Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:53

FIFA: Eronlik futbolchi qizlar Olimpiadada qatnashmaydi


Eronlik futbolchi ayollar FIFA qaroridan maydonga tushgachgina xabar topgach, o'z hissiyotlarini yashira olmadilar.
Eronlik futbolchi ayollar FIFA qaroridan maydonga tushgachgina xabar topgach, o'z hissiyotlarini yashira olmadilar.
Xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA 2012 yili Londonda o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarining saralash o‘yinlarida Eronning ayollar futbol jamoasining ishtirok etishini man etdi. FIFA o‘z qarorini futbolchi ayollar o‘ragan hijoblari va islomiy sport kiyimlari FIFA talablariga mos kelmasligi bilan izohladi.

Eron rasmiylari ayollar terma jamoasining 3 iyun kuni Iordaniya milliy jamoasi bilan o‘yinga qo‘ymagan FIFAni sudga berish bilan tahdid qilmoqda. O‘yinda qatnasha olmagan Eron jamoasiga avtomatik ravishda 3:0 hisobida mag‘lubiyat yozildi.

Ummonda o‘yin boshlanishi arafasida e‘lon qilingan FIFAning qarori eronlik futbolchi ayollarning Londondagi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish umidlarini puchga chiqardi, deya e‘tiroz bildirdi Tehron rasmiylari.

Eron futbol federatsiyasining ayollar masalalari bo‘yicha mutasaddisi Farida Shojay Reyters axborot agentligiga eronlik ayollar bellashuvni davom ettirishiga umid qolmaganini bayon qildi.

Eron futbol federatsiyasining ayollar masalalari bo'yicha mutassaddisi Farida Shojay.
- Bu nima bilan tugashini oldindan aytish juda qiyin. Biz libosimizni o‘zgartirishimiz ehtimoldan yiroq chunki o‘tgan o‘yinlar qayta o‘ynalmaydi. Shu haftada final o‘yinlarida ishtirok etadigan jamoalar ma‘lum bo‘ladi. Shu sabab ikkinchi davra o‘yinlari uchun vaqt va pul sarflagan davlatlar o‘yinlarni qayta o‘tkazishni istamaydi,- dedi Eron rasmiysi.

Shojay Olimpiada saralash o‘yinlarida ishtirok etish uchun yangi qoidalar joriy qilingani to‘g‘risida Eron rasmiylari avvaldan ogohlantirilmaganini qo‘shimcha qildi.

Unga ko‘ra, FIFA o‘tgan yili o‘yinchilar formasiga oid qoidaga tuzatish kiritganidan keyin Eronning ayollar terma jamoasi o‘z formasini o‘zgartirgan.

Eron rasmiysi yangi formani FIFA prezidenti Zepp Blatter ma‘qullagani va keyingi o‘yinlarda futbolchi qizlar maydonga o‘sha formada tushganlarini iddao qildi.

- Biz FIFAga elektron maktub yo‘llab, tushuntirish berilishini so‘radik. Ular e‘lon avvalroq berilganini aytishdi. Ammo o‘yinlardan oldin biz ulardan hech qanday maktub olmadik. Balki ular o‘tgan yilgi maktublarni aytayotgandir. Biz o‘shanda hamma talablarni bajardik va o‘yin o‘tkazdik. Keyingi davrada ishtirok etishimizga qarshilik bo‘lmadi. Bu Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishimizga qarshilik yo‘qligini anglatadi,- dedi Eron rasmiysi.

Ayni paytda FIFA rasmiylari ham Eron, ham Iordaniya futbol federatsiyalarini soch, quloq va bo‘yinni o‘rab turadigan hijob xavfsizlik nuqtai nazaridan ta‘qiqlangani borasida avvaldan ogohlantirilganini ta‘kidlamoqda.

7 iyungi qaror ayol futbolchilar libosi bilan bog‘liq FIFAning birinchi munozarali qarori emas.

2004 yilda FIFA prezidenti Zepp Blatter ayol futbolchilar ayollarga xos libos, jumladan torroq shortik kiyishini taklif qilganida keskin tanqidlarga uchragan edi.

Eslatamiz, Eronning ayollar futbol jamoasi O'zbekiston futbol bo'yicha ayollar terma jamoasining Londondagi Olimpiya o'yinlariga yo'llanma olishida eng asosiy raqiblardan biridir.
XS
SM
MD
LG