Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:44

"Gulnoraning izidan ketmoqda" – tarmoqlar Saida Mirziyoyevaning BMTdagi chiqishi haqida


Saida Mirziyoyevaning tarmoqlardagi rasmiy akkauntida e’lon qilingan ushbu surat ostidagi izohlarda ayrim o‘zbekistonliklar "faqat toj yetishmayapti" deb yozishdi.
Saida Mirziyoyevaning tarmoqlardagi rasmiy akkauntida e’lon qilingan ushbu surat ostidagi izohlarda ayrim o‘zbekistonliklar "faqat toj yetishmayapti" deb yozishdi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva 23-mart kuni Nyu-Yorkda BMTning suv resurslari bo‘yicha anjumanida nutq so‘zladi. Rasmiy xabarga ko‘ra, mamlakat nomidan chiqish qilgan Mirziyoyeva Orol dengizi mintaqasi uchun muhim bo‘lgan masalalarni ko‘targan. BMT anjumani ortidan Mirziyoyeva xonim Oq uy va AQSh Davlat departamentida ham muzokaralar o‘tkazgani haqida o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalarida xabar va suratlar joyladi.

Mahalliy matbuot va bir guruh blogerlar prezident qizining BMT minbarida nutq irod qilgani, xususan, shoir Ibroyim Yusupovning Orol fojiasiga bag‘ishlangan she’rini qoraqalpoq tilida o‘qib berganini “tarixiy hodisa” deb ta’rifladi.

Nutqi davomida Saida Mirziyoyeva qoraqalpoq shoiri Ibrohim Yusupovning elegiyasidan qoraqalpoq tilida bir parcha ham o‘qib berdi. Kuzatuvchilar buni o‘tgan yil yozida konstitutsiyaviy referendumga qarshi Nukusda o‘tgan qonli namoyishlarga ham bog‘lashdi.

"Qoraqalpoqda janjal bo‘lganini 4 qator she’r bilan yuvib qo‘ymoqchi xolos. Siyosiy o‘yin" deb yozdi Doniyor Ziyayev ismli tarmoq foydalanuvchisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident administratsiyasi sho‘’ba mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Saida Mirziyoyevaning yuksak minbarda O‘zbekistonni tamsil etishga nechog‘li haqli ekani savol ostiga olindi.
“Qaysi status ostida chiqdi? O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi statusidami?” deb yozdi jamoat faoli Farida Sharif.

“Bu ayolning O‘zbekiston nomidan gapirishga vakolati bormi? U o‘zi Orol dengizini borib ko‘rganmi? O‘zbekiston xalqi dardi va muammolarini dunyo arenasiga olib chiqadigan vakolatli shaxslar qonunchilikda ko‘rsatilmaganmi?” deya savol qo‘yadi boshqa bir foydalanuvchi.

Ruhshunos olim Mahmud Yo‘ldoshev esa “Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin” deb yozdi.

Saida Mirziyoyeva otasi Shavkat Mirziyoyev oliy hokimiyatga kelganidan qisqa muddat o‘tib davlat mulozimiga aylandi, o‘zini jamoatchilikka madaniyat va san’at homiysi, so‘z erkinligi himoyachisi o‘laroq taqdim eta boshladi. Birin-ketin katta loyihalarga qo‘l urishi ortidan u marhum prezident Islom Karimovning qizi Gulnora izidan borayotgani xususida faraz o‘rtaga chiqdi. BMT minbaridagi nutq esa ushbu farazlarni yanada quvvatlantirgani anglashiladi. O‘z davrida katta nufuz-mavqega ega bo‘lgan, otasining ehtimoliy vorisi deb ko‘rilgan Gulnora Karimova ayni paytda davlat mulkini talon-toroj etish singari og‘ir jinoyatlarda ayblanib qamoq jazosini o‘tayotir.

Londondagi “Markaziy Osiyo Due Diligence” tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov Saida Mirziyoyevaning xalqaro anjumandagi ishtirokini nepotizm, ya’ni qarindosh-urug‘chilikning ayni o‘zi deb hisoblaydi.

“Nepotizm avjida. BMTga nutq so‘zlash uchun mutaxassis yoki umrini Orolni qutqarishga bag‘ishlagan boshqa birovni emas, prezident qizini yuborishibdi. Uni yanada ko‘tarish, biror bir oliy davlat lavozimiga o‘tqazish uchun zamin hozirlanayotgan ko‘rinadi. Gulnoraning izidan ketmoqdami?” deb mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi Alisher Ilhomov.

Ekspertning taxminicha, Mirziyoyeva tashqi ishlar vaziri yoki o‘rinbosari lavozimiga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Telegramdagi kremlparast “Vzglyad na Vostok” axborot kanali BMTdagi nutqni sharhlar ekan, Saida Mirziyoyevaga “otasining ehtimoliy vorisi” deb ta’rif berdi.

“Ota to‘ng‘ich qizi tajriba to‘plashi, turli makon-maydonlar, xususan, xalqaro institutlarda faoliyat yurituvchi shaxslar orasidan tanish orttirishiga yaqqol harakat qilmoqda. Aftidan, Mirziyoyev Saidani kelajakda mamlakatni idora etishga eng munosib nomzod o‘laroq ko‘rmoqda... Saida Mirziyoyeva ham o‘ziga yuklangan vazifasini qoyilmaqom bajarib, ota ishonchini oqlashga urinmoqda. Asosiysi, bu rol unga juda ham manzur kelmoqda”, deydi Etnomilliy strategiya agentligi direktori Aleksandr Kobrinskiy “Vzglyad na Vostok” bilan suhbatda.

Tarmoq foydalanuvchilari Mirziyoyeva xonimning AQShga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan suratlaridan biri ostidagi izohlarda "faqat toj yetishmayapti" deb yozishdi.

“Tarix takrordan iborat” ekanini ta’kidlagan ko‘p sonli foydalanuvchilar Gulnoraning qismatidan saboq chiqarishga da’vat qilgan.

Ҳокимият чанқоғи ва сув. Саида БМТда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:59 0:00

Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva fikricha Saida Mirziyoyeva Gulnora Karimova bosib o‘tgan yo‘ldan ketmoqda.

"Saidaning chiqishi ko‘proq piarga va BMTdek jiddiy tashkilotda tanishlarni orttirishga, kelajakda otasi siyosatini davom ettirishga urinishga o‘xshaydi. Uning mavqei otasining mavqeiga bevosita bog‘liq. Saida Mirziyoyeva va Gulnora Karimova o‘rtasida o‘xshashlik bormi? Bu shubhasiz! Saida Gulnoraning izidan bormoqda. Buni esa Shavkat Mirziyoyev oilasi atrofiga bir vaqtlari diktator Islom Karimov oilasi atrofida o‘ralashib yurgan shaxslar va amaldorlar jamlangani bilan izohlash mumkin. O‘zbek xalqiga esa Saida Mirziyoyeva qachon yangi atir brendini chiqarishi va o‘zbek estradasida qo‘shiq aytishni boshlashini kutib qolish qoladi, xolos", deydi Nadejda Atayeva.

XS
SM
MD
LG