prezident hukumatga muxoliflik tajribasiga ega bo‘lmagan, aksincha, uning qo‘l ostida ishlagan nomzodlar bilan bellashadi.

Mirziyoyev nomzodi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgani o‘zgarishdan ko‘ra davomiylikka dalolat qiladi.

O‘z navbatida, Mirziyoyev administratsiyasi mulozimlari yanada ko‘proq rivojlanish haqida gapirmoqda. Administratsiya rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov shu hafta boshida bergan izohida O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasiga 10 balldan 5,5 ball berib, “qilinishi kerak bo‘lgan ishlar xali ko‘p" deb aytgan.

O‘zbekiston joriy oyda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha yillik reytingida 180 mamlakat orasida 137-o‘ringa tushib ketdi, bu o‘tgan yilgi reytingdan to‘rt pog‘ona pastdir.

Ammo nogironlar huquqlari bo‘yicha toshkentlik faol Dilmurod Yusupov fikricha, erkinliklar so‘nib borayotganini bilish uchun reytingga qarashga hojat yo‘q.

“Siz buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Odamlar o‘z-o‘zini tsenzura qilishni boshlagan, – dedi u Ozodlik bilan suhbatda. – 2017-yilda erkinlik havosi bor edi. Ammo hozir repressiya yaqinlashayotganga o‘xshaydi”.

XS
SM
MD
LG