Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2023, Тошкент вақти: 02:50

"Gilam ustidagi urush". Toshkentda rassom Shuhrat Bobojonovning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda


Shuhrat Bobojonov. "Gilam ustidagi urush". "Hamar" art-galereyasi - Toshkent, noyabr, 2021 - yil.
Shuhrat Bobojonov. "Gilam ustidagi urush". "Hamar" art-galereyasi - Toshkent, noyabr, 2021 - yil.

Toshkentdagi “Hamar” badiiy galereyasida taniqli o‘zbek rassomi Shuhrat Bobojonov asarlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

1 - noyabr kuni ochilgan ko‘rgazma asnosida 20 yil muqaddam siyosiy bosimlar tufayli O‘zbekistonni tark etgan va AQSh vatandoshi bo‘lgan muallifning o‘zi ham birinchi marta O‘zbekistonga safar qildi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari orasida O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi ham bor. Unda namoyish qilinayotgan asarlarning ayrimlari, “Hamar” art-galereyasi vakili Shirin Toshevaning aytishicha, 2016 - yilda “yoqib yuborilish” tahdidi ostida qolgan edi.

58 yashar Shuhrat Bobojonov nafaqat taniqli rassom, balki mustaqil jurnalist, O‘zbekistonda hozirgacha bloklangan Ozodlik radiosi o‘zbek tahririyatining sobiq xodimi hamdir. U Karimov davrida Rassomlar akademiyasi a’zoligi va O‘zbekiston vatandoshligidan chiqarilishini jurnalistik faoliyati bilan ham bog‘laydi.

Ko‘rgazma O‘zbekistondagi rassomlar hamjamiyati va tasviriy san’at muxlislari bilan bir qatorda Karimov davrida asarlari taqiqlangan va rasmiy matbuotda qoralangan ijodkorning taqdiri bilan qiziqqan keng jamoatchilikning ham e’tiborini tortdi, tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Mirziyoyevcha iliqlik” yoki piar?

Toshkentdagi ko‘rgazma haqida birinchilardan bo‘lib e’lon qilgan O‘zbekiston xalq rassomi va sobiq madaniyat vaziri Tursunali Qo‘ziyev Shuhrat Bobojonovning ko‘rgazmasi “mirziyoyevcha iliqlik” siyosatining natijasi ekani haqida yozdi.

“Nihoyat, uzoq yillar surgunda yurgan rassomning chorak asr taqiqda bo‘lgan asarlari «Hamar» ko‘rgazmalar zalida namoyish qilinmoqda. Faqat mirziyoyevcha iliqlik tufayli u Toshkentga kelib o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini ochmoqda. Rassomning bu yo‘li uzoq bo‘ldi. Uning o‘zi aytganidek, “toshlarni terish davri” kelmoqda” , deb yozdi 30 - oktabr kuni Feysbukda Tursunali Qo‘ziyev.

Ammo Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston hukumatining bu boradagi qadamlarini “siyosiy iliqlik”dan ko‘ra “piar-loyiha”ga o‘xshatadi.

Shuhrat Bobojonov Toshkentdagi ko‘rgazmada (chapdan ikkinchi)
Shuhrat Bobojonov Toshkentdagi ko‘rgazmada (chapdan ikkinchi)

“Haqiqatan ham oxirgi paytlarda qator o‘zbek siyosiy qochqinlari vataniga qaytdi. Bu haqiqiy iliqlik belgisi hisoblanadimi? Men bunday xulosa chiqarishga shoshilmagan bo‘lardim. Hozircha faqat rejimga xavf tashkil qilmay qo‘ygan, allaqachon uni oshkora tanqid qilishni to‘xtatgan odamlargina qaytdi. Biz hali amaldagi tanqidchilardan birontasining qaytib, tanqidni davom ettirgan holatni ko‘rmadik. Aksincha, mahalliy tanqidchilarga nisbatan hali ham repressiv choralar qo‘llanayotgani, so‘ngi paytlarda ularning kuchayganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Rejim tanqidchilariga nisbatan haqiqiy iliqlik o‘rniga o‘ziga xos o‘yin, qandaydir piar-loyiha olib borilayotganday”, deb yozdi Alisher Ilhomov 2 - noyabr kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Shuhrat Bobojonov mahalliy Qalampir. uz nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonda "zamon o‘zgargani" va "o‘zgarishlar Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bog‘liq" ekanini aytdi. Ozodlik bilan suhbatda u o‘zgarishlar quyidan - jamiyatdan kelmayotgani, balki "shaxs sifatida Mirziyoyevning roli katta" deb hisoblashini ta’kidladi.

Shuhrat Bobojonov o‘tmishda hukumatning “qora ro‘yxati”da bo‘lib, shu kunlarda O‘zbekistonga safar qilishiga izn berilgan birinchi jurnalist yoki faol emas. Prezident saylovi arafasida 2005 - yildagi Andijon qirg‘ini ortidan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan kamida uch jurnalist – Matluba Azamatova, Zokir Ibrohimov va Galima Buxarbayevalarning ham O‘zbekistonga safar qilgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlikka O‘zbekiston tashqarisida yashayotgan yana bir qator mustaqil jurnalist va faollarga “vatanga qaytish” taklif qilingani ma’lum.

Alisher Ilhomov Mirziyoyev hukumati shu yo‘l bilan mamlakat tashqarisidagi tanqidchilar doirasini toraytirishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

“Maqsad - mamlakatning o‘zida kamchiliklarni tanqid qilish uchun maydon yaratish emas, aksincha, rejimga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘lgan qochqinlarning bir qismini neytrallashtirish orqali bu doirani yanada toraytirish, ehtimol, hali ham muhojirotda faol bo‘lganlarni obro‘sizlantirish bo‘lishi ham mumkin”, - deydi o‘zbekistonlik tahlilchi.

O‘zbekistonga qaytish taklif qilingan xorijdagi faollardan birining aytishicha, rasmiylar o‘zaro muloqotda bu taklifning “piar emasligi va O‘zbekistonda haqiqiy o‘zgarishlar bo‘layotgani”ga ishontirishga uringanlar.

"Ochig‘i, shu gapga meni ishongim keldi. Ehtimol, Shavkat Mirziyoyev o‘zining bu qarori bilan xaqiqatda O‘zbekiston imidjini yaxshilamoqchidir? Agar, O‘zbekistonga kirgan bironta taniqli o‘zbek faoli, muxolifatchisi yoki jurnalisti, o‘sha yerda bosimga uchrasa, yoki yo‘qolib qolsa, bu fakt avvalo prezident Mirziyoyevning xalqaro imidjiga zarba bo‘ladi-ku?! Shu narsa kerakmi Mirziyoyevga? Menimcha yo‘q. Qolaversa, bugun O‘zbekistonga borgan faollarning barchasi chet el fuqarolari. Ularga O‘zbekiston ichida biron zarar tegishi kattagina janjalga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor - prinsiplar masalasi. Masalan, vatanga borib kelgan muxolifatchi, jurnalist endi O‘zbekiston hukumatini avvalgidek tanqid qila oladimi? Menga ham taklif berganlardan aynan shuni so‘radim. Ular, "bemalol" deyishdi. Shunday bo‘lsa-da, men hozircha borolmasligimni aytdim.

Aslida, mening bugun O‘zbekistonga qaytishim uchun jiddiy oilaviy sababim bor... Yaqin qarindoshim, jigarim, saratonning oxirgi stadiyasida yotibdi”, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan faol.

Toshkentda so‘nggi 30 yildagi ilk shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazayotgan rassom Shuhrat Bobojonov esa, ko‘rgazma hukumat piar-kampaniyasining bir qismi ekani haqidagi faraz va “go‘yoki hukumatga sotilgani” haqida tarmoqlarda yangrayotgan tanqid va da’volarni rad etadi.

“Toshkent markazida erkin fikrlaydigan oydinlarning bir yig‘ilishi bo‘ldi. Erkin fikr almashdik. Taniqli muxolifat faoli Mahbuba Qosimova, shoiralar Muazzam Ibrohimova, Go‘zal Begim, rejimning ashaddiy tanqidchilaridan Farida Sharif kelishdi. Vyacheslav Oxunov, Yanis Salpinkidi singari juda ko‘p rassom hamkasblarim uchun bu bir san’at bayrami bo‘ldi. Toshkentning qoq markazida erkin fikrlaydiganlar to‘planib, fikr almashdik. Ular juda yaxshi fikrda, ular buni piar deb o‘ylashmaydi. Har holda, bu ko‘rinib turgan kartina”, - deydi Shuhrat Bobojonov.

"Gilam ustidagi urush". Shuhrat Bobojonovga ko‘ra, urush motivi o‘zbek rassomlik san’ati uchun yangi mavzu emas.
"Gilam ustidagi urush". Shuhrat Bobojonovga ko‘ra, urush motivi o‘zbek rassomlik san’ati uchun yangi mavzu emas.

“Urush gilamlari"

Tashkilotchilarga ko‘ra, “Gilam ustidagi urush» (War on carpet) ko‘rgazmasidan o‘rin olgan asarlarning 22 tasini O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyi hamda boshqa muzeylar fondida saqlanayotgan asarlar tashkil etadi. Muallif va tashkilotchilarning aytishicha, oxirgi 20 yilda muzeylarda chang bosib yotgan bu asarlar ko‘rgazma uchun maxsus yig‘ib olinib, ta’mirlangan.

Unda shuningdek, rassomning so‘nggi yillarda yaratgan va Yevropa muzeylari hamda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan 10 dan ortiq asari ham namoyish qilinmoqda.

Shuhrat Bobojonovning aytishicha, ko‘rgazmadagi asarlarning katta qismi muzeylarga oid bo‘lgani uchun sotuvga qo‘yilmaydi, ammo uning Chexiya va Germaniyada chizgan kartinalarini sotib olish imkoni bor. "Tadbirkor do‘stlarim bu rasmlarni sotib olib, O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga sovg‘a qilish bo‘yicha taklif bildirishdi”, deb yozdi muallif 25 - oktabr kuni Feysbuk sahifasiga joylashtirgan e’londa.

Ayni paytda muallif ko‘rgazma nomi “gilam ostidagi” emas, balki “gilam ustidagi urush” ekaniga e’tibor qaratishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazmadagi urush motivi yangilik emas.

“19 asrda Xorazmning Kattabog‘ qishlog‘ida yaratilgan keramik tovoqlarda poroxli miltiqlar tasviri paydo bo‘ldi. Bu tasvirlar Buxoro minatyura asarlarida ham uchraydi.Dunyoda olovli nuqtalarida borayotgan qurolli to‘qnashuvlarni OAV va internet orqali kuzatamiz. Ayni paytda bu voqealar haqida rassomlar ham mushohada qiladi”, deydi muallif ko‘rgazma konsepsiyasiga yozgan sharhida.

Ko‘rgazma tashkilotchilaridan Shirin Tosheva.
Ko‘rgazma tashkilotchilaridan Shirin Tosheva.

“Qochish”

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat instituti badiiy grafika fakultetini tamomlagan Shuhrat Bobojonov Chingiz Axmarov, Malik Nabiyev, Yanis Salpinkidi, Isfandiyor Haydarov va Ro‘zi Choriyev singari atoqli tasviriy san’at ustalaridan saboq olgan.

1987 - yilda u sobiq SSSR Racsomlar uyushmasiga qabul qilingan eng yosh o‘zbek rassomi bo‘lgan.

Gorbachyovning qayta qurish yillarida, o‘z ta’biricha, “boshqa rassom do‘stlari qatorida siyosatga kirgan” Shuhrat Bobojonov muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi saflarida faoliyat olib borgan.

1999 - yildagi parlament saylovlari arafasida Urganchdagi u asos solgan mustaqil ALC telekompaniyasi yopiladi. Bosh prokuratura unga nisbatan «hujjatlarni soxtalashtirish» aybi bilan jinoyat ishi ochishi ortidan O‘zbekistonni tark etgan rassom va jurnalist 2001 - yilda Germaniyadan siyosiy boshpana oladi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlardan biri.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlardan biri.

Shuhrat Bobojonovning so‘nggi qariyb 20 yildagi faoliyati rassomlikdan ko‘ra ko‘proq jurnalistika, xususan, Ozodlik radiosi bilan bog‘liq. U Ozodlikda xabar va maqolalar yozish bilan birga “Qurultoy” va “Chodirxayol” singari dasturlarga mualliflik qilgan.

Shuhrat Bobojonov Ozodlikdagi faoliyati tufayli rasmiy matbuotdagi qoralash kampaniyalariga nishon bo‘lgan. Bu kabi kampaniyalar Karimov davrida bo‘lgani kabi Mirziyoyev davrida ham davom etdi. 2018 - yilda Urganch sudi aka-uka Bobojonovlarga tegishli uyni “hech kim yashamayotgani” vajidan musodara qilish haqida qaror chiqardi. Oradan bir yil o‘tib, 2019 - yil fevralida O‘zbekiston Oliy sudi qarorni bekor qildi. Bobojonovlarga ko‘ra, bu o‘sha paytda O‘zbekistonga safar qilishi kutilgan Germaniya prezidentiga murojaatdan so‘ng yuz bergan.

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, 2017 - yil sentabrida rassomning asarlari taqiqda bo‘lishiga qaramasdan, ilk bor Toshkentdagi ko‘rgazmaga qo‘yildi. Zero Line galereyasidagi ko‘rgazma tashkilotchilaridan, taniqli rassom Vyacheslav Oxunovga ko‘ra, ko‘rgazmaga berilgan “Pobeg” (“Qochish”) nomi ikki xil konteksda ishlatilgandi. “Birinchisi - san’atdagi sotsrealizmdan qochish, ikkinchisi diktaturadan”, deydi Oxunov.

2002 - yilda Bobojonovning Berlindagi "Haus der Kulturen der Welt" ko‘rgazmasiga qo‘yilgan "Non" kartinasi O‘zbekistonning Olmoniyadagi elchisi Vladimir Norovning noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Rassom 2010 - yilda Bryussel shahrida Andijondagi xunrezliklarning besh yilligi munosabati bilan "Andijon yomg‘iri" qum kompozitsiyasini ham namoyish qilgan.

XS
SM
MD
LG