Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:25

Elektron hukumat va elektr taqchilligi. "Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi" nima?


Prezident Mirziyoyev yangi qurilishlar bilan tanishmoqda - Andijon, 22 - may, 2020
Prezident Mirziyoyev yangi qurilishlar bilan tanishmoqda - Andijon, 22 - may, 2020

O‘tgan oy ikkinchi muddat prezidentligini boshlagan Shavkat Mirziyoyev hukumati kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni – 1,6 baravar va 2030 - yilga borib esa 4 ming AQSh dollaridan oshirishni rejalamoqda.

Bu haqda Yangi yil arafasida e’lon qilingan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 - yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida aytilgan.

2017 - yildagi Harakatlar strategiyasidan farqli Taraqqiyot strategiyasi deb nomlangan loyihada, shuningdek, inflyatsiya darajasini "2023 - yilgacha bosqichma-bosqich 5 foizgacha pasaytirish” ko‘zda tutilgan.

2023 - yildan YaIMga nisbatan uning 3 foizdan oshib ketmasligini ta’minlash va davlat qarzini boshqarishda tashqi qarz miqdorining 4,5 milliard dollardan oshib ketmasligini ta’minlashga va’da beriladi.

Markaziy Bankka ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi o‘tgan yilning 1 - oktabr holatiga 37,6 milliard dollarni tashkil etgan.

Hukumat e’lon qilgan strategik maqsadlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda izoh qoldirgan iqtisodchi ekspert Abdulla Abduqodirov byudjet defitsiti va tashqi qarz sur’at bilan o‘sib orayotgan bir paytda hukumat aholiga berayotgan va’dalarining ijrosini savol ostiga oldi:

"Men esa bosh qashib turibman: bu ko‘rsatkichlar qanday harakatlar hisobiga erishiladi? Aholi daromadlari nima bo‘ladi? Energiya resurslariga narx-navo qanday bo‘ladi? Siyosiy tizim o‘zgarishlari bo‘ladimi? Umuman, kimni taraqqiyoti haqida gap?", deb yozdi tahlilchi o‘zining Feysbuk sahifasida.

Strategiyada shuningdek, kelayotgan besh yilda mamlakatda energiya resurslari va tabiiy gaz ko‘lami sezilarli darajada oshishi bashorat qilinadi. Gaz zahiralariga boy O‘zbekiston aholisi, ayniqsa kuz-qish mavsumida energiya taqchilligidan aziyat chekib keladi. Mirziyoyev 2016 - yilgi birinchi prezidentlik saylovoldi kampaniyasi chog‘ida aholining gaz va elektr muammosini echishga va’da bergan, ammo o‘tgan vaqt mobaynida bu borada vaziyatning sezilarli darajada yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q.

Strategiyada aholini qiynab kelayotgan elektr energiyasi taqchilligi qanday hal qilinishi aytilmagan, ammo unda elektron hukumat haqida batafsil so‘z boradi. Loyihaning maqsadlardan biri elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani butunlay bartaraf etish deb nomlanadi. Mazkur yo‘nalishga ko‘ra, davlat xizmatlarini mobil ilovalar orqali ko‘rsatishni kengaytirish va shaxsni identifikatsiya qilish tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilish ham ko‘zda tutilgan.

Yopiq tizimdagi “ochiq muloqot”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtidorga kelganidan beri yangragan doimiy shiori mazkur moddada yana bir marta ta’kidlangan bo‘lib, so‘z xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish va qaror qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olish haqida boradi.

Ayni maqsadda bir qancha jamoatchilik kengashlari, palatalar yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bu islohotlarning samarasi "aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi va saylov madaniyatini oshirish" bo‘lishi kerak.

Prezident Mirziyoyev ikkinchi muddatiga saylangan 24 - oktabrdagi prezident saylovini kuzatgan YeXHT hay’ati mamlakatdagi islohotlarga qaramasdan, saylovlarda haqiqiy raqobat kuzatilmaganini aytgan edi.

Loyihada shuningdek, "huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish" haqida ham so‘z boradi.

Mazkur islohot natijasida tizim xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi tuzilmaga aylanishi kerak.

Ichki ishlar organlari haqidagi qonun va e’lon qilingan ko‘plab islohotlarga qaramasdan, tizim jamoat tartibini saqlashdan ko‘ra ko‘proq jazolovchi organ bo‘lib qolayotgani jamoatchilik tomonidan tanqid qilinadi. O‘tgan yilning o‘zida IIV xodimlari qiynoqlar natijasida vafot etgan kamida besh insonning o‘limida mas’ul ko‘rilgan.

O‘tgan besh yil davomida prezident Mirziyoyev "axlatlardan tozalanganini" aytgan prokuratura tizimi esa ko‘plab korrupsiya mojarolari markazida qoldi.

Terrorizmga qarshi kurash kun tartibidan tushmaydi

2022-2026 - yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlarida biri fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat ekani iddao qilinmoqda.

Ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish bilan birga bu borada mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ham kengaytiriladi.

“Faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etadi” deyiladi Strategiyada.

Shuningdek, navbatdagi besh yillik rejadan Afg‘onistonda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan alohida harakatlar rejasi ham o‘rin olgan.

Nihoyat, korrupsiya...

2022-2026 - yillardagi harakat strategiyasining xotimasida korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi milliy harakatlar rejasi tilga olingan.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish birlamchi vazifa ekani ta’kidlanadi.

“Korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish lozim” deyiladi mazkur bobda.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi agentlik tashkil etilgani va bu borada qator qonunlar qabul qilinganiga qaramasdan, O‘zbekiston hanuz dunyoning eng korrupsiyalashgan davlatlari qatorida qolmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida rasmiylar manfaatlar to‘qnashuvi hamda elitar korrupsiyaga doir ko‘plab holatlar, jumladan, Ozodlik surishtiruvlari natijasida yuzaga chiqqan dalillarni e’tiborsiz qoldirgan.

O‘zbekiston G‘arbga yuz buradimi?..

Strategiyaning tashqi siyosat bobidagi qismi Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bilan to‘ldirilgan.

AQSh, Kanada va Amerika mamlakatlari bilan strategik va har tomonlama hamkorlik aloqalari tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilanadi.

Shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi an’anaviy strategik sheriklar, Janubiy Osiyo, Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mintaqasidagi hamkorlar bilan aloqalarni ham takomillashtirish haqida ham gapiriladi.

Mehnat migratsiyasi va koronavirus

Strategiyada mamlakat aholisining ishga yaroqli qariyb 20 foizi mehnat migrantlari ekani va ularning deyarli himoyalanmagani mazmunan aks etgan. Shu boisdan migrantlarga huquqiy-tashkiliy ko‘mak berish hamda ularning mehnat shariotlarini imkon qadar yaxshilashga urg‘u beriladi.

Loyihada, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida aholini himoya qilishga oid davlat siyosati yo‘nalishlari ham tilga olingan.

Jamoatchilik portaliga qo‘yilgan mazkur institutsional hujjat muhokamasi nihoyatda sust. Bloger va ekspertlar strategiyaning tanlangan qismlari haqidagina izohlar qoldirishmoqda.

Ошаётган патент, тиббий кўрик ва мигрантофобия. 2022 да мигрантларни нима кутмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:23 0:00

XS
SM
MD
LG