Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:48

"Ibrohimbek va boshqalar". O‘zbekiston Oliy sudi 115 nafar qatag‘on qurbonlarini oqladi (VIDEO)


Oqlanganlar sobiq SSSR Sovnarkomi huzuridagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) qarori bilan qatl qilingan yoki konslagerga surgun qilingan.
Oqlanganlar sobiq SSSR Sovnarkomi huzuridagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) qarori bilan qatl qilingan yoki konslagerga surgun qilingan.

25 - avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi 1923-1938 - yillarda sobiq SSSR Sovnarkomi huzuridagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) qarori bilan qatl qilingan yoki konslagerga surgun qilingan 115 nafar shaxsni oqlash haqida qaror chiqardi.

Oliy sud matbuot xizmati ularning "reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlari" ekanini aytgan.

Gazeta.uz nashrining Oliy sud matbuot xizmatidan iqtibos keltirishicha, reabilitatsiya qilingan shaxslarga doir 6 ta jinoyat ishi prezidentning 2020 - yil 9 - oktabr kuni qabul qilingan «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi ijrosini ta’minlash doirasida ko‘rib chiqilgan.

Oliy sud mahalliy nashrlarga taqdim etgan ro‘yxatdan ularning ayrimlari sovet davrida "bosmachilik harakati" sifatida bilingan va mustaqillik yillarida Rossiya mustamlakasiga qarshi milliy ozodlik kurashi nomi berilgan harakat namoyandalari ekani anglashiladi.

Jumladan, ro‘yxatda sovet tarixchilari "Turkistondagi bosmachilik harakatining eng ko‘zga ko‘ringan rahbari" deb atagan Ibrohimbek qo‘rboshi (Ibragimbek Chakabayev)ham bor.

Олий суд, ББС журналисти Ибрат Сафо олган видео
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:18 0:00

25 - avgust kuni Toshkentda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan sud majlisida o‘qib eshittirilgan qarorda aytilishicha, Ibragimbek Chakabayev va yana 16 nafar shaxsga nisbatan olib borilgan jinoyat ishida OGPUning 1932 - yil 13 - apreldagi bayonnomasidan ko‘chirma mavjud. Biroq OGPUning hukmi mavjud emas: 1932 - yil 13 - aprelda jinoyat ishi OGPU tomonidan ko‘rib chiqilib, otib o‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

"Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmagan, jinoyat ishida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emas".

Oliy sud qarorida oqlangan 115 kishining shaxsi haqida ma’lumot yo‘q, shuningdek, ularning faoliyatiga ham baho berilmaydi. Ammo prezident Mirziyoyevning farmoyishida Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlar xotirasini abadiylashtirish haqida so‘z boradi.

Toshkentdagi ochiq sud majlisida qatnashgan BBS O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoning yozishicha, sud jarayonida oqlanganlardan bir nafari - qibraylik G‘afur Sultonovning evarasi ham qatnashgan. BBS jurnalisti o‘zining Feysbukdagi postiga qatag‘on qurboni yaqini ko‘z yoshlarini tiyolmagani aks etgan videoni ham ilova qildi.

Jinoyat ishlarining qayta ko‘rib chiqilishida qatag‘on qurbonlari yaqinlarining ishtiroki ma’lum emas. Shuningdek, Oliy sudning reabilitatsiya haqidagi qarori biror huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradimi, yo‘qmi - bu masalaga rasmiy izoh berilganicha yo‘q.

Xususan, qurbonlar yaqinlariga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun tovon to‘lash-to‘lanmasligi haqida ham so‘z yo‘q. Oliy sud hozircha o‘z qaroriga rasmiy sharh bermadi.

Stalin va Karimov qatag‘onlari

Reabilitatsiya bo‘yicha takliflarni Respublika ishchi guruhi o‘rganib chiqqan. Jinoyat ishlari yuzasidan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova protest kiritgan.

Svetlana Ortiqova siyosiy repressiyalar avjiga chiqqan Karimov boshqaruvi davrida O‘zbekistondagi rejimning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan bo‘lgan. U va boshqa rasmiylar mamlakatda siyosiy mahkumlar borligini rad etib kelgan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston Oliy sudi Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan qamoqdan ozod etilgan sobiq siyosiy mahkumlarning reabilitatsiya haqidagi surovlarini rad etib kelmoqda.

Самандар Қўқонов: Каримовдан ҳеч қачон кечирим сўрамаганман
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:43 0:00

Jumladan, 2019 - yil 10 - iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 24 yil qamoqda saqlangan sobiq siyosiy mahkum, O‘zbekiston Oliy Kengashi sobiq deputati Samandar Qo‘qonovning reabilitatsiya qilishni so‘rab yozgan arizasini qanoatlantirmagan.

“Qo‘qonovga ochilgan jinoyat ishidagi epizodlarning barchasi o‘z isbotini topgani, daliliy ashyolar va guvohlar bilan yetarlicha asoslangani uchun qondirilmadi”¸ deyilgan Oliy sud ajrimida. Faollarga ko‘ra, Oliy sudning sobiq siyosiy mahkumlar taqdiriga munosabati Karimov davridagi tuzum o‘zgarmasdan qolayotganini ko‘rsatadi.

Fransiyada yashayotgan mustaqil siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Oliy sud qarorini "kechikkan, ammo tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi muhim qadam", deb hisoblaydi. Ayni paytda uning fikricha, bu siyosiy qarordir.

"Aslida, bu ishlar O‘zbekiston mustaqilligining birinchi yillarida bo‘lishi kerak edi. Hokimiyatdagi ehtiyotkorlik, geosiyosiy maqsadga muvofiqlik, ya’ni, rasmiy Moskvaning g‘azabiga, noroziligiga sabab bo‘luvchi qadamlardan tiyilish tafakkuri bor edi va hali ham saqlanib qolyapti. Ayni paytda O‘zbekiston oliy hokimiyatida, reabilitatsiya va e’tirof borasida, siyosiy maqsadga muvofiqlik ham saqlanib qolyapti. Ya’ni bu siyosat zamirida, qadriyatlar emas, siyosiy maqsadlar yotibdi. Agar xolis qadriyatlar turganida edi, hozirgi davrda O‘zbekiston davlatining siyosiy, geosiyosiy va ma’naviy mustaqilligi uchun kurashgan, kurashayotgan shaxslar, haliga qadar davlatning rasmiy va norasmiy "qora ro‘yxati"da turmagan bo‘lar edi", - dedi Kamoliddin Rabbimov Ozodlik bilan suhbatda.

Озодлик фильми: Ўлмас Ғоялар ёхуд Эврил Турон қисмати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:28 0:00

XS
SM
MD
LG