Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:22

Eron parlamenti mamlakat yadroviy dasturi borasida qattiqroq mavqe egallamoqchi


Eron adroviy dasturining "otasi" deb bilingan Muhsin Fahrizodaning dafn marosimi - Tehron, 30 - noyabr, 2020
Eron adroviy dasturining "otasi" deb bilingan Muhsin Fahrizodaning dafn marosimi - Tehron, 30 - noyabr, 2020

Eron parlamenti agar 2015 - yilda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvni imzolagan davlatlar Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilinishiga ko‘maklashmasa, mamlakatdagi yadro inshootlari BMT tomonidan nazorat qilinishini to‘xtatib turish va uranni boyitishni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi.

Eron parlamentining ushbu qarori taniqli yadroshunos olim o‘ldirilganiga javob o‘laroq ko‘rilmoqda.

Qonun loyihasini qabul qilgan deputatlar «Amerikaga o‘lim! Isroilga o‘lim!» deya hayqirishdi. Loyiha qonunga aylanishi uchun uni konstitutsiyani himoya qilish Muhofizlar kengashi tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, parlament spikeri Muhammad Baqer G‘alibaf «qonunchilar ushbu qat’iy qaror orqali sanksiyalar bekor qilinishiga umid qilmoqdalar», degan.

Biroq hukumat matbuot kotibi Ali Rabiiy bunday qaror Eron yadro siyosatini o‘zgartirmasligini, uni o‘zgartirish faqat Milliy xavfsizlik oliy kengashining vakolati ekanini aytdi.

2018 - yilda AQSh Tehron va qudratli davlatlar o‘rtasida imzolangan yadroviy kelishuvdan chiqib, Eronga qarshi sanksiyalarni joriy qila boshlagan edi. Bunga javoban Eron bitim qoidalarini buza boshladi.

Bunga qaramasdan, BMTning yadroviy kuzatuvchisi bo‘lmish Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) inspektorlari 2015 - yilgi kelishuvga binoan Eron yadro inshootlarini kuzatishda davom etmoqda.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, 2015 - yilgi yadroviy kelishuvni imzolagan G‘arb davlatlari, ya’ni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy va Rossiya bir oy ichida Eron jahon banklari va neftь bozorlaridan foydalanisha yo‘l ochmasa, Eron hukumati XAEA tekshiruvlarini to‘xtatadi.

Shuningdek, qonun loyihasiga binoan Eron «tinch maqsadlarda» uranni 20 foiz boyitishni boshlashi kerak.

Ayni damda Eron uranni 4,5 foizgacha boyitmoqda. Bitimga binoan esa Eron uranni 3,67 foizidan oz boyitishi mumkin. Yadroviy qurollarda ishlatish mumkin bo‘lgan uran 90 foizgacha boyitilishi kerak.

Tehron o‘z yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko‘zlashini aytib, yadroviy qurol ishlab chiqishga urinayotganini rad etib keladi.

Qabul qilingan qonun loyihasi birinchi marta avgust oyida parlamentda ko‘rib chiqilgan edi. Ammo bu tashabbus 27 - noyabr kuni Tehron chetida mamlakatning sobiq yashirin yadro dasturi markazida bo‘lgan fizik Muhsin Fahrizoda o‘ldirib ketilishi ortidan yangi ahamiyat kasb etdi.

Eron rasmiylari qotillikda Isroilni ayblamoqda. 1 - dekabr kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif qotillik Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon hamda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yashirin o‘tkazgan uchrashuv ortidan sodir bo‘lganini iddao qildi.

Bunga javoban Saudiya tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr Zarif «Eronda sodir bo‘layotgan har qanday salbiy narsa uchun qirollikni ayblayotganini» aytdi.

«Saudiya Arabistoni qotilliklar sodir etish siyosatini olib bormaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

Isroil rasmiylari qotillikni izohlashdan bosh tortdi. Hali hech kim ushbu jinoyat uchun mas’uliyatni zimmasiga olgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG