Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:01

Facebook Japarovning COVID-19ni zaharli ildiz bilan davolash haqidagi postini o‘chirdi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (chapdan ikkinchi)
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (chapdan ikkinchi)

“Facebook” Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov COVID-19 infeksiyasini davolash uchun zaharli ildizdan foydalanishni targ‘ib qilib yozgan munozarali postini “dezinformatsiya” deb atab, o‘chirib tashladi.

15 - aprel kuni Japarov “Facebook”da Qirg‘izistonda COVID-19 infeksiyasini davolashning “samarali” usulini topganini e’lon qilgan edi.

Prezident o‘z postiga himoya vositasi taqmagan bir guruh erkak jung‘or ayiqtovoni ildizi ekstraktini idishga solayotgani aks etgan videoni ilova qildi. Videodagi shaxslar eritmani sovuq holatda ichish o‘limga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Keyinchalik ushbu post “Facebook”dan o‘chirib tashlandi.

19 - aprel kuni shirkat xodimi Ozodlik radiosiga prezident posti o‘chirib tashlanganini tasdiqladi.

“Biz ushbu xabarni o‘chirib tashladik, chunki biz hech kim, shu jumladan, saylangan mansabdor shaxslar jismoniy zarar yetishiga olib borishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishi yoki COVID-19ni davolash yoki oldini olish to‘g‘risida yolg‘on da’volarni tarqatishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deyiladi “Facebook” bayonotida.

16 - aprel kuni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri Alimqadir Beyshenaliyev matbuot anjumani o‘tkazib, koronavirus bilan kasallangan 300 bemorga ayiqtovon ildizi eritmasi berilganini e’lon qildi.

Shuningdek, u jurnalistlar oldida zaharli ildiz ekstrakti solingan stakandan ho‘plab, “bu eritma inson salomatligi uchun xavfli emas”, dedi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Qirg‘izistondagi missiyasi bu taklifni keskin tanqid qildi va ayiqtovon ildizi biror kasallik, shu jumladan, koronavirus infeksiyasini davolash uchun xavfsiz vosita ekanini ko‘rsatuvchi dalil yo‘qligini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bir necha shifokor ayiqtovon ildizidan COVID-19 infeksiyasini davolashda foydalanish Qirg‘izistonning jamoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunlariga zid ekanini aytdi.

Jung‘or ayiqtovoni ildizi Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Shinjonda, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning ayrim hududlarida uchraydi.

Ba’zi odamlar zaharli o‘simlik sog‘liqqa foyda ekaniga ishonadi va uning ildizdan tayyorlangan eritmalardan foydalanadi.

Ammo ayiqtovon ildizi tarkibida akonitin zaharli moddasi bor. Ayiqtovon ildizini iste’mol qilish kasallikka yoki hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston matbuotida ayiqtovon ildizini iste’mol qilib, shifoxonaga tushgan yoki o‘lgan shaxslar haqida xabarlar uchrab turadi.

XS
SM
MD
LG