Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 19:46

"Egaridan tushovi": Rossiyaning arzon mashinalari qozoqlarga qimmatga tushmoqda


Aqto‘bedagi haydovchilar noroziligi - 5 - oktabr, 2021
Aqto‘bedagi haydovchilar noroziligi - 5 - oktabr, 2021

Qozog‘istonliklar orasida Rossiyada avtomobil xarid qilib, Qozog‘istonda rus davlat raqami bilan yurish keng tarqalgan.

Avgust oyigacha Qozog‘iston politsiyasi bu holatga ko‘z yumib kelayotgandi. Ammo yozda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Rossiya raqamlari ilingan avtomashinalarni nishonga ola boshladi. Natijada avtomobil egalari mahalliy nomer olishga majbur bo‘lmoqda.

Eurasianet nashrining xabar berishicha, bu qimmat jarayon bo‘lib, qozoq nomerini olish transport vositasining o‘zidan ham ko‘pga tushishi mumkin.

Natijada ayrim haydovchilar norozilik namoyishiga chiqa boshladi. 10 - noyabr kuni shimoliy Uralsk shahrida o‘nlab odam Rossiya nomerlari bilan yurishga ruxsat berilishni talab qilib, norozilik namoyishini o‘tkazdi. Joriy haftada mamlakatning boshqa burchaklarida ham o‘xshash mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Rossiyada avtomobillar Qozog‘istonga qaraganda ancha arzon turadi. Rossiya va Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) savdo a’zo bo‘lgani uchun, ikki mamlakat o‘rtasida bojxona to‘lovlari muammo emas.

Qonunga ko‘ra, Qozog‘iston fuqarosi boshqa davlatda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilni bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida boshqarishi mumkin. Xorijiy mamlakatdagi ro‘yxati tugatilgan avtomobillar esa Qozog‘istonda 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Qozog‘istonda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun utilizatsiya to‘lovi joriy qilingan. Bu oldindan to‘lanadigan qayta ishlash to‘lovidir. Boshqacha qilib aytganda, muayyan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar yoki import qiluvchilar ushbu mahsulot qachondir utilizatsiya qilinishi uchun oldindan haq to‘laydilar. Ushbu qoida 2016 - yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish hamda yangi, atrof-muhitni ozroq ifloslantiradigan avtomobillardan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan.

To‘lov dvigatel hajmiga bog‘liq bo‘lib, ayrim holatlarda uning qiymati 8 000 dollargacha yetishi mumkin. Bu esa ayrim avtomobillarning narxidan qimmat. Nominal oylik ish haqi 520 dollar atrofida bo‘lgan Qozog‘iston xalqi uchun utilizatsiya to‘lovi narxi juda balanddir.

Qolaversa, haydovchilardan olinayotgan to‘lovlar evaziga sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning qizi boyitayotgani haqidagi mish-mishlar aholi noroziligini oshirmoqda.

Nur-Sultonlik Batirbek Bekjan Ozodlik radiosi bilan suhbatda Rossiyada 4 million tengega (9 300 dollarga) mashina sotib olgani, ayni mashinaning narxi Qozog‘istonda ikki barobarga yuqori ekanini aytdi. Qozog‘iston nomerini olish uchun hozir u 3 million tengega (7 000 dollar) yaqin to‘lov to‘lashi kerak.

Ichki ishlar vazirligi Qozog‘istonda Rossiya davlat raqamiga ega 210 ming avtomobil borligini taxmin qilmoqda. Ulardan 88 mingi Rossiyada ro‘yxatidan chiqarilgan va shu sababli hozirda Qozog‘istonda noqonuniy saqlanmoqda.

Qolaversa, Rossiyadan olib kelingan ko‘plab avtomobil Yaponiyada ishlab chiqarilgan va shuning uchun ruli o‘ng tomonda. Qozog‘iston 2007 - yilda mamlakatga o‘ng rulli avtomobillarni olib kirishni taqiqlagan edi.

Rossiya orqali olib kirilayotgan eski avtomobillarsiz ham Qozog‘istondagi avtopark eskirgan. Mamlakatning kichik mahalliy avtomobil sanoati manfaatlarini himoya qilib kelayotgan lobbi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 - yil yanvarda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 3,8 million avtomobilning yarmi 20 yildan eski bo‘lgan.

Qozog‘istonda avval ham bunday qiyinchiliklar yuzaga kelgan edi. O‘tgan yili Armanistonda mashina sotib olgan yuzlab qozog‘istonlik bir nechta shaharda qimmat to‘lovlarsiz ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazgan edi.

Hokimiyat o‘shanda Qozog‘istonda Armanistonda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni eskirgunicha ishlatishga ruxsat berdi, ammo ularning egalariga avtomobilni sotish yoki boshqalarga o‘tkazib berish taqiqlandi.

XS
SM
MD
LG