Dushanbe va Pekin, sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar va mahalliy aholi vakillari hamda xorijiy OAVlar tasdiqlaganiga qaramay, Tojikistonning Murg‘ob tumanida Xitoy harbiy bazasi borligini inkor qilishda davom etmoqda.
Mintaqada xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan obyektni yashirishdan qanday ma’no bor? Ozodlik tojik xizmati ekspertlar bilan suhbatda shu savolga javob topishga urindi.
27 - oktabr kuni Tojikiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdurahmon Alamshozoda parlamentdagi chiqishida Xitoy Vaxan vodiysida tojik kuchishlatar idoralari uchun 10 million dollarga harbiy obyekt qurib berishini ma’lum qilgan edi. Tojik deputatlari baza tojik tomoni iltimosiga ko‘ra Xitoy hukumati mablag‘iga qurilishinini iddao qilishdi, biroq obyekt qanaqa shartlarga ko‘ra qurilishi to‘g‘risida lom-mim deyishgani yo‘q.
Umuman, Tojikiston va Xitoy hamkorligi shartlari odatda qattiq sir tutiladi, sirligi qolmagan ma’lumotlar esa rad etiladi va hech bir tarafdan tan olinmaydi.
Tojik parlamenti bayonotidan so‘ng Xitoy TIV rasmiy vakili Van Venbindan izoh so‘ralganida u: “Shuni aniq ayta olamanki, Markaziy Osiyoda Xitoyning harbiy bazasi yo‘q”, deya gapni kalta qildi.
Holbuki XXR Tojikistonning Murg‘ob tumanida allaqachon o‘z harbiy bazasiga egaligi haqida “Vashington post” 2019 - yildayoq xabar qilgan edi. Ozodlik esa maxsus surishtiruv o‘tkazib, Pekinning Tojikistondagi harbiy mavjudiyatini hujjatlar bilan tasdiqladi.
Bazani yashirishdan muddao nima?
Xitoyning chegara hududlaridagi harbiy mavjudiyati missiyasi aniq emas. Katta ehtimol bilan, baza Afg‘oniston hududidan bo‘ladigan terroristik xurujlarni qaytarishga qaratilgan. Lekin maqsad ezgu bo‘lsa, mavjudiyatni nega yashirishadi?
Moskva Karnegi markazi maslahatchisi Temur Umarovga ko‘ra, Pekin hech qachon o‘zini AQSh yoki Rossiya prinsipidagi davlat o‘laroq ko‘rsatmagan. “XXR boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmasligini va militaristik davlat emasligini hamisha ta’kidlab keladi. Va ular mumkin qadar ana shu imijga har tomonlama mos bo‘lishni xohlaydi”, deydi Umarov.
Uning ta’kidlashicha, sir saqlash sababi pekinning Moskva bilan orasiga sovuqchilik tushishini istamasligi bo‘lishi mumkin. “Markaziy Osiyo har doim Rossiya manfaatlari hududiga kirgan, ayniqsa xavfsizlik sohasida. Binobarin, Moskvaga bunaqa xatti-harakat yoqmasligi turgan gap”, mulohaza qiladi ekspert. Shunga qaramay, Umarovning aytishicha, mintaqada Moskva bilan Pekin manfaatlari hozircha to‘qnashgani yo‘q.
Pentagonning 2020 - yil 1 - sentabrda AQSh Kongressiga taqdim etgan hisobotida qayd etilishicha, “Xitoy o‘z chegaralaridan tashqarida rivojlangan bazalar va logistika infratuzilmasini yaratishga intilmoqdaki, bu Xitoy xalq ozodlik armiyasiga harbiy qudratini yanada oshirishga imkon beradi”. Tojikiston hisobotda XXR armiyasi variant sifatida ko‘rayotgan 12 mamlakatdan biri o‘laroq tilga olingan.
“Pekin avvalgi kelishuvlardan chetga chiqmoqda”
Siyosatshunos Sulaymon Shohzoda Xitoy mintaqa davlatlari undan xavfsirashini hisobga olib o‘z faolligini ovoza qilmayotganini aytadi. “Boz ustiga, Pekin bir paytlar “Shanxay beshligi” doirasida erishilgan chegaralarni demilitarizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvdan chekinmoqda”, deydi siyosatshunos. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni kelishuv tufayli Rossiya qo‘shinlari Xitoy bilan chegaraoldi hududlardan chiqib ketgan. Hozir Pekin ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga urinmoqda.
1996 - yil 26 - aprelda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya hamda Tojikiston bilan imzolangan “Shanxay deklaratsiyasi”ning 1-moddasiga muvofiq, “tomonlarning chegara hududlariga joylashtirilgan qurolli kuchlari... boshqa tomonga hujum qilishda va boshqa tomonga tahdid soluvchi muayyan harbiy faoliyat olib borishda qo‘llanilmaydi”.
Deklaratsiyadan keyin imzolangan bitimlarga ko‘ra ushbu davlatlarning o‘zaro chegaralarida 100 kilometr kenglikda yo‘lak tashkil qilinib, birgalikda inspeksiya qilinadi; harbiy tuzilmalar esa bir-biridan 300 chaqirim masofaga uzoqlashtirilgan.
Moskva bilan aloqalar qanday bo‘ladi?
Ekspertlar Dushanbe so‘nggi yillarda Pekinga tobora qaram bo‘lib qolayotganini ta’kidlashmoqda. Tojikiston davlat qarzining 40 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Rossiya G‘arb bilan kurashishga berilib ketgan, uning qo‘l-oyog‘i bog‘liq. Dushanbe mazkur vaziyatda barcha bilan, jumladan Pekin bilan ham hamkorlikdan maksimum foyda chiqarmoqchi. Pekin bilan ochiqcha ziddiyatga borish hozirda Rossiyaning manfaatiga uyg‘un emas, qolaversa, Moskva, agar xohlasa, Dushanbega turli yo‘llar bilan o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi”, ta’kidlaydi Sulaymon Shohzoda.
Rossiya hukumati Tojikiston va Pekin harbiy hamkorligi faollashganiga nisbatan rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
MDH davlatlari institutining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi mudiri Andrey Grozin “Sputnik” agentligining Tojikistonda Xitoy harbiy bazasi ochilganiga doir savoliga javob berarkan, buni “Pekin va Moskvaning kelishuvi natijasi” o‘laroq baholadi.
“To‘g‘ri, Tojikiston – Xitoy uchun iqtisodiy va siyosiy ma’noda muhim mamlakat. Ammo, men ishonamanki, Rossiya Xitoy uchun unga qaraganda muhimroq. Pekin qisqa muddatli taktik ustunlikni deb Moskva bilan aloqalarini xavfga qo‘ymaydi”, urg‘uladi Grozin.
Ilgari mintaqada ta’sir doiralari taqsimoti xususida norasmiy kelishuv bor edi, chunonchi xavfsizlik sohasi to‘lig‘icha Moskvaning vakolatiga kirardi. Pekin esa faqat iqtisodiy masalalarda faol edi. Bora-bora Xitoy Tojikistonning xavfsizlik sohasiga sarmoya yotqiza boshladi. Jumladan, tojik-afg‘on chegarasida to‘rtta chegara zastavasi va o‘quv markazi qurib berdi, Dushanbedagi zobitlar uyi ham Xitoyning mablag‘iga barpo etildi. 2019 - yil noyabrda esa Terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash markazi tantanali suratda ochildi.