Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:15

“G‘alla urushi”. Rossiya Ukraina donini chetga chiqarmayapti va o‘zi o‘g‘irlab sotyapti


Qrimdagi g‘alla xirmoni. Ukraina, 24- iyun, 2021.
Qrimdagi g‘alla xirmoni. Ukraina, 24- iyun, 2021.

Xalqaro g‘alla kengashi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda Ukraina don eksporti bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan. Mamlakat 90 foiz g‘allani xorijga Qora dengiz portlari orqali jo‘natardi: Rossiya bosqiniga qadar ukrain shirkatlari Qora dengiz portlaridan kemalarga har oy qariyb besh million tonna g‘alla yuklardi.

O‘rta yer dengizidan Qora dengiziga sochma yuklarni tashishga mo‘ljallangan maxsus kemalar – balkerlar karvoni qatnagan. Ular bari Ukrainadan bug‘doy, jo‘xori, arpa va boshqa g‘alla xomashyosini butun dunyoga yetkazib berardi.

Urush boshlangach Rossiya nafaqat Ukrainaning Qora dengiz sohilidagi aksar port shaharlarini bosib oldi, balki mamlakatni g‘alla tijorati yo‘llarini ham to‘sib qo‘ydi.

“Qora dengizda rus kemalari suzib yuribdi. Ular hali urush boshlanmasidan Ukraina hududiga kelgan xalqaro kemalarni portlardan chiqarmayapti. Shuningdek, don ortiladigan yuk kemalari ham portlarimizga kira olmayapti”, deydi Butunukraina agrar kengashi raisining o‘rinbosari Denis Marchuk.

Yevrokomissiya Ukrainadan g‘alla eksport qilish imkoniyatlarini izlamoqda. Yevropa mulozimlari, xususan, Rossiya Ukraina portlarida va elevatorlarda qolib ketgan millionlab tonna donni temir yo‘l va boshqa transport turlari orqali olib chiqish choralari ustida bosh qotiryapti. Biroq bu nihoyatda katta kuch va prinsipial yangi logistikani taqozo etadi. Chunki bitta balkerga o‘rtacha 60 ming tonnaga yaqin don ortish mumkin bo‘lsa, yuk mashinasi atigi bir necha o‘n tonna yuk oladi. Ukrainaning eksportga mo‘ljallangan butun g‘allasi bir iloj qilib Yevropaning O‘rta yer dengizi portlariga yetkazilgan taqdirda ham buncha donni tashiydigan savdo kemalarini topish, yuk ortish va jo‘natishga ancha-muncha vaqt kerak.

“Yevropa portlarining rejalashtirilgan port faoliyati va o‘z jadvali borligini unutmaylik. Ular so‘nggi bir yillik ish faoliyatini rejalayotgan paytda Ukrainadan u yerga kemalarga ortish uchun g‘alla tashilishini xayollariga ham keltirmaganlar”, eslatadi siyosatshunos Aleksey Yakubin.

Rossiyada Vladimir Putin mamlakat bu yil o‘z tarixida “rekord hosil” – 130 million tonna g‘alla, jumladan 87 million tonna bug‘doy olishini, shuningdek g‘alla savdosida yangi bozorlarga chiqishini bashorat qilmoqda. Boz ustiga, CNN xabariga ko‘ra, Rossiya o‘z g‘allasidan tashqari, bosib olingan hududlarda ukrain fermerlaridan tortib olingan donni ham sotyapti. Jurnalistlar bosib olingan Qrimdan Suriyaga g‘alla keltirgan rus kemasi harakatini sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatishdi. Kema Qrimdan jo‘nashidan oldin yarimorolga yuk mashinalarida Ukraina elevatorlaridan g‘alla tashib kelingan.

“Biz Ukrainaning bosib olingan hududlari – Xerson, Zaporojye viloyatining bir qismi, Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi vaziyat haqida gapiryapmiz. Bizning hisobimizcha, Ukraina hududlaridan taxminan 500 ming tonna g‘alla olib ketilyapti”, deydi Denis Marchuk zararni chamalarkan. Uning aytishicha, 500 ming tonna g‘alla pulga chaqilganda 150 million dollar bo‘lishi mumkin – bu Ukraina byudjeti uchun jiddiy talafot.

Qolaversa, urg‘ulaydi Marchuk, bizning ko‘pyillik savdo hamkorlarimizga g‘alla yetib bormay qo‘ydi. Ular orasida G‘arbning farovon mamlakatlaridan tashqari, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi rivojlanayotgan davlatlar ham bor. Ushbu mintaqalarda g‘alla tanqisligi ocharchilikka va ommaviy norozilikka sabab bo‘lishi mumkin.

“2011-yilgi “arab bahori”ni eslang. O‘sha to‘polonlarga odamlar qo‘lida pul kamayib ketishi, bug‘doy va un bahosi osmonga sapchigani sabab bo‘lgan edi. “Arab bahori” millionlab qochqinlarni paydo qildi va ularning aksari Yevropaga qarab yo‘l oldi. Bugun o‘sha voqealar takrorlanishi xavfi bor”, deydi Marchuk.

Ukraina agrar siyosat vazirining birinchi o‘rinbosari Taras Visotskiy uning fikriga qo‘shiladi: “Bu urush global oziq-ovqat inqirozini boshlab berdi. Qolaversa, hozirda iste’molchilar ko‘p mahsulotlarga jismonan yetisha olmaydigan vaziyat yuzaga kelmoqda, qimmatchilik aholining bir necha qatlamini iqtisodiy zaif qilib qo‘yadi. Natijada ular xarid qobiliyatlarini yo‘qotadilar. Agar o‘rta istiqbolda narx-navo o‘sishi to‘xtatilmasa, uning ta’siri uzoq muddatli bo‘ladi va ahvolni o‘nglash uchun bizga yillar kerak bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Visotskiy aytishicha, ishlab chiqarilgan butun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari iste’mol qilingan. Binobarin, mamlakatda o‘n million tonnalab g‘allani chetga jo‘nata olmayotgan ekan, iste’molchilar uchun bitta chora qoladi – iste’molni kamaytirish.

“Yoki yetishmayotgan oziq-ovqatni boshqa mamlakatlardan olish mumkin, lekin, ular ham iste’molni kamaytirishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, xohlasak-xohlamasak, tanqislik yuz beradi. Iste’mol kamayishi odamni o‘ldirmaydi, ammo diyetik muvozanatni buzishi muqarrar”, deya tushuntiradi mulozim.

Ukrainada yangi g‘alla hosilini yig‘ib-terib olish boshlanishiga bir necha oy bor. Biroq ekspertlar o‘sha vaqtgacha ko‘plab mamlakatlar o‘z zaxirasini yeb bitirishini aytishmoqda. Va toki Rossiya armiyasi Qora dengizni to‘sib qo‘ygan ekan, zaxiralarni to‘ldirish imkonsizdir.

XS
SM
MD
LG