Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:53

G‘uzorda futbol fanatlari mushtlashib ketdi


1995 yilda qurilgan va yaqinda ta‘mirdan chiqqan "Sho‘rtan" stadioni rasman 9 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.
1995 yilda qurilgan va yaqinda ta‘mirdan chiqqan "Sho‘rtan" stadioni rasman 9 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.
Qashqadaryoning G‘uzor shahri stadionida yuzaga chiqqan janjalga qariyb 40 muxlisning aralashgani aytilmoqda.

6 avgust kuni G‘uzor shahri markazidagi futbol stadionida "Sho‘rtan" va "Nasaf" jamoalari o‘rtasidagi bahsni tomosha qilishga kelgan minglab ishqibozlar janjallashib ketdi.

Bu haqda O‘zbekistondan xabar qiluvchi turli manbalarning yozishicha, janjal qarshilik va sho‘rtanlik futbol fanatlari o‘rtasida ro‘y bergan.

Jumladan, O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy sayti bo‘lgan Uff.uz saytida berilgan xabarga ko‘ra, "Sho‘rtan" jamoasi foydasiga 2:1 hisobidagi borayotgan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida ro‘y bergan janjal paytida bir necha ishqiboz o‘yin maydoniga tushib ketgan.

Bu saytning futbol maydonida bo‘lgan guvohlarga tayanib yozishicha, stadionning ikkita sektorida mahalliy va mehmon ishqibozlar yonma-yon o‘tirib qolgan va “Nasaf” jamoasining mag‘lubiyatidan norozi bo‘lgan qarshilik fanatlar raqib komandaga ishqibozlik qilib turgan sho‘rtanlik tomoshabinlar bilan janjallashib ketgan.

Bu manbaning xabarida janjalda qancha kishi ishtirok etgani haqida ma‘lumot yo‘q.

Bu voqeani yoritgan CA-News sayti xabariga ko‘ra, mushtlashuvga minglab odam aralashib ketgan.

O‘sha kuni stadionda o‘yinni tomosha qilgan g‘uzorlik futbol ishqibozlaridan birining yaqini bu xabarning haqiqatdan uzoqligini aytadi. Unga ko‘ra¸ militsiya xodimlari tomonidan qattiq qo‘riqlangani bois stadionda yuz bergan janjalda minglab odam ishtirok etishi mumkin emas.

- Taxminan, 40ga yaqin kishi janjal qilgan. Ikki tarafdan bo‘lib urush qilib qolgan. Ularni na g‘uzorliklar tanigan, na qarshiliklar tanigan. Hech kim tanimas ekan. Alohida sektorda o‘tirib, alohida o‘zlarining o‘rtasida janjal chiqardi, nima gapligini ham tushunmadik, o‘zimizni olib qochdik, deyishyapti bolalar. Bilasizku, bizni xalq qo‘rqoq bo‘lib qolgan, - der ekan g‘uzorlik futbol ishqibozlaridan birining yaqini Anvar aka o‘yin guvohlarining Ozodlikka bu haqda gapirishdan ham cho‘chishini aytadi.

Unga ko‘ra, guvohlar yangi ta‘mirdan chiqqan stadionning o‘rindiqlarini bir-biriga ayamay otgan fanatlar ko‘p bo‘lgani bois¸ janjalda tan jarohati olganlar borligini aytgan.

- Bir-ikkita jarohatlanganlar bo‘lsa ham yashirganday qilishgan. Asosiysi, yangi remont bo‘lganku bu stadion, yangi stullarni qo‘porib, stadionning u ëq bu ëqlarini qo‘porib tashlashgan. Tribunadagi stullarni sindirib, olib otib, shunaqa qilishganda endi, - deydi g‘uzorlik Anvar aka.

Anvar akaning so‘zlarini Uff.uz saytida ayni mavzuda sharh qoldirgan mushtariylar ham tasdiqlamoqda.

Jumladan, o‘zini Reddevil, deb tanishtirgan mushtariy sharhida "Nasaf" jamoasi muxlislari stadionga tushib ketgani haqida aytilgan.

“Uchrashuv bosh hakamining o‘yinni yakunlanganligi to‘g‘risidagi hushtagi yangragandan so‘ng, "Nasaf" muxlislari maydonni to‘sib turadigan panjarani sindirib, maydonga yopirilib kirishdi. Maydonga tushib kelgan "Nasaf" va "Sho‘rtan" muxlislari o‘rtasida esa mushtlashuv boshlanib ketdi. Bundan tashqari, stadion o‘rindiqlari sindirilib, maydonga otila boshlandi”, deydi RedDevil nomi bilan Uff.uz saytida sharh qoldirgan bir mushtariy.

Boshqa mushtariy esa, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan maydondan chiqarib yuborilgan "Sho‘rtan" jamoasi ishqibozlari tashqaridan turib, "Nasaf"chilarni toshbo‘ron qilgani, shuning uchun bu ishqibozlar toshdan qochib, maydonga tushib ketishga majbur bo‘lgani haqida yozgan.

Internet nashrlari va o‘zbekistonlik futbol muxlislari orasida shov-shuv bo‘layotgan bu xabarlarga oydinlik kiritishini so‘rab murojaat qilganimizda, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va “Sho‘rtan” futbol jamoasi rasmiylari xabarlarni qismangina tasdiqladi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda “Sho‘rtan” futbol klubi ma‘muriyati xodimi voqeani “mushtlashuv” yoki “janjal”, deb emas “tortishuv”, deb atadi.

- Yo‘q, ozgina bolelshiklar tortishishdi. Keyin militsiyalar ularni chiqarib yubordi. Ketdi hamma uyiga¸ degan "Sho‘rtan" klubi vakili ba‘zi saytlarning janjalda 3000 odam qatnashdi, degan vahimali xabarlarini ham inkor qildi:

- Ha yo‘o‘o‘q, unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Sektorning o‘zidayoq militsiyalar nima qildi darrov. Bolelshiklar o‘zi hamma o‘yinda ham shunaqa qiladi. O‘yindan keyin ozgina tartibsizlik bo‘ldi, militsiyalar, OMONchilar o‘rab oldida, keyin avtobusga chiqarib, hammasini jo‘natib yubordi. Hech kim jarohatlangani yo‘q, dedi Ozodlik bilan suhbatda “Sho‘rtan” futbol klubi ma‘muriyati xodimi.

G‘uzor tuman Ichki ishlar bo‘limining futbol o‘yinida xavfsizlikni saqlab turgan mutasaddisi “Sho‘rtan” futbol jamoasi rasmiysining so‘zlarini to‘liq tasdiqladi.

- Shu o‘yinni oxiriga yaqin uch-to‘rttasi sal tortishgan bo‘ldi va o‘sha yerning o‘zida tinchidi. Hech qanaqa toshbo‘ron bo‘lgani yo‘q. Hech qanaqa mushtlashuv bo‘lgani yo‘q. O‘yin zo‘r bo‘ldi, yaxshi bo‘ldi oxirigacha, - dedi G‘uzor tuman IIB xodimlaridan biri.

Qashqadaryolik yana bir futbol muxlisining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, hozir futbol jamoalari o‘yinlari juda qattiq nazort ostida o‘tadigan bo‘lgan.

- Maydonga mingtacha tomoshabin tushsa, ikki mingtacha militsiya tushadigan bo‘lgan hozir. U yerda bunaqa katta janjal bo‘lishiga umuman imkon yo‘q. Janjal chiqishi bilan joyida tinchitib tashlashadi, deydi nishonlik futbol ishqibozlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

1995 yilda qurilgan G‘uzor stadioniga 9 ming odam sig‘adi va bu stadion rasman “Sho‘rtan” futbol jamoasiga tegishli.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 6 avgust kungi o‘yinni taxminan 4000 ishqiboz tomosha qilgan va bu o‘yin huquq-tartibot idoralari xodimlarining qattiq nazorati ostida o‘tgan.

Shuningdek, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari kuzatuviga ko‘ra, G‘uzordagi stadionda bo‘lgani kabi fanatlarning yirik janjali bunga qadar 1995 yilda "Nurafshon" - "Yangiyer" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘shanda futbol fanatlari maydonga tushib, raqib komandaning o‘yinchilariga qo‘shib hakamni ham kaltaklashgan.

Hozir “Sho‘rtan” va “Nasaf” jamoalari ishqibozlari o‘rtasidagi janjalni muhokama qilayotgan ishqibozlar bunday holatlarga O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbariyati tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi zarurligini ta‘kidlamoqdalar.
XS
SM
MD
LG