Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:18

Fermer: “To‘rt yilda intensiv bog‘ yaratdim, olmalar hosilga kirganda bog‘ni tortib olishdi”(VIDEO)


Siddiq Xudoyorovning bog‘i endi hosilga kira boshlagan edi
Siddiq Xudoyorovning bog‘i endi hosilga kira boshlagan edi

Buxoro viloyat, G‘ijduvon tumani Xatcha qishlog‘ida yashaydigan 48 yashar fermer Siddiq Xudoyorov OzodMikrofonga murojaat qilib, bor-budini tikib yaratgan instensiv bog‘i tuman hokimining qarori bilan olib qo‘yilib, boshqa fermerga berib yuborilganidan arz qildi.

“Тўрт йилда интенсив боғ яратдим, олмалар ҳосилга кирганда боғни тортиб олишди”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:11 0:00
Бевосита линк

"Xudoyorov Siddiq dalasi" fermer xo‘jaligi rahbari Siddiq Xudoyorov 2016 - yilda 3,5 gektar samarasiz eski bog‘ni G‘ijduvon tumani hokimligi o‘tkazgan tenderda yutib olgan.

Bu haqda hokimlikning maxsus qarori ham bor.

G‘ijduvon tuman hokimining Siddiq Xudoyorovga 3,5 gektar yer 49 yil muddatga bog‘dorchilik uchun berilgani haqidagi qarori.
G‘ijduvon tuman hokimining Siddiq Xudoyorovga 3,5 gektar yer 49 yil muddatga bog‘dorchilik uchun berilgani haqidagi qarori.

Siddiq Xudoyorov bundan avval 15 yil Toshkentda yashab, Botanika bog‘ida ishlab, nihollar parvarishi bilan shug‘ullangan.

U ana shu eski bog‘ning ikki gektariga intensiv bog‘ qilish maqsadida 2200 ta eksportbop “Karlikoviy”, “Boyka”, “Krepson” navli olma va shaftoli ko‘chatlarini keltirib o‘tqazgan.

Сиддиқ Худоёров бу видеода ўзи яратган интенсив боғ ҳақида ҳикоя қилади.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:36 0:00

Xudoyorovning aytishicha, u bu ko‘chatlarni sotib olish va parvarishi uchun o‘z yonidan 65 million so‘m xarajat qilgan:

“O‘zimni uyim, joyim yo‘q edi. Pulimni uy qilishga ham sarflamay shu boqqa tikdim. Xotinim va bolalarim bilan kechayu kunduz mehnat qildim. Uch yildan so‘ng bog‘im nishona hosil bera boshladi, lekin oradan uch yil o‘tganidan so‘ng, nihollar meva berishni boshlash yili, 2019 ning yanvar oyida hokimiyatdan odamlar kelib, o‘rganib chiqamiz, kimning bog‘i yaxshi bo‘lsa o‘zida qoladi, dedi”.

Buxoro viloyati hokimining qarori
Buxoro viloyati hokimining qarori

Xudoyorovning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik vakili undan yerni davlat zaxirasiga qaytarish haqida ariza yozib berishni talab qilgan. Xudoyorov rozi bo‘lmagan:

“Menga sizning bog‘ingiz eng zo‘ri, Vazirlar Mahkamasining qarori shunaqa, avval zaxiraga qaytarib, keyin tender qilib o‘zingizga qaytarib beramiz, xavotir olmang, dedi. Men rozi bo‘lib ariza yozib berdim. Lekin ana shu joyda aldangan ekanman”.

Xudoyorov orada xavotir bo‘liib, bir necha bor tuman hokimi Murodjon Umarovga ham uchrashganini aytadi. Hokim fermerni ishingni qilib yuraver, hammasi joy-joyida qoladi, deb tinchlantirgan:

“Ammo bir kuni “Abdurahim dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Dilafro‘z Obloqulova kelib, tomdan tarasha tushganday dalani bo‘shat, bu bog‘ menga o‘tdi, dedi”.

Siddiq Xudoyorov uning bog‘i hech qanday tanlov o‘tkazilmasdan va u tanlovda qatnashtirilmasdan boshqaga berib yuborilgani, tuman hokimining g‘ayriqonuniy qarori ustidan sudga murojaat qilgan, ammo sud ham hokimlikka yon bosib, u taqdim qilgan hujjatlarni e’tiborga olmaganini iddao qiladi:

“MIB xodimlari kirib kelib, meni majburan bog‘imdan chiqarib tashlashdi. 65 million so‘m xarajatim, to‘rt yillik mehnatim bekor ketdi. 2020 - yilda olmalarim hosilga kirgan, har tup olma 40-50 kilo hosil qilgan edi. Bir yashchik ham olma ololmadim, bir yarim gektardagi bug‘doyimdan ham bir kilo ololmadim”.

Siddiq Xudoyorov quyonchilikni ham yo‘lga qo‘yishni boshlagan edi.
Siddiq Xudoyorov quyonchilikni ham yo‘lga qo‘yishni boshlagan edi.

Xatcha qishlog‘ida yashaydigan pensioner Samad Daminov ham Siddiq Xudoyorov oilasi intensiv bog‘ bunyod qilganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

“Bu eski bog‘ edi, ajiriq bosib, rasvo bo‘lib yotgan joy edi. Eru-xotin ikkovi yerni ag‘darib, ajiriqlarini terib, intensiv bog‘ qilamiz deb yangi nihol o‘rnatdi. Juda chiroyli bog‘ bo‘lgan edi. Nima bo‘ldi, bilmadimu, undan shu bog‘ni tortib olib qo‘yishdi”.

G‘ijduvon tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalri bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baraka Tolibov Ozodlik bilan suhbatda bu voqeadan xabari yo‘qligi va bu masalani o‘rganib chiqishini aytdi:

“Men o‘zim shug‘ullanaman bu masala bilan, o‘sha fuqaroning o‘zi bilan ham gaplashaman, uch-to‘rt kunda natijasini aytaman”.

Prezident qarorining teskari talqini

2019 - yilning 18 - dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan edi.

Nizomga muvofiq, 2020 - yildan boshlab hokimliklar har yili 1 - oktabrga qadar iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzor maydonlarni ro‘yxatga oladi.

Bu ro‘yxatga kiritilgan fermer xo‘jaliklari¸ hukumat nizomiga ko‘ra¸ “hokimning yaroqsiz deb topilgan bog‘, tokzor o‘rniga intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga asosan olti oy muddatda bog‘ va tokzorni buzish va dalani daraxt qoldiqlaridan tozalash hamda uning o‘rniga intensiv bog‘ va tokzor barpo etish ishlarini amalga oshiradi”.

Siddiq Xudoyorovning aytishicha, uning masalasidagi Vazirlar Mahkamasining qarori teskari talqin etilganini ko‘rsatmoqda. Hokim fermerdan yaroqsiz bog‘ni emas. balki hosil berishga kirgan intensiv bog‘ni tortib olmoqda.

O‘zbekistonda paxtachilik va bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklariga yerlari avvalgi hokimlar qarori bilan yer jaratib berilgani, lekin yangi kelgan hokimlar salaflarining qarorlarini bekor qilib, boshqa shaxslarga berib yuborish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Hokimlik qaroriga ishonib yerga bor-budini tikib ishlagan odamlar, oqibatda hech narsasiz qolib ketgan holatlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG