Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:54

Euromonitor: Rossiya O‘zbekiston va boshqa sobiq SSSR davlatlari orqali YI sanksiyalarini chetlab o‘tmoqda


Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov YOII hukumatlararo kengashi yig‘ilishida. Qozon shahri, 29-aprel, 2021
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov YOII hukumatlararo kengashi yig‘ilishida. Qozon shahri, 29-aprel, 2021

Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng Yevropa Ittifoqining ko‘plab mamlakatlari Rossiyaga tovarlar yetkazib berishni nafaqat to‘xtatmagan, balki oshirgan ham – endilikda yuklar Rossiyaga uning postsovet qo‘shnilari orqali reeksport qilinmoqda. Euromonitor International tadqiqot shirkati hisobotida shu haqda so‘z boradi.

Hisobotda havola berilgan Yevrostat ma’lumotiga ko‘ra, sanksiyalar joriy qilinganidan so‘ng, 2022-yilning mart – noyabr oylarida Yevropadan Rossiyaga eksport 2021-yilning shu davriga qiyosan 47 foizga kamayib, 36.3 mlrd yevroni tashkil etgan. Ayni chog‘da Yevropadan Rossiyaga qo‘shni bo‘lmish Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga eksport hajmi 2022-yilning analogik davrida 48 foizga o‘sgan va jami 20,3 milliard yevroni tashkil qilgan.

Rossiya sanksiyalarga chap berish maqsadida YI mollarini sobiq SSSR respublikalari orqali tashishga zo‘r bergani haqida Ozodlik avval ham yozgan edi. Endi ushbu ma’lumotlar rasman tasdiqlanib, raqamlarda aks etdi.

Euromonitor YIdan sobiq SSSR mamlakatlariga eksport hajmi o‘sishida asosiy ulush Rossiyaga sotish taqiqlangan tovarlarga to‘g‘ri kelganini urg‘ulaydi – bu ko‘rsatkich 95 foizni tashkil etgan. Ayni chog‘da YIdan ushbu tovarlarni Rossiyaga eksport qilish 95 foizga qisqarib ketgan. 2021-yilning noyabrida mazkur toifadagi mollarning Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga eksporti atigi 500 mln yevroga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yil noyabr oyida bu ko‘rsatkich uch baravar oshib, 1.5 mlrd yevroga yetgan.

Euromonitor International eksperti Vaydotas Zemlis-Balevichus “Yevropadan sobiq SSSR mamlakatlariga eksport hajmi keskin o‘sib ketishi bejiz emas, bu mollarning salmoqli qismi aynan Rossiya bozoriga tushmoqda, Rossiyaning qo‘shnilari Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tishda unga yordam bermoqda”, deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, tadqiqot shirkati Yevroittifoq sanksiyalari boshida o‘ylangani kabi ta’sir qilmayapti, qator Yevropa mamlakatlarida esa Rossiyaga qo‘shni davlatlarga yo‘nalayotgan eksport tovarlarni nazorat qilishda muammolar mavjud, degan xulosaga keldi.

O‘tgan yili sobiq SSSR mamlakatlariga eksport hajmini eng ko‘p oshirgan davlatlar Kipr, Gretsiya, Lyuksemburg, Estoniya, Litva, Chexiya va Ruminiya bo‘ldi. Hisobot mualliflariga ko‘ra, 2022-yilda ushbu mamlakatlar yuk jo‘natishni 100 foizdan 550 foizgacha oshirgan. Zemlis-Balevichus fikricha, bunday o‘sish sababi – personal eksport ruxsatnomalarida, shuningdek, cheklovlar sekin-asta amalga kiritilib, shirkatlarga oldin tuzilgan shartnomalarni bajarishga ruxsat etilganidadir.

Euromonitor International baholashicha, hozirda oyiga taxminan 700 mln yevrolik Yevropa mollari uchinchi mamlakatlar orqali Rossiyaga yetkazib berilmoqda. Umuman olganda, bu 2021-yildagidan ancha kam (o‘sha yili YIdan har oy 2,7-2,8 mlrd yevrolik mol tashilgan), lekin, sanksiyalar samarali ta’sir etishi uchun baribir ko‘p.

Tadqiqotchilar yana bir nechta “statistik anomaliya”ni aniqlashdi – gap hisobot davrida eksport 100 foiz va undan ko‘p miqdorda oshirilgani haqida bormoqda. Ekspertlarga ko‘ra, eng shubhali holatlardan biri Litvadan Belarusga muayyan dvigatel parametrlariga ega minilgan avtomobillarni eksport qilish 215 foizga oshib, 147 mln yevroni tashkil etganidir.

Украинага босқин: 233-кун | Кремль: Ғарбдан тўхтаган импортни Ўзбекистондан олишга тайёрмиз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:41 0:00

Avvalroq Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaning bank, moliya va energetika sektoriga taalluqli iqtisodiy sanksiyalarning amal qilish muddatini 2023-yil 31-iyulga qadar uzaytirgan edi. Bugungi kunda mazkur cheklov choralari keng turdagi sektoral choralar, jumladan savdo, moliya, texnologiyalar, qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mollar, sanoat, transport hamda zeb-ziynat buyumlariga doir cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan so‘ng Rossiyaga nisbatan Yevroittifoq tomonidan jami to‘qqizta sanksiyalar turkumi qo‘llanib, 1300 nafar jismoniy va 120 ta yuridik shaxslar uchun cheklovlar joriy etildi.

2023-yilning fevralida esa Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘ninchi paketi qabul qilinishi kutilmoqda. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, unda ilk bor Rossiyaning yadroviy sektori, xususan “Rosatom”ga nisbatan cheklovlar joriy qilinadi.

XS
SM
MD
LG