Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:21

Hukumat sog‘lom ovqatlanish, aholi esa yetarli ovqatlanish haqida bosh qotirmoqda


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonni “sog‘lom ovqatlanishni milliy siyosatning tamal unsurlaridan biriga aylantirayotgani” uchun olqishladi.

12 - yanvar kuni e’lon qilingan bayonotida JSST bu boradagi tadbirlar tashkilotning texnik yo‘riqnomasi hamda ko‘magida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

Shu munosabat bilan Ozodlik suhbatlashgan andijonlik vrach “o‘zbeklar sog‘lom ovqatlanish nima ekanligini bilmaydi: kambag‘allarning puli yo‘q, boylarning esa savodi”, degan fikrni bildirdi.

Bir yilda qariyb besh ming oilaga xayriya yordamlari yetkazib berish aksiyalarida ishtirok etgan farg‘onalik blogerning hamda o‘zi yashaydigan mahallani yaqindan o‘rgangan qashqadaryolik o‘qituvchining aytishicha, aholining qalin qatlami sog‘lom ovqatlanishdan ko‘ra, yetarli ovqatlanish masalasi ustida bosh qotirishga majbur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 12 - yanvarda e’lon qilgan bayonoti “O‘zbekiston JSSTning maxsus tavsiyalari hamda quvvatlovidan foydalanib, yuqumli emas kasalliklarning oldini olish yo‘lida muhim qadamlarni tashlamoqda”, degan ijobiy baho bilan boshlanadi.

Tashkilot fikricha, O‘zbekiston hukumati keyingi paytlarda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini va ovqatlanish sifatini oshirish uchun bir qator choralarni ko‘rgan.

Ayni paytda JSST bayonotida O‘zbekistonda qayd etilayotgan barcha o‘limlarning taxminan 79%i yuqumli emas kasalliklar ekanligi, bevaqt o‘limlarning bosh sababi esa, yurak qon-tomir tizimi kasalliklari ekanligi qayd etilgan. Tashkilot fikricha, bunday ko‘rinish kashandalik, spirtli ichimliklar ichish va nosog‘lom ovqatlanish bilan bevosita bog‘liqdir.

Katta yoshdagi aholining taxminan uchdan birida gipertenziya kuzatiladi, beshdan bir qismi esa, infarkt yoki insultga chalinish xavfi ostida yashaydi.

“Katta yoshdagi aholining taxminan uchdan birida gipertenziya kuzatiladi, beshdan bir qismi esa, infarkt yoki insultga chalinish xavfi ostida yashaydi, - degan JSSTning O‘zbekistondagi vakili doktor Lianne Kuppens. – Boz ustiga mamlakatdagi erkaklarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘i chekadi, katta yoshdagi aholining taxminan yarmi ortiqcha vaznli yoki semizlikdan aziyat chekadi”.

JSST O‘zbekiston prezidenti 2020 - yilning 10 - noyabrida imzolagan “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni bu sohada qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholadi.

Vrach: Bizda boylar ham sog‘lom ovqatlanishni bilmaydi

Andijonlik vrach Otabek Ahliddinnov sog‘lom ovqatlanish nimaligiga ta’rif berdi:

Sog‘lom ovqatlanish yeyilayotgan ovqatning me’yori va sifatiga rioya qilish deganidir.

"Sog‘lom ovqatlanish yeyilayotgan ovqatning me’yori va sifatiga rioya qilish deganidir. Organizmga kerak bo‘ladigan barcha mikroelementlar, oqsil, uglevod va yog‘larning muvozanati deganidir."

Vrachning fikricha, yeyilayotgan ovqatning miqdori - sog‘lom ovqatlanishning muhim jihati:

"Bu sohada ham aholi ikki toifaga bo‘linib qolgan: yetarli ovqatlanmayotgan ko‘pchilik va me’yoridan ko‘p ovqatlanadigan ozchilik. Ikkala toifaniyam sog‘lom ovqatlanyapti, deb bo‘lmaydi. Birinchisi tushunarli: oz ovqat yeyapti va natijada kerakli moddalarni oz qabul qilyapti. Biroq boylar ham, ko‘p yegani bilan, noto‘g‘ri ovqatlangani uchun, yemagi muvozanatli emas. Bu savodsizlik oqibatidir".

Andijonlik vrachning fikricha, o‘zi umuman, o‘zbekning an’anaviy ovqatlanishini sog‘lom ovqatlanish, deb bo‘lmaydi va bu sohada juda ko‘p ma’rifiy ishlarni amalga oshirish kerak.

O‘qituvchi: Homilador organizmidagi yetishmovchilikni hukumat vitamin bilan to‘ldiryapti

Qashqadaryolik o‘qituvchi Feruza Saidovaning aytishicha, u yashaydigan hududda (Koson tumani) sog‘lom ovqatlanish haqida gapirish haqida biroz erta, chunki aholining katta qismida yetarli ovqatlanmaslik muammosi bor.

Bir oyda bir kilo go‘sht yemaydigan qo‘shnilarmiz bor

“Bir oyda bir kilo go‘sht yemaydigan qo‘shnilarmiz bor. Mahallamizdagi 70 ta xo‘jalikning 40 foizi shunday”, - deydi o‘qituvchi.

Oddiy o‘qituvchining bu gapi, tabiiyki, “Siz buni qayerdan bilasiz?” degan savolni paydo qildi. Bu savolga javoban Feruza Saidova keyingi paytlarda u “mahalla mustaqilligi uchun kurashib kelyotgani va shu maqsadda mahallasi ahlining ijtimoiy holatini maxsus o‘rganganini” aytdi.

Feruza Saidovaning so‘zlariga ko‘ra, uning oilasi mahalladagi eng boy oila hisoblanadi: 5 kishidan iborat oila bir haftada 2 kilo qo‘y go‘shti iste’mol qiladi. Shunday bo‘lsa-da, uning oilasi ham davlatning qo‘shimcha g‘amxo‘rligiga muhtoj:

“Aholi yeyayotgan oziq-ovqatda kerakli moddalar kamligi uchun ham davlat homilador ayollarga oyma-oy vitaminlar berib kelyapti. Homiladorlikning birinchi oyida berilgan vitaminni ikkinchi oyida bermaydi. Har oy uchun maxsus vitamin beriladi. Buni o‘z kelinim misolida bilaman”.

Bloger: Ko‘pchilik oilalar bir haftada yarim kilo go‘sht yeydi

Farg‘onalik bloger Dima Qayumning aytishicha, u 2020 - yil davomida o‘zi yashaydigan Rishton tumanida qariyb 5000 oilada bo‘lib, ularga xayriya yordamlari yetkazish aksiyalarida ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloqda "go‘sht ko‘rmaydiganlar" ko‘p.

Och qolayotganlar yo‘q. Lekin ko‘pchilik juda arzon, demakki sifatsiz ovqat yeydi.

“Och qolayotganlar yo‘q. Lekin ko‘pchilik juda arzon, demakki, sifatsiz ovqat yeydi. Qishloqlarda yarim kilo go‘shtni bir hafta yeydiganlar bor. Faqat mehmon kelganida qozoni go‘sht ko‘radiganlar bor. O‘rta hisobda qishloqda 4-5 kishilik bir oila bir haftada yarim kilo go‘sht yeydi”.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.K. Yusupaliyev 17 - dekabrda imzolagan aholining yoshi, jinsi va kasbiga qarab sog‘lom ovqatlanishini ta’minlashga oid o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish normativlari to‘g‘risidagi qarorda bir kishi bir kunda 60 gr. mol go‘shti, 30 gr. qo‘y go‘shti, 25 gr. quyon go‘shti, 70 gr. parranda go‘shti, 35 gr. baliq yeyishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Farg‘onalik bloger masalaning yana bir jihatiga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi:

“Siz mendan sog‘lom ovqatlanish haqida so‘rayapsiz. Sog‘lig‘imiz uchun eng ziyon bo‘lgan eng arzon narsalarni: sho‘r karam, sho‘r bodring, qalampir yeymiz. Kasal xalqmiz, desak ham bo‘laveradi. Sababi bitta tumanda – bizning tumanimizda 200 dan ortiq apteka bor. Bas, shunday ekan, tumanimizni kasal tuman desa ham bo‘laveradi...”

O‘tgan oy Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston aholisi uchun kunlik ratsional ovqatlanish normativlarini belgilagan.

Vazirlik tavsiya qilgan ro‘yxatda jami 42 turdagi oziq-ovqat mahsuloti bor. Vazirlik bir kishi bir kunda yeyishi lozim, deb hisoblaydigan mahsulotlarning umumiy narxi qariyb 30 ming so‘mni tashkil qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilarga ko‘ra, hukumat iste’mol me’yorlariga oid tavsiya bilan bir qatorda iste’mol savati to‘g‘risida ham bosh qotirishi kerak.

O‘tgan yil yozida prezident Mirziyoyev hukumatga 2020 - yil 1 - oktabrigacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Yashash minimumi va iste’mol savatchasi prezidentning 2018 va 2019 - yillarda parlamentga qilgan murojaatnomalarida ham tilga olingandi.

Rasmiylar iste’mol savatchasini belgilashdagi qiyinchiliklardan bittasi byudjet xarajatlari bilan bog‘liqligini aytishgan.

XS
SM
MD
LG