Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 18:20

“Emas oson bu ro‘yxatga kirmoq”. Rossiyada so‘nggi 14 yilda 120 ming nafar nomzod saylovlarga qo‘yilmagan (VIDEO)


Rossiyada turli darajadagi saylovlarda nomzod bo‘lish oson ko‘chmagan. Ammo Rossiya muxolifati vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish ko‘lamini har kim ham tasavvur qila olmasa kerak. “Golos” saylovchilar huquqlarini himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2007 - yildan beri jami 120 ming nafar nomzod saylovlarga qo‘yilmagan ekan! Bu katta shahar aholisi soniga teng.

“Golos”ga ko‘ra, shundan atigi 20 mingi Rossiya Davlat Dumasida o‘z deputatlariga ega to‘rtta “tizimdagi partiya”ning nomzodlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 100 ming holatda rad etilganlar – bu mustaqil nomzodlar yoki mustaqil partiyalar nomzodlaridir.

Shuni yodda tutish kerakki, faqat parlamentdagi to‘rtta partiya turli darajadagi saylovlarda o‘z tarafdorlaridan imzo yig‘masdan ishtirok eta oladi. Bular: “Yedinaya Rossiya”, KPRF, LDPR va “Spravedlivaya Rossiya”.

Bu partiyalar nomzodlarining 96 foizi ro‘yxatdan eson-omon o‘tadi, iqtidordagi “Yedinaya Rossiya”ning saylovlarga qo‘yiladigan nomzodlari foizi esa nihoyatda yuqori – 99 foiz. Ayni chog‘da, masalan, muxolifatdagi “Parnas” partiyasining 100 nafar nomzodidan atigi 60 nafarini ro‘yxatdan o‘tkazishgan.

Ayniqsa, imzo yig‘ish bosqichida nomzodni saylovdan to‘sish qulay kechadi. Xuddi shu tarzda, ko‘p hollarda imzolarni soxtalashtirish orqali 2019 - yili muxolifat vakillari Moskva va boshqa shaharlarda saylovga qo‘yilmagani uchun ommaviy namoyishlar boshlanib ketgandi.

“Saylov garovi bekor qilinganidan so‘ng, imzo varaqalarini tekshirish natijalariga ko‘ra ro‘yxatga olishni rad etish usuli keng tarqaldi. Saylov garovi bu istalgan nomzodga imzo to‘plamaslik imkonini beruvchi mexanizm edi: nomzod muayyan miqdorda pul topshirardi, to‘g‘ri, bu pul summasi ba’zan katta bo‘lar, ammo 5 foizdan yuqori ovoz olgan kuchli nomzodlarga garov puli qaytarib berilardi. Garov bekor qilingach, ikki yo‘l qoldi: saylovda imtiyozli partiyalar nomidan qatnashish yoki imzo yig‘ish”, deydi “Golos” eksperti Arkadiy Lyubaryov.

“Golos” ekspertlari saylov komissiyalariga topshiriladigan imzolarni har ko‘yga solish mumkinligini aytadilar. Nomzodlarga ba’zan, ular to‘plagan imzolarni xatshunoslar soxta- deb topganini ro‘kach qilib rad javobi beriladi.

Ayni chog‘da, saylov komissiyasi ishiga jalb qilingan xatshunoslar bunaqa qarorlari uchun hech bir tarzda javobgar bo‘lmaydi, boz ustiga, ularning qanday mezonlarga tayanib bunaqa qarorlar chiqarishi ham noma’lum.

Moskva Dumasiga saylovlarda muxolifat vakillaridan Ilya Yashin, Lyubov Sobol va boshqalar xuddi shu byurokratik nayranglardan shikoyat qilishgandi.

“Bu ekspertlar xohlagan imzosini qalbaki deb topishi mumkin. Aksari hollarda sanalar boshqa qo‘l bilan qo‘yilganiga tirg‘alib, imzoni yaroqsizga chiqarishadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Xatshunoslar hammasi IIV, FXX va Adliya vazirligidan chaqirtiriladi. Pogon taqqan, boshlig‘i izmidagi odamlar bular. Va ular saylov komissiyalari emas, balki boshliqlari talab qilgan xulosalarni beradi”, deydi Lyubaryov.

Yana ko‘p hollarda nomzodlarga ro‘yxatga olish “imzo varaqasida ko‘rsatilgan odamingiz aslida yo‘q”, degan iddao bilan rad etiladi.

Masalan, 2020 - yilgi Moskva va Nijniy Novgorod shaharlari dumalariga saylovlarda xuddi shunday bo‘lgan. Keyin o‘sha, imzo qo‘ygan kishilar o‘zlarining haqiqatda bor odam ekanini sudda isbotlashga harakat qilishgandi.

Rossiyada mana shunaqa usullardan foydalanib, saylovlarga “tizimda bo‘lmagan” mustaqil nomzodlar tobora kam o‘tkazilmoqda. MSK ma’lumotiga ko‘ra, 2003 - yilda ariza bergan nomzodlardan 60 foizi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2016 - yilda bu raqam atigi 8 foizni tashkil qilgan.

Holbuki 2019 - yilda Moskva saylov komissiyasi “Yedinaya Rossiya”ga aloqador mustaqil nomzodlarning barchasini ro‘yxatdan o‘tkazgan: ular to‘plagan imzolar komissiya xatshunoslarida hech qanday shubha tug‘dirmagan.

Aleksandr Solovyovni o‘shanda ham Moskva shahar dumasiga o‘tkazilgan saylovlarga “qo‘yishmagandi”. 2021 - yilda Solovyov Rossiyadan Ukrainaga ko‘chib o‘tdi.

“Imzolar uch bosqichda tekshiriladi. Birinchi bosqich nomzod huzurida o‘tkaziladi — ekspertlar uzluksiz 12 soat imzo varaqalarini titkilab o‘tirishadi. “Yedinoroslar”ning imzolarini imi-jimida va besh daqiqa ichida tekshirib berishsa, mustaqil nomzodlarni arzimagan kamchiliklarga tirg‘alib jonidan to‘ydirishadi”, deydi Solovyov.

Uning aytishicha, so‘ng imzolarni “allaqanday betayin” inspektorga eltib berishadi va u bitta xonaga qamalib olgancha ma’lumotlarni tizimga kiritadi va tekshiradi: shunaqa odam bormi-yo‘qmi, ko‘rsatilgan manzilda yashaydimi-yo‘qmi?

“Ayb topaman desa, u atay xato yozishi hech gap emas. Masalan, “Lidiya Petrovna”ni jo‘rttaga “Lidiya Petrovich” deb yozadi. Tabiiyki, tizim bunaqa odamni “topa olmaydi”. Va bu inspektor janoblari hisobotga “Bunaqa odam yo‘q ekan”, deb qayd qilib qo‘yadilar”, tushuntiradi Solovyov.

U o‘z vaqtida taxminan 5700 ta imzo topshirganini, shundan qariyb 40 foizi yaroqsiz deb topilganidan yozg‘iradi.

“Ularning tekshiruvi ustidan o‘z teshiruvimizni o‘tkazdik. Bilasizmi, 86 foiz xato chiqdi. Bizga 40 foiz imzongiz soxta deyishgandi, bu 86 foizga yolg‘on bo‘lib chiqdi”, deydi Solovyov g‘azablanib.

2020 va 2021 - yillarda Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan qonunlar saylovlarda ishtirok eta oladigan kishilar doirasini yanada toraytirdi, urg‘ulashadi “Golos” ekspertlari.

Yangi cheklovlar “ijtimoiy ahamiyatga ega yolg‘on ma’lumotni bila turib tarqatish”, “mitinglarni tashkil qilish qoidalarini bir necha marta buzish” yoki “ekstremizmga ochiqcha da’vat qilish” kabi “siyosiy” moddalar bilan sudlanganlar uchun. Ro‘yxatga olish rad etilgan nomzodlar statistikasi endi ular hisobiga yanada “semiradi”.

XS
SM
MD
LG