Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2020, Тошкент вақти: 04:41

“Haj” bilan birga “Umra” ziyorati ham diniy idora nazoratiga o‘tmoqda - turistik firmalar norozi


Markaziy osiyolik xojilar

2021 - yil 1 - yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida “Haj” ziyorati bilan bir qatorda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish ham rasman faqat O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda boshqa tashkilot va xususiy shirkatlarning ayni faoliyat turi bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi tartib Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida aks etgan.

Nusxasi Ozodlikda mavjud bo‘lgan ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan bo‘lsa-da, vakolatli tashkilotlar va idoralar bilan muvofiqlashtirish boshlangan.

Shu tariqa musulmonlar idorasi o‘zbekistonliklar uchun «Haj» va «Umra» safarlarini amalga oshiradigan yagona monopol tashkilotga aylanadi.

Nima o‘zgaradi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hujjati
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hujjati

Shu kunlarda «Vast Travel» «Luxe Tour» «Rixos Tour» kabi o‘nlab shirkatlar O‘zbekiston vatandoshlarini “Umra” ziyoratiga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 364-sonli («Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida») qarorida xususiy turfirmalarning "Haj" va "Umra" ziyoratlarini tashkil etish va amalga oshirishiga nisbatan rasmiy taqiq qo‘yilmagani bu shirkatlarga qonun doirasida faoliyat yuritish imkonini berib kelar edi.

Qaror loyihasi ma’qullangani taqdirda, 2021 - yildan boshlab xususiy shirkatlar hech bir tarzda “Haj” va “Umra” ziyoratini amalga oshira olmaydi. Bu soha to‘liq O‘zbekiston musulmonlari idorasi nazoratiga o‘tadi.

Xojilar Masjidul-harom (Baytul-Harom)da ibodat qilmoqda
Xojilar Masjidul-harom (Baytul-Harom)da ibodat qilmoqda

Ayni paytda “Haj” va “Umra”ga boradigan ziyoratchilarni vaqtincha ruyxatda turgan joyi bo‘yicha rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechiladi. Bu cheklov "ijtimoiy adolatni yuzaga chiqarishga to‘sqinlik bo‘lmasligi uchun" joriy qilinayotgani bildirilgan. (Shu paytgacha viloyat kvotalaridan foydalanish uchun xojilikka nomzodlar bu usulni muvaffaqiyatli qo‘llab kelgani aytiladi)

“Umra” ziyoratiga borish istagini bildirgan o‘zbekiston musummonlari “Haj” ziyorati kabi yagona elektron onlayn navbatda turishlari belgilangan. “Umra” tadbiriga borish uchun ariza beruvchi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy vebsaytidagi “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Ziyoratchilarni yagona onlayn navbat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib borish vazifasi O‘zbekiston musulmonlari idorasiga o‘tkazilmoqda.

Xoji nomzodlarni saralash komissiyasi tuziladi - “Haj” tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla miqyosida saralab olish uchun MFY tuman (shahar) hokimi tomonidan 5 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tarkibiga, qoidaga ko‘ra, tuman (shahar) bosh imomi, mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan imom, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, profilaktika inspektori kiritiladi. (Ozodlikda mavjud ma’lumotga ko‘ra, bu komissiya ishi DXX nazoratida bo‘ladi)

Qaror loyihasida aytilishicha, narxlar aholi ijtimoiy qatlamlari moddiy ahvoliga mutanosib tarzda barqaror ushlab turiladi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda “xizmat saviyasi oshishi va narxlar aholiga malol kelmaydigan va barqaror” bo‘lishini bildirdi.

Mavjud narxlar

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 3 - fevral kuni 2020 - yil uchun umra ziyorati narxi 13 mln. 20 ming so‘m etib belgilanganini xabar qildi. Bungacha ziyoratchilar uchun "Umra"ga borib kelish 12 mln 500 ming so‘mga tushayotgan edi. Narx oshishi 2020 - yil 1 - yanvardan Saudiya Arabistoniga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50 dollar) davlat boji joriy qilingani sabab bo‘lgani aytilmoqda. "Haj" va"Umra" masalalari bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashining Telegram kanalida keltirilishicha, ushbu qo‘shimcha to‘lov "Umra" va "Haj" vizalari uchun amalda bo‘ladi.

“Umraga” ixtisoslashgan firmalar bankrot bo‘ladimi?

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistondagi turfirma vakili bu qarorning “kutilgan falokat” bo‘lganini aytdi.

“Qonunlarda turfirmalar umraga odam jo‘natmasin, degan taqiq yo‘qligiga qaramay, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xususiy biznesmenlarning ziyorat turizmi bilan shug‘ullanib, pul qilish imkoniyatiga doim to‘sqinlik qilib keldi. Qo‘mita “de-fakto” bu sohani o‘z monopoliyasiga aylantirib olgan edi. Shu endi “de-yurega” aylandi. Lekin odamlar bizning firmaga kelayotgan edi. Diniy idora 13 millionga oborsa, biz 9 millionga oborayotgandik. Farqni ko‘rdingizmi? Afsus, zo‘r pul qiladigan yaxshi biznes edi. Nima qilamiz endi. Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q", - deydi turfirma vakili.

Qozog‘iston orqali

Qozog‘istonning Chimkent shahridagi turistik firma vakili Nurlan Erbo‘sinovning Ozodlikka bildirishicha¸ bu sohada monopoliya o‘rnatishga O‘zbekiston musulmonlar idorasi ikki yildan beri urinib kelmoqda. Erbo‘sinovga ko‘ra¸ Vazirlar Mahkamasining qarori musulmondar idorasini sohaning yagona o‘yinchisiga aylantiradi.

«Biz ikki yildan beri O‘zbekiston vatandoshlarini Saudiya Arabistoniga «Umra» ziyoratini ado etish uchun jo‘natib kelamiz. Ikki yil oldin o‘zbek firmalari "Umra"ga turist yuborishda muammoga duch kela boshladi. Shunda bizning o‘zbekistonlik mijozlarimiz ko‘paydi. Ular Qozog‘istonga kelib, 3 oy propiskaga kirib, qayddan o‘tsa, mahalliy aholi qatorida turistik shirkat xizmatidan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bu yuridik fortochka bois minglab o‘zbeklar Qozog‘iston orqali «Umra» qilib keldi. Narxlar deyarli yarim barvariga arzon»¸- dedi Qozog‘istondagi turfirma vakili.

Ammo 2019 - yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zA orqali bayonot chiqarib, xususiy turfirmalar O‘zbekiston vatandoshlari uchun "Umra" vizalarini uchinchi davlatlar orqali noqonuniy rasmiylashtirayotganini da’vo qilgan edi.

Qo‘mita bayonotida «xususiy firmalar taklif etayotgan sayohat dasturlarida tibbiy xizmat, huquqiy himoya ta’minlanmagani va diniy amallarning to‘laqonli bajarilishida nuqsonlar mavjudligi» ta’kidlangan.

Ayni bayonotda xoji bo‘lish orzusini suiiste’mol qilgan «firibgar shirkatlar» haqida ham so‘z boradi.

"Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, ba’zi «tijoratchilarning» pul ketidan quvishi natijasida fuqarolarimiz uchun muqaddas hisoblangan "Haj" va "Umra" ibodatlarini tashkil etishda ham firibgarlik holatlari aniqlandi hamda bir nechta shaxslar ustidan shikoyat arizalari ko‘rib chiqilmoqda", deyilgan qo‘mita bayonotida.

Ikki yillik ziddiyat: Ziyorat biznesining yagona egasi bo‘lish uchun jahd

O‘zbekistonlik musulmonlarning hususiy shirkatlar orqali Saudiya Arabistoniga "Umra" safariga bora olmayotganliklari bilan bog‘liq muammolar 2018 - yilning avgust oyidan boshlangani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Saudiya Arabistoni rasmiylariga rasmiy xat bilan murojaat etib, O‘zbekiston vatandoshlari uchun xususiy shirkatlar orqali "Umra" vizasini rasmiylashtirmaslikni so‘ragani ortidan ko‘p turoperatorlar mushkul ahvolga tushib qolgan.

Pandemiya va Dress-kod

Saudiya rasmiylari joriy oy boshidan chet elliklarning "Umra" ziyoratini amalga oshirishiga izn berdi. Ayni paytda ziyoratchilar soni cheklangan.

Dunyoni qamragan COVID-19 pandemiyasi bois ziyoratchilarning ibodat paytida sanitariya qoidalariga rioya qilishi va ijtimoiy masofani saqlashi talab etiladi.

Shu bilan birga, sayyohlarga podshohlikda amal qiladigan dress-kod masalasida ma’lum yengillliklar berildi.

Saudiya hukumati, chet ellik ayol ziyoratchilardan aboya (arab ayollari kiyadigan, badanni to‘la yopadigan qora rangdagi burqa - tahr. ) kiyishlarini talab qilmaydi.

O‘tgan yildan boshlab Ar-Riyod mulozimlari ayol xojilarga erkak yaqinlari hamrohlik qilishini talab qilmay qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG