Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:09

Eurasianet: Markaziy Osiyoda suv muammosi keskinlashdi. Sababi - Xitoy


Markaziy Osiyo dunyoning suv eng muammoli bo‘lgan mintaqalaridan biri.
Markaziy Osiyo dunyoning suv eng muammoli bo‘lgan mintaqalaridan biri.

Markaziy Osiyo sayyoramizdagi suv eng muammoli bo‘lgan joylarning biridir. Sovet Ittifoqining cho‘l va dashtlarni o‘zlashtirish urinishlari Orol dengizini quritdi. O‘zbekiston va Turkmanistonda paxta monokultura bo‘lib qolayotgani e’tiborga olinsa, bir paytlar dunyoda to‘rtinchi eng katta chuchuk ko‘l bo‘lgan Orol hali-beri qayta tiklanmasligini xulosa qilish mumkin.

So‘nggi o‘n yilliklar ichida Markaziy Osiyo qo‘shni Xitoy uchun oziq-ovqat manbasiga aylandi, natijada mintaqada suv muammosi yanada keskinlashdi.

Paxta yetishtirish uchun hali ham juda ko‘p suv sarflanadi. Endilikda bug‘doy ham mintaqadagi suv muammosini og‘irlashtirmoqda. Birgina Qozog‘iston qishloq xo‘jaligida bir yil ichida 54 milliard kubometr suv ishlatiladi. Solishtirish uchun, bu Balxash ko‘liga quyiladigan suv miqdoridan taxminan ikki baravarga ko‘p. Suvning asosiy qismi bug‘doy yetishtirish uchun ishlatiladi. Mamlakatda yetishtirilgan bug‘doyning tobora ko‘proq qismi Xitoyga sotilmoqda.

Yaqinda Science of the Total Environment jurnalida chop etiladigan ilmiy maqolada ushbu savdo naqadar barqaror ekanligi ko‘rib chiqildi. Ushbu mavzu tadqiqotga homiylik qilgan xitoylik siyosatchilar uchun qiziq mavzu ekani ayon. Pekin Avstraliya kabi boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bilan janjallashar ekan, aholi qornini to‘yg‘azish uchun tobora ko‘proq Markaziy Osiyoga nazar solmoqda. Ushbu siyosatchilar Xitoyda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun Markaziy Osiyo kabi cheklangan resurslarga beparvo bo‘lgan mintaqaga tayanish oqil qaror ekani yoki yo‘qligi haqida o‘ylayotganini xulosa mumkin.

Xitoyning Shensi provinsiyasida joylashgan Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti xodimi Yulin Lyu va uning hamkasblari, shu jumladan, Xitoy Suv xo‘jaligi vazirligida ishlaydigan bir necha tadqiqotchi Markaziy Osiyo Xitoydan qancha ko‘p suv ishlatishini o‘rganib chiqdi. (Ular Xitoyda ham isrofgarchilik kuzatilishini tan oladilar.) Xitoyga taqqoslaganda, Tojikistonda tovuq etishtirish uchun 61 marta ko‘proq irrigatsiya suvi ishlatiladi; Turkmanistonda paxta urug‘ini yetishtirish uchun 42 baravar ko‘proq suv sarflanadi.

Markaziy Osiyoda bug‘doy yetishtirish uchun shunchalik ko‘p suv talab qilinadiki, mualliflarning fikricha, mintaqa bug‘doyni Xitoydan sotib olganda yaxshiroq bo‘lardi. Ammo Xitoy bug‘doy import qiluvchi mamlakat bo‘lgani uchun amalda bunday bo‘lishi amri mahol. Darhaqiqat, so‘nggi 10 yil ichida Qozog‘iston Xitoyga eksport qiladigan bug‘doy ko‘lami qariyb noldan umumiy eksport hajmining 10 foizigacha o‘sdi.

Yulin va uning hamkasblarining yozishicha, virtual suv o‘laroq o‘lchanganda, Markaziy Osiyodagi sug‘orish suvining 80 foizi Xitoyga eksport qilinadigan mahsulotlarga sarflanadi. Virtual suv bu – iste’molchiga ko‘rinmaydigan, biror narsani ishlab chiqarish yoki yetishtirish uchun ishlatilgan suv.

Qisqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo dehqonlari ayni mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Xitoydagi fermerlarga solishtirganda ancha ko‘p suv sarflaydi, so‘ngra ushbu mahsulotlarning ko‘p qismini Xitoyga eksport qiladi.

«Bu ekotizim degradatsiyasiga olib keladi. Bu esa mahalliy suv xavfsizligi va bioxilma-xillikka jiddiy tahdid soladi», - deb yozdi tadqiqot mualliflari.

Xitoy Fanlar akademiyasi tadqiqotchilari tomonidan yozilgan va chop etilishi kutilayotgan yana bir maqolada Markaziy Osiyodagi ekin maydonlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘iga suv ozroq yetib borayotgani aytiladi. Maqola mualliflariga ko‘ra, bunga dehqonchilik «uzluksiz va tartibsiz kengaytirilayotgani» va Xitoyning yuqori hududida qurilgan to‘g‘onlar aybdor.

Yulin va uning hamkasblari, shuningdek, yerlardan samarasiz foydalanishni o‘rganib chiqdilar. Bu mavzu chet elliklarga yer sotilishidan xavotir olayotgan qozog‘istonlik faollarni qiziqtirishini kutish mumkin. Ammo suvga tobora ortib borayotgan talab va undan tejamkorlik bilan foydalanish chaqiriqlari eng asosiy masaladir.

Olimlar Markaziy Osiyoning salohiyatini sinab ko‘rish uchun ikkita ssenariyni ko‘rib chiqdilar. Birinchi ssenariyda hosillar 2014 - yil darajasida ushlab turiladi. Sug‘orishni yaxshilash, yaxshiroq urug‘lardan foydalanish va boshqa «qishloq xo‘jaligi texnologiyalari» yordamida ayni ekinlarni yetishtirish uchun suvning 56 foizini tejash mumkinligi aniqlandi. Bu esa ayni damda suvning deyarli yarmi shunchaki isrof bo‘layotganini anglatadi.

Ikkinchi ssenariyda olimlar suvdan foydalanish hozirgi darajada qolsa, qancha oziq-ovqat ishlab chiqarilishi mumkinligini hisoblab chiqdilar. Zamonaviy texnologiyalar bilan hosil deyarli ikki baravar ko‘payishi mumkin ekan. Eng katta o‘sish salohiyati Qozog‘istonda, eng kichik salohiyat O‘zbekistonda kuzatilgan. Ikkinchi ssenariy amalga oshsa, Markaziy Osiyo qo‘shimcha 387 million kishini boqishga qodir bo‘ladi.

Yulin va uning hamkasblari fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo ayrim ekinlarni yetishtirish uchun to‘g‘ri joy emas va bu mamlakatlar hukumatlari «yerdan oqilona foydalanish, masalan, cho‘lda paxta ekish uchun ishlatiladigan maydonlarni kamaytirish masalalarini e’tiborsiz qoldirmasliklari kerak».

Ushbu hisob-kitoblar biror narsani o‘zgartirishi mumkinmi?

Iqtisodiy rejalashtiruvchilar hali ham kishini qoyil qoldiradigan va’dalarni xush ko‘radilar. So‘nggi ikki yil ichida Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari eksport hajmini ko‘paytirishni va’da qildi. Nur-Sulton 350 foiz ko‘proq Qozog‘iston bug‘doyi, Toshkent esa besh baravar ko‘p o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilmoqchi. Ammo bu va’dalar haqidagi matbuot bayonotlarida suv yoki yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari haqida umuman hech nima deyilmadi.

XS
SM
MD
LG