Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:08

"Gazprom" hamma narsaga to‘laydi". Toshkentdagi boks bo‘yicha jahon chempionati boykot qilindi


AQSh, Kanada, Chexiya, Irlandiya va Shvetsiya sportchilari 1-14-may kunlari Toshkentda o‘tadigan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini boykot qildi. Bunday qarorga Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z mamlakatlari bayroqlari va madhiyasi ostida qatnashishi sabab bo‘ldi. Boykot e’lon qilgan mamlakatlar Rossiya va Belarusni Ukrainaga harbiy bosqinchilik qilishda ishtirok etayotgan davlatlar sifatida turli musobaqalardan chetlatishni talab qilib kelmoqda.

Boykotga AQSh, Kanada, Britaniya, Chexiya, Irlandiya, Finlyandiya va Shvetsiya qo‘shildi

8-fevral kuni AQSh boks federatsiyasi tashkilotning rasmiy saytida Amerika jamoasining erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashishdan bosh tortgani haqida bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bu pozitsiya uchun bir qator dalillar keltirilgan, biroq asosiy sabab Xalqaro boks assotsiatsiyasining Rossiya va Belarus bokschilariga o‘z milliy bayroqlari ostida musobaqalarda qatnashishiga ruxsat berish haqidagi qarori bo‘ldi.

Boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati 15-31-mart kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida, erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati Toshkentda 1—14-may kunlari bo‘lib o‘tadi. “Gazprom” shirkati homiyligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Toshkentdagi boks bo‘yicha jahon chempionatining mukofot jamg‘armasi 5,2 million dollarni ($ 200 ming birinchi o‘ringa, $ 100 ming – ikkinchi o‘ringa va $ 50 ming – uchinchi o‘ringa) tashkil etadi.

USA Boxing rahbari Mayk MakAti fikricha, jahon chempionatlarida ishtirok etish "nafaqat Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 2-fevralda tasdiqlangan sanksiyalarini, balki o‘yin va shaffoflik tamoyillarini ham buzadi". Mayk MakAti boks musobaqalarining borishiga Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi ta’siri katta ekaniga ishora qildi.

- XOQ (Xalqaro olimpiya qo‘mitasi) tomonidan bir necha bor bildirilgan xavotirlarga va XBA (Xalqaro boks assotsiyatsiyasi) rahbariyatining o‘z daromad manbalarini ochiqlash va’dalariga qaramay, XBA AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada, Shveysariya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Ukraina va boshqalar tomonidan sanksiya qilingan Rossiyaning "Gazprom" davlat energetika kompaniyasiga (va/yoki Gazpromning "Gazprombank" va "Gazprom Neft" kabi sho‘’ba korxonalariga) moliyaviy jihatdan qaram bo‘lib qolmoqda ,- dedi USA Boxing rahbari.

XOQ Rossiya va Belarus davlatlariga qarshi 2023-yilning 2-fevralida sanktsiyalarga qo‘shilganini e’lon qilgani tufayli bu mamlakatlar bayroqlari, gimnlari va ranglari har qanday sport musobaqasida ishlatilishi taqiqlandi.

Bu qarorga Rossiya agressiyasi natijasida ko‘plab Ukraina boks trenerlari va bokschilari halok bo‘lgani aytildi. Amerikalik boks rahbari ukrain murabbiysi Mixail Korenovskiyning rus raketasi hujumi oqibatida 2023-yil yanvarda o‘z uyida nobud bo‘lganini yodga oldi.

Shuningdek, AQSh vakillari sudyalarni tanlashdagi buzilishlar, "shaffof bo‘lmagan" byudjetlar, gender jihatdan ayollar va erkaklarga teng pul mukofotlarining yo‘qligi AQSh va boshqa mamlakatlarni Toshkentda va Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan nufuzli sport o‘yinlarini boykot qilishga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

AQShdan so‘ng Irlandiya boks federatsiyasi ham u yerga rossiyalik sportchilar qabul qilingani sababli erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashishdan bosh tortishga qaror qildi.

Chexiya boks assotsiatsiyasi prezidenti Marek Simak Chexiya terma jamoasining boks bo‘yicha jahon chempionatini boykot qilish niyatini bildirdi.

Sport.cz nashriga bergan intervyusida u bu qarorni ushbu jahon chempionati Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqador shaxslar nazorati ostida qolayotgani va bevosita “Gazprom” bosimi ostida o‘tayotgani bilan bog‘ladi:

- Oldingi rahbarlikdagi boks assotsiatsiyasi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu uzoq muddatli pozitsiya, chunki IBA xalqaro assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan shaxsdir. U yerda ko‘p narsani pul hal qiladi, "Gazprom" hamma narsaga to‘laydi. Qoidaga ko‘ra, ular jahon chempionatini Olimpiadadan ko‘ra muhimroq deb hisoblashni xohlashadi… Ha, katta mukofot puli bo‘ladi. Ikkita bronza medali uchun 25 000 dollar, kumush uchun 50 000 dollar va oltin uchun 100 000 dollar. Kreml jahon chempionatini biznesga aylantirmoqchi. Bu yomon emas, lekin u XOQga qarshi chiqish bilan muammoni hal qila olmaydi… Boks Olimpiya o‘yinlariga tegishli.

Marek Simak ushbu boykotga boshqa mamlakatlar qo‘shilishi va musobaqa o‘tkazilsa, vaziyat 2028-yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi boks musobaqalari o‘tkazilishiga ham jiddiy zarar yetkazishini bashorat qildi.

Shvetsiya boks assotsiatsiyasi prezidenti Pyer-Aksel Syoxolm ham Rossiya va Belarus sportchilari musobaqada ishtirok etsa, Shvetsiya boks bo‘yicha jahon chempionatida qatnashmasligini bildirdi.

- Bu yerda na demokratiya, na oshkoralik mavjud. Biz XBA arizasini qabul qilmaymiz. Biz o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun bir necha yil ishladik, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik. Keyin ular o‘zlari Rossiya va Belarusga milliy bayroqlar ostida bellashishga ruxsat berishga qaror qildi,dedi Pyer-Aksel Syoxolm.

O‘zbekistonda o‘tkazilajak ayollar va erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini boykot qilishga rossiyalik va belaruslik sportchilarning o‘z bayroqlari ostida ishtirokiga norozilik sifatida Kanada boks federatsiyasi ham qo‘shildi.

Finlyandiya boks federatsiyasi mart oyida Hindistonda ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga jamoa jo‘natmoqchi emas. Bu haqda tashkilot ijrochi direktori Marko Layne ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya boks rahbariyati ham ayni vajlar bilan Hindistondagi ayollar boks musobaqalarini boykot qilishini ma’lum qildi.

"Buyuk Britaniya kelasi oy Hindistonda bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatida rossiyalik sportchilarning o‘z milliy bayrog‘i ostida ishtirok etishidan xavotirlar tufayli ishtirok etmaydi. Sport tashkiloti erkaklar terma jamoasining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishi ham ko‘rib chiqmoqda", deyiladi rasmiy bayonotda.

Britaniyalik sportchilar vaziyat o‘zgartirilmasa IBA va Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasidagi jarlik yanada kengayishidan xavotir bildirmoqda.

Rossiyaning boks bo‘yicha bosh murabbiysi Eduard Kravsov yuzaga kelgan vaziyatda O‘zbekiston va Hindistonda o‘tkazilajak sport musobaqasi boykotiga boshqa G‘arb davlatlari ham qo‘shilishi mumkinligini bildirdi.

MOQ IBAdan islohotlarni kutmoqda

Milliy Olimpiya qo‘mitasi esa Xalqaro boks assotsiatsiyasidan islohotlarni kutmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya va Belarusdan sportchilar ishtirokiga IBA - Xalqaro boks assotsiatsiyasi (sobiq AIBA) ruxsat bergan. Bu tashkilot esa 2020-yil dekabridan buyon rossiyalik Umar Kremlev tomonidan boshqariladi.

Bungacha u Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi lavozimida ishlagan. U lavozimga tayinlangan paytda IBAning qarzlari 20 mln dollarni tashkil qilgan. 2021-yilning may oyida Kreml barcha qarzlarning to‘liq qaytarilishini e’lon qildi. 2022-yilda u IBA prezidenti etib qayta saylandi.

AIBA ning sobiq rahbari o‘zbekistonlik tadbirkor G‘ofur Rahimov 2019-yilning 22-mart kuni uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlikda gumonlanib, iste’foga chiqqan edi. G‘ofur Rahimov AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Hozirda Rahimov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallab keladi.

Umar Kremlev iste’foga chiqqan Rahimovni qattiq tanqid qilib, uni "boks hamjamiyatini aldagan shaxs" deb atagandi.

Kremlevning haqiqiy ismi va familiyasi Lutfulloyev Umarali Nazarovich. Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, familiya va ismning o‘zgartirilishi sudlanganlik ehtimolini yashirish uchun qilingan. Millati tojik bo‘lgan Umarali Moskva viloyatida tug‘ilgan, 2005-yilda Moskva davlat kommunal xo‘jaligi va qurilish akademiyasini tamomlagan.

2007-yilgacha Rossiya boks federatsiyasining bo‘lajak rahbari Lutfulloyev familiyasiga ega bo‘lib, bir nechta jinoyat ishlariga aralashgan va shartli jazoga hukm qilingan. Nikoh orqali u tojikcha Lutfulloyevdan voz kechib, ruscha Kremlyov familiyasini olgan.

Umar Kremlyov-Lutfulloyev
Umar Kremlyov-Lutfulloyev

Sportchi sifatida Kremlev o‘zini boksda unchalik ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, boksning kelajakdagi ma’muriy cho‘qqilariga birinchi qadamlarini u 2013-yilda Putinni qo‘llab-quvvatlovchi "Tungi bo‘rilar" motoklubi safiga kirishdan boshlagan. U yerda o‘zining "Patriot" promouterlik kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan, boks janglarini tashkil qila boshlagan.

Ehtimol, u o‘sha yerda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Xavfsizlik xizmati rahbari Aleksey Rubejniy bilan tanishgan va uni Rossiya Boks Federatsiyasi Oliy Kuzatuv Kengashining rahbariga tayinlagan.

Hozircha na O‘zbekiston Boks federatsiyasi va na boshqa boks tashkilotlari jahon chempionatining boykot qilishi masalasida izoh berdi.

O‘zbekiston sport hamjamiyati vakillaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Xalqaro boks federatsiyasida vaziyat o‘zgarmaguncha boykotlardan naf yo‘qligini so‘zladi.

- Qator boshqa o‘yinlarda ham xuddi shunday boykotlar uchramoqda, ammo xalqaro musobaqalar to‘xtatilgani yo‘q, davom etyapti. Masalan, Qozog‘istonda yaqinda bo‘lgan Osiyo bo‘yicha atletika chempionatiga AQSh inspektorlari xuddi shu vajlar bilan kelmadi. Ammo hech narsa o‘zgarmadi: chempionat o‘tdi, reytinglar tarqatildi. Boks bo‘yicha jahon chempionatiga AQSh, Britaniya va boshqa davlatlar qatnashmasligi ham vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Ko‘proq o‘rinlarni o‘zbeklar va qozoqlar egallaydi, xolos. Ruslar va belaruslarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi masalasida esa xalqaro sport hamjamiyatida yakdillik yo‘q. Siyosiy sanksiyalar tufayli sport o‘yinlari ilgari ham boykot qilinganini ko‘rganmiz. Bu safar IBAning o‘zida vaziyat o‘zgartirilmaguncha, uning “Gazprom”ga muteligi yo‘qotilmaguncha va Kremlyov komandasi tashkilotdan chiqarilmaguncha sanksiya va boykotlardan katta natija kutishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Biroq, qator kuzatuvchilar ushbu mojarolar va ichki nizolar Xalqaro boks assotsiatsiyasi nufuzini yil sayin tushirib yuborayotgani, boks rahbariyati hatti-harakatlari qator milliy federatsiyalar noroziligiga sabab bo‘layotganini gapirmoqda.

“Biz IBA harakatlariga rozi emasmiz. Biz o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun ko‘p yillardan buyon harakat qildik, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik”, — dedi Shvetsiya boks federatsiyasi raisi Pyer-Aksel Syoxolm.

2019-yil iyun oyida XOQ Ijroiya kengashi qarzlari tufayli tashkilotdagi IBA a’zoligini to‘xtatib qo‘yishni, ammo boksni Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari dasturida saqlab qolishni tavsiya qildi. XOQ sessiyasida ushbu tavsiyanoma tasdiqlandi.

Natijada 2021-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalar XOQ tomonidan boshqarildi.

2022-yil fevralida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Ukrainadagi vaziyat tufayli rossiyalik va belaruslik sportchilarni musobaqalarga qo‘ymaslikni tavsiya qilgan edi. 4-mart kuni IBA rossiyalik sportchilarga tashkilot shafeligidagi xalqaro turnirlarda qatnashishni taqiqlagan edi. 5-oktabr kuni IBA rossiyalik va belaruslik bokschilarning diskvalifikatsiyasini bekor qildi, sportchilarga xalqaro maydonlarda milliy bayroqlar va davlat madhiyalari ostida qatnashishlariga ruxsat berildi.

O‘tgan iyun oyida XOQ 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlaridagi boks turniri yana XBAdan holi tarzda o‘tkazilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, boks 2028- yilgi Olimpiya o‘yinlarining dastlabki dasturiga kiritilmagan. Dekabr oyida esa qo‘mita Xalqaro boks assotsiatsiyasi a’zoligini to‘xtatib turishni ma’qullagandi.

Rossiyaning 2024-yilgi o‘yinlarda ishtirok etishiga qarshi kampaniya boshlashga va’da bergan Ukraina, agar Rossiya va Belarus sportchilari musobaqalarda qatnashishiga ruxsat berilsa, Parijdagi 2024 va Los-Anjelesdagi 2028-yilgi Olimpiadalarni boykot qilish bilan tahdid qilgan.

XS
SM
MD
LG