Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:18

IIB hibsxonasida qiynoqqa solingan va "zo‘rlangan" zominlik ayolning yaqinlari adolat izlamoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Jizzaxning Zomin tumanida tergov yakuniga qadar hibsga olingan ayolni zo‘rlaganlikda gumon qilingan izolyator boshlig‘i J.Sh. ishdan bo‘shatildi, unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Biroq Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan zo‘rlangan ayolning yaqinlariga ko‘ra, mahalliy prokuratura jinoyatni "yengilroq jazo nazarda tutilgan boshqa moddaga almashtirishga urinmoqda".

Shu yilning iyun oyida Jizzax viloyati Zomin tumanida M. ismli ayol “tovlamachilik”da gumonlanib hibsga olindi.

Vaziyatdan xabardor va ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan zominliklardan biri bu ayol Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga (IIO FMB) qarashli tuman Vaqtinchalik saqlash izolyatorida ushlab turilgani va qiynoqlarga solinganini gapirib berdi.

- Bu singlimiz arzimagan ish bo‘yicha 168-modda asosida iyun boshlaridan beri vaqtinchalik hibsda ushlab turilgandi. Lekin u yerda uni shu izolyator boshlig‘i J.Sh. degan odam taxminan bir hafta davomida gumondor ayolni beayov zo‘rlabdi. Keyin bu ayolni boshqa Sirdaryo viloyati IIBga karashli Xovos Tergov hibsxonasiga etap qilishgan va shu yerdan ariza yozib chiqib kelgan. Hozir IVS boshlig‘i bu ishni prokuraturadagi tanishlari orqali bosdi-bosdi qilyapti ekan – 118-moddani olib tashlayapti ekan tergovchilar bilan kelishib, deya iddao qildi suhbatdosh.

Ozodlik qo‘lga kiritgan tergov materiallaridan aniqlanishicha, 21 - iyun kuni kechki soat 11 larda M. hibsxona boshlig‘i oldiga olib kirilgan. Ayolning shaxsiy ko‘rsatmasiga ko‘ra, ertasi kuni ichki ishlar xodimi uni yana xonasiga olib kirgan va qo‘llarini bog‘lab, keyingi 8 kun davomida har kuni zo‘rlab kelgan.

Eshikni ichkaridan qulflab, qo‘limni press ip bilan bog‘lab, agarda baqirsam ko‘prok srok bilan qamattirvorish, tergovchi va prokuror o‘rinbosari bilan yaxshi munosabatda ekanini aytib, zo‘rlik ishlatib, oldin og‘zimga, so‘ngra jinsiy a’zoyimga aloqa qilib yurdi. Men ojizligimdan va qo‘rqqanimdan hibsxonada bu holat yuzasidan indamadim, hatto og‘riq va bu jirkanchli holatdan sog‘lig‘im yomonlashib, tez yordam kelganida ham buni ayta olmadim, chunki u tepamda nazoratda turgan edi”, deyiladi hujjatda keltirilgan tushuntirishda.

Xovos hibsxonasiga ko‘chirilganidan keyin M. uni qiynoqqa solgan, jinsiy tahqirlagan va zo‘rlagan ichki ishlar xodimi ustidan shikoyat yozgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shundan keyin J.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205 - (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 221 - (Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan ayolning otasi jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan 118 - “Nomusga tegish” va 119 – “Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish” moddalari asosida jinoyat ishi ochilishini talab qildi:

- Menga hech kim hech narsa degani yo‘q. Men unga 118, 119, 121 va 205-moddalarning qo‘llanilishini xohlayman. O‘zicha ular 121 - moddani qo‘llabdi. Men bu haqda Bosh prokuraturaga ham, Senatga ham yozdim. Bu moddalar qo‘llanilmasa, prokuraturadagi uning himoyachilari boshqa joyda javob beradi! Jinoyatchi hozircha “volya”da yuribdi. Qizimning ruhiy ahvoli juda yomon, buncha tahqirlashni boshidan kechirish o‘zi bo‘ladimi, dedi jabrlanuvchi ayolning otasi.

Ota tuman prokuraturasida ayblanuvchi shaxsning tanishlari va hamqishloqlari ishlashini hisobga olgan holda ish yopdi-yopdi bo‘lib ketishi ehtimolini inkor etmadi.

Zomin tuman prokuraturasida Ozodlik so‘roviga izolyatorda zominlik ayolning zo‘rlangani ishi yuzasidan tergov ishlari olib borilayotganini bildirishdi.

- U ish bo‘yicha tergovchimiz shug‘ullanyapti. Tergov to‘xtagani yo‘q, tergov harakatlari olib borilyapti, dedi boshqa tafsilotlarni ochiqlay olmasligini aytgan Zomin tuman prokuraturasi rasmiysi.

Ayni damda Ozodlik Zomin Ichki ishlar boshqarmasidan tuman Vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga yangi rahbar tayinlangani, J.Sh. ishdan bo‘shatilgani tasdig‘ini oldi.

Ozodlikka murojaat qilgan jabrlanuvchi ayolning yaqinlari oddiy fuqarolarga qiynoq qo‘llash va jinoyatlarni yashirish holatlari tumanda birinchi marotaba kuzatilmayotganini iddao qilishdi.

Kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan qamoqxonalar, xususan, ayollarga nisbatan qiynoqlar bilan bog‘liq xabarlar kamayganini qayd etishgan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishi va noinsoniy munosabatda bo‘linishi keng tarqalgan, qiynoqqa solganlar jazolanmay qolmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘tgan yili Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov davomida qiynoq qo‘llash holatlarini tanqid qilgan edi.

Shunga qaramasdan tergov hibsxonalarida qiynoqlar davom etayotgani haqidagi xabarlar oqimi to‘xtamagan.

XS
SM
MD
LG