Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:54

Ikki bloger qissasi: Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozod qilindi, Olimjon Haydarov qamaldi


Blogerlar Olimjon Haydarov va Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev. Kollaj.
Blogerlar Olimjon Haydarov va Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev. Kollaj.

O‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston qamoqxonasidagi bloger Otabek Sattoriy Navoiy viloyatidagi qamoqxonadan manzil koloniyaga chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, manzil koloniyaga odatda qamoq muddatining kamida uchdan birini o‘tab bo‘lgan va "tuzalish yo‘liga o‘tgan" mahkumlar o‘tkaziladi.

Rasmiylar Sattoriyning jazoni o‘tash tartibi yumshatilgani yuzasidan qo‘shimcha izoh bergani yo‘q, ammo jamoatchilik unga nisbatan Konstitutsiya kuni arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan so‘nggi afv qo‘llanilganini taxmin qilmoqda. Sattoriyning nima uchun qamoqdan butkul ozod qilinmagani sababi ma’lum emas.

Bloger Otabek Sattoriy mahkamada. 11-mart, 2021-yil.
Bloger Otabek Sattoriy mahkamada. 11-mart, 2021-yil.

YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Otabek Sattoriy tuhmat va tovlamachilikda ayblanishi ortidan 2021-yil 10- mayida 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. O‘tgan yil aprelida Oliy sud blogerga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

"Сўз эркинлиги устидан чиқарилган ҳукм". Олимжон Ҳайдаров 8 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:54 0:00

Xalqaro inson haqlari va matbuot tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini Sattoriyga nisbatan ayblarni bekor qilish va uni qamoqdan ozod etishga chaqirib keladi.

Sattoriyga nisbatan jazoni o‘tash tartibi yengillashtirilgani haqidagi xabar bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan avval shartli ozodlikka chiqarilgani, ayni paytda boshqa bir bloger Olimjon Haydarov esa sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilinganidan bir necha kun o‘tib paydo bo‘lmoqda.

The Diplomat nashri bu ikki bloger taqdiriga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Maqola muallifi Ketrin Putsning yozishicha, so‘nggi yillarda "Yangi O‘zbekiston”da blogerlarga bosim kuchaygan.

Hukumatning diniy siyosatini tanqid qilgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 2022- yil yanvarida Jinoyat kodeksining 244-moddasi «jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga xavf soladigan materiallarni tarqatish va namoyish qilish»da ayblanib, yetti yilu olti oylik qamoqqa hukm qilingan edi.

Undan oldin Orifxo‘jayev hukumatparast deb aytiladigan boshqa bir dindor bloger Abrorjon Abduazimov bilan tortishuvdan keyin mayda bezorilik uchun 15 kunlik ma’muriy jazoga tortilgan. Xabar qilinishicha, Orifxo‘jayev 26-iyun kuni Abduazimov va’z qilayotgan Toshkentdagi «To‘xtaboy» masjidida Abduazimovni «munofiq» deb atagan; Orifxo‘jayev ikki kundan keyin hibsga olingan. Uning 15 kunlik qamoq muddati tugash arafasida ekan, viloyat hokimiyati 2021-yil 6-mart kuni Facebook’ dagi postida musulmonning musulmon bo‘lmaganlarni diniy bayramlari bilan tabriklashi to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi degan savolga javoban jinoyat ishi qo‘zg‘atganini ma’lum qildi, deb yozadi The Diplomat nashri.

Orifxo‘jayevning muddatidan oldin ozod etilgani haqida hozirgacha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Orifxo‘jayev ishini kuzatayotgan xalqaro tashkilotlar, jumladan, AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi va Human Rights Watch avvalroq unga nisbatan qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar bo‘lgani, sog‘lig‘i yomonlashgani va tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqidagi da’volarni qayd etgan.

Блогер Абдуқодир Мўминовга Тоштурмада ўн кунлик "карцер" жазоси тайинланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:49 0:00

Orifxo‘jayev ozod etilishidan bir necha kun oldin, aniqrog‘i, 1-dekabr kuni boshqa bir bloger Olimjon Haydarov tovlamachilik va tuhmat qilishda ayblanib, sakkiz yilga qamaldi. Human Rights Watch tashkiloti bu ayblovlarni «shubhali» deb atagan.

Haydarov iyul oxirida Qo‘qon markaziy bozorida hibsga olingan. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi Haydarov bozor haqida tanqidiy maqolalar joylashtirmaslik evaziga bozor rahbaridan 10 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olinganini bildirgan. Keyinchalik unga tuhmat va haqorat ayblovlari ham qo‘shildi.

Haydarov ayblovlarni rad etib, tanqidiy materiallari uchun o‘ch olish maqsadida uyushtirilganini aytgan.

YouTube‘da deyarli 30 ming obunachiga ega bo‘lgan bloger mahalliy hokimiyatni tanqid qilgan hamda korrupsiya va so‘z erkinligi cheklanayotgani borasidagi chiqishlari bilan tanilgan.

The Diplomat nashrining yozishicha, 2016-yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning o‘limi Shavkat Mirziyoyevga o‘zining islohotlar dasturini boshlashga yo‘l ochgan. Bu islohotlar faqat diniy jamoalar orasida emas, balki oddiy o‘zbeklar orasida ham ijtimoiy-siyosiy mavzularni muhokama qilish uchun ko‘proq maydon ochdi. Shu asnoda ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu muammoni sharhlayotgan o‘zbeklar "Yangi O‘zbekiston"ning so‘z erkinligi borasidagi chegaralarini "oldinga surishga urinib ko‘rdilar". Endi esa "Yangi O‘zbekiston" bu chegaralarni qaytadan ortga surmoqda".

Maqola muallifiga ko‘ra, har bir holat o‘ziga xosdir va yuqoridagi ikki blogerning misoli O‘zbekistondagi blogerlar spektrining ikki farqli tomonida kechayotgandek.

Ammo agar bu ikki holat birgalikda va boshqa misollar manzarasida tahlil qilinadigan bo‘lsa, ular O‘zbekistondagi so‘z erkinligining tadriji, bu erkinlikka cheklovlar va uning ko‘rinmas chegaralarini kesib o‘tganlik uchun jazoni ham ko‘rsatadigan holatlardir.

XS
SM
MD
LG