Mustaqil “Gazeta.uz” nashri O‘zbekistondagi so‘nggi konstitutsiyaviy islohotlar haqida chop etgan ikki maqolasini saytdan o‘chirishga majbur bo‘ldi. Tahririyatning bildirishicha, aynan prezident muddatining 5 yildan 7 yilgacha uzaytirilishi haqidagi maqola ortidan nashr navbatdagi "trollar hujumi"ga uchragan.
25-iyun kuni e’lon qilingan “Prezidentlik muddatini 7 yilga uzaytirish taklif qilinmoqda” deb atalgan maqolada "Konstitutsiyaning 90-moddasi 2-qismidagi “besh” so‘zini “yetti” so‘zi bilan almashtirish nazarda tutilgani, oxirgi marta prezidentlik muddati 2011-yilda o‘zgartirilgani, keyin muddatlar 7 yildan 5 yilgacha qisqartirilgani” qayd etilgan.
Tahririyatning bildirishicha, maqola ortidan “Gazeta.uz” trollar hujumiga nishon bo‘lgan.
“Diqqat! “Gazeta.uz” ushbu xabar izohlarida trollar to‘lqiniga duch keldi. Sharhlar aynan bir xil yoki bir-biriga o‘xshash IP-manzillardan qoldirilmoqda, turli mualliflar nomidan e’lon qilinayotgan ayrim sharhlar bir xil mazmunga ega. Ular soni juda ham ko‘p. Tahririyat feyk xususiyatiga ega sharhlarni chop etmaslik huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deyiladi nashr nomidan berilgan bayonotda.
Maqolaga turli nomdagi foydalanuvchilar tomonidan “Hozirgi sharoitda O‘zbekistonga Sh.Mirziyoyev singari kuchli rahbar zarur. Shuning uchun vakolat muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirishni qo‘llab-quvvatlayman”, “Mne lichno ponravilos ochen razumnoye predlojeniye, bolshoe spasibo za rabotu, provodimuyu dlya razvitiya nashey strani” kabi egizak sharhlar qoldirilganini ko‘rish mumkin.
Avvalroq “Gazeta.uz” e’lon qilgan “Konstitutsion islohot: bizni nimaga tayyorlashmoqda?” deb atalgan tahliliy maqola ham saytdan g‘oyib bo‘lgandi. Keyinroq BBC O‘zbek xizmati tomonidan qayta chop qilingan maqolada muallif Komil Jalilov yangi Konstitutsiya shaxslarga asoslangan tizimdan institutlarga asoslangan tizimga o‘tish imkonini berishi kerakligini ta’kidlaydi.
“Menimcha, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar shaxslarga asoslangan tizimdan institutlarga asoslangan tizimga o‘tish imkonini berishi kerak... Zero, hokimiyatning har bir tarmog‘i bir-birini nazorat qiladigan va uni har qanday subyektiv qarorlar qabul qilishdan tiyib turish uchun yetarli vakolatga ega bo‘lgan tizimda yangi shaxsning islohotlarni chetlab o‘tishi yoki orqaga qaytarishi qiyin bo‘ladi. Muayyan shaxsning ketishi bilan hamma narsa barbod bo‘ladi deya qo‘rquvga tushsak, davlat institutlarining barqarorligi haqida gapirish mumkinmi?” deb yozgan tahlilchi.
Muallif, ayni choqda, Konstitutsiyaning referendumga qo‘yilishi tartibi masalasida ham o‘z taklifini bergan.
“Referendum “barcha tuzatishlar tarafdori” yoki “barcha tuzatishlarga qarshi” tamoyili bo‘yicha partiyaviy ovoz berish imkoniyatini emas, balki tuzatishlarning har bir alohida bandi bo‘yicha ovoz berish imkoniyatini berishi kerak”, deb yozadi u.
25-iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirishga oid qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. “Gazeta.uz” nashri mazkur loyiha tahlili doirasida “Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirish taklif etilmoqda” (Status Karakalpakstana v Konstitutsii predlagayetsya izmenit) sarlavhali maqola chop etdi.
Unda amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra Qoraqalpog‘iston suveren respublika sifatida referendum yo‘li bilan O‘zbekiston tarkibidan chiqishga haqli ekani, yangi loyihada esa ushbu tartib bekor qilinayotgani bayon etilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur maqola saytdan olib tashlandi.
Saytdan maqolalarning o‘chirilishi va tahririyat trollar hujumiga nishon bo‘lgani yuzasidan hozircha na Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, na Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi munosabat bildirgan.
“Gazeta.uz” 2008-yildan beri “Afisha Media” MChJ muassisligida chop etib kelinadi. Sayt ijtimoiy-siyosiy voqelik borasida mustaqil va nisbatan erkinroq yondashuvga ega ekani aytiladi.
Mustaqil nashrlarga troll hujumlari O‘zbekistonda ilk bor kuzatilmayapti.
2021-yilda “Kun.uz” ham trollar hujumiga uchragani, ijtimoiy tarmoqlarda tahririyatga nisbatan tuhmat va ig‘vodan iborat postlar joylashtirilganini ma’lum qilingan edi.
O‘tgan yil oktabrida Ozodlikning Telegram-kanalida muvofiqlashtirilgan hujum qayd etilgan. Yarim soat mobaynida yopiq akkaauntlardan Ozodlik jurnalistlariga o‘lim va jinsiy tajovuz bilan tahdid qiluvchi o‘nlab maktublar yo‘llangan.
Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O‘zbekiston hukumatini Ozodlik jurnalistlariga tahdidlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni jazolashga chaqirgan. Ammo hozirgacha bu kabi tekshiruv o‘tkazilgani ma’lum emas.