Ukrainada urushga notayin muddatgacha sabr-toqat qilishga tayyor odamlar soni kamaydi. Kiyev xalqaro sotsiologiya instutiti tadqiqotiga ko‘ra, to‘laqonli bosqinning uch yili mobaynida ushbu raqam ilk bor o‘zgarib, 10 foizga pasaygan. “Nastoyashcheye vremya” so‘nggi uch yilda ukrainlar va ularning odatiy turmushi qanchalik o‘zgartirgani haqida lavha tayyorladi.
Zlata 11 yoshda. U urushdan oldin gimnastika bilan shug‘ullana boshlagan edi, keyin majburiy tanaffus qilishga to‘g‘ri keldi, ammo 2022-yil kuzidayoq mashg‘ulotlarga qaytdi. Zlata bilan singlisi Zarina barcha maktab o‘quvchilari kabi yashashga harakat qilishadi. Shu bilan birga, urush bo‘layotgan mamlakat qoidalarini esdan chiqarishmaydi.
“Derazadan uzoqroq bo‘lish kerak. Bino ichida turganingda ikkita devor bo‘lgani ma’qul. Trevoga bo‘lib qolsa, muallima bilan birga yerto‘laga tushamiz”, deydi Zlata.
“Havodan hujum haqida xabar berib turadigan Telegram kanallarga rahmat. Aks holda birinchi kunlardagiday kun bo‘yi yo‘lakda o‘tiraverardik. Hujum qachon boshlanib qachon tugashini bilmasdik, bir-biriga zid ma’lumotlar berilardi. Hozir esa, bu kanallar sharofati bilan axborot filtrlashni o‘rgandik”, deydi qizlarning onasi Yelena Yaloza.
Ayol urushga avvalo to‘ng‘ich qizi Zlata moslashganini eslaydi. Jon saqlash qoidalarini qayta-qayta tushuntirish, suhbatlar foyda beribdi. Hozir kichik qiz ham shu jarayonni boshidan kechirmoqda.
“Kenjam juda ta’sirchan. Ustimizga raketa tushadi, deb qo‘rqadi doim. Dugonam bir kuni uni o‘z bolalariga qo‘shib kinoteatrga olib borgan edi. Endi kirib o‘tirishganida qizim yig‘lay boshlabdi. “Zarina, nega yig‘layapsan?” deb so‘rashsa: “Qo‘rqyapman. Trevoga bo‘lib qolsa, ustimizga raketa tushsa, oyimni qaytib ko‘ra olmayman”, deganmish. Psixologga olib bordik, o‘zimiz ham oldimizga o‘tqizib necha marta suhbatlashdik. Sekin-asta qo‘rquvlardan forig‘ bo‘ldi, sharoitga moslashdi”, davom etadi Yelena.
Yaqindan beri Zarina maktabdan keyin basseynga qatnamoqda. Hozircha opasiga o‘xshab musobaqalarda medal olmagan bo‘lsa-da, lekin hammasi oldinda ekaniga ishonadi.
Ko‘plab psixologlar fikricha, ukrainlarning urushga moslashuvi Ukraina armiyasining muvaffaqiyatsiz qarshi hujumidan so‘ng namoyon bo‘lgan.
“Bizning urush va g‘alaba konsepsiyamiz, bizning hayotiy makonimizni strukturalashtirgan o‘sha narsalar aktualligini yo‘qotgani anglashilgach, odamlarda shunaqa ruhiy evrilish bo‘ldi. Urush qanchaga cho‘ziladi, yana qancha qurbonberamiz, degan savollarga javob beradigan boshqa konsepsiya yo‘q edi”, deya izoh beradi ijtimoiy psixolog, Ijtimoiy va siyosiy psixologiya instituti direktori muovini Svetlana Chunixina.
Mutaxassisga ko‘ra, urushga moslashish bu organizmning tabiiy himoya reaksiyasidir; ukrainlar esa mazkur jarayonni boshidan kechirgan birinchi odamlar bo‘lmasa-da, travmatik vaziyatlarga juda tez moslashuvchilarning oldingi safida turadi.
“Qo‘rqamanki, bizda hech bir avlod “Men tinch-osuda zamonlarda katta bo‘lganman”, deb ayta olmaydi. Ukraina – aholisi doim shikastlanadigan, qayta shikastlanadigan mamlakat. Biz normal odamlarmiz, deb kim aytdi? Tadqiqotlardan misol keltiraman: bizda travmatik ta’sir effekti yig‘indisi yo‘q. Urush cho‘zilgani bilan ruhiy jarohatlar ortmaydi va yig‘ilib qolmaydi. Qurbonlar ko‘payadi, vayronagarchilik ortadi, orzu-umid kamayadi. Qalb jarohati esa yo‘q. Olimlar buni bizning urushga moslashayotganimiz bilan izohlamoqda”, deydi Chunixina.
So‘nggi yilda biznes va iqtisodiyotning barcha tarmoqlari urushga moslashdi. Endilikda trevoga chog‘ida do‘konlar yopilmaydi, ko‘plab ishxonalarda havo trevogasi vaqtida xodimlarga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilgan. Kiyev metrosi har bir havo trevogasi chog‘ida 2022-yildagidek odamga to‘lib ketmayapti. Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot esa ukrainlarni urushdan ko‘ra narx-navo oshishi va korrupsiya ko‘proq bezovta qilishini ko‘rsatdi. Sotsiologlar fikricha, bu normal holat: odamlar urushni unutishgani yo‘q, shunchaki, urush ular hayotining bir qismiga aylangan. Uch yil davomida boshqa o‘zgarishlar ham yuzaga chiqdi.
“Tamal o‘zgarishlardan biri – ukrainlarning G‘arbni idrok qilishidir. Ukraina Yevropa tamaddunining bir qismi, uning joyi – Yevropa va umuman G‘arb, deya tushunadigan bo‘ldik. Rossiya ukrainlar uchun vektor sifatida uzil-kesil yo‘q bo‘ldi. Chunki hatto 2022-yilgacha ham 90 foiz aholi Kremlga ishonmasdi, uni Qrim va Donbassni bosib olishda ayblardi, ammo 80 foizdan ziyod aholi rossiyaliklarga yaxshi ko‘z bilan qarar, ularni birodar va do‘st deb bilardi”, deydi Kiyev Xalqaro sotsiologiya instituti direktori Anton Grushetskiy.
Yana bir o‘zgarish shuki, 2024-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Ukrainada tug‘ilish ko‘paya boshladi. Juda kam, atigi bir yarim foiz bo‘lsa-da, o‘sish bor harqalay.
Irina bir oy oldin qiz ko‘rgan.
“Paysalga solishni istamadim. Urush qachongacha davom etishini hech kim bilmaydi. Ukrainada qolishga qaror bergan ekanmiz, nega bu ishni kechiktirishim kerak?” deydi ayol.
Irina farzand ko‘rishni uzoq rejalashganini aytadi. Tug‘ruqxonada elektr o‘chib qolmasmikan, trevoga bo‘lib yo‘llar yopilmasmikan, deb xavotir olishibdi. Lekin, baxtiga, hammasi xayrli bo‘libdi. Hozirda Irina qizalog‘i Alinani “eng yaxshi antidepressant” deb hisoblaydi.
“Urush negadir ikkinchi planga surildi. Kundalik yumushlarim juda ko‘p, ular meni urushdan to‘la chalg‘itadi. Qayerga raketa uchib kelganiyu qayerda nimalar bo‘layotgani haqidagi xabarlarni o‘qishga umuman vaqt yo‘q”, deydi u.