Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:26

"Ikkinchi sort fuqarolar" - o‘zbek ijtimoiy tarmoqlari Putin mobilizatsiyasi haqida


Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumlari manzarasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21-sentabrdan mamlakatda qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi.

Kremlning ushbu qarori O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan favqulodda xavotir bilan qarshi olindi. Ularga ko‘ra, eng himoyasiz qatlam sanalgan mehnat muhojirlarini aldov va qo‘rqitish yo‘li bilan urushga yuborish harakati allaqachon boshlangan.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan huquqshunos Zarnigor Omonullayeva O‘zbekiston Jinoyat kodeksida chet davlat armiyasiga yollanganlik uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilganini eslatib, mehnat muhojirlarini qopqonga tushib qolmaslikka undadi.

“Saxarovoda Moskva meri tarafidan e’lon qilingan harbiy xizmatga yollanish punktlarini 700 metr naridan aylanib o‘ting, u yerga yaqinlashmang. Judayam xunuk va boshqa davlatlarga nisbatan hurmatsizlik shaklida tashkil etilayotgan ushbu punkt bejizga aynan Saxarovoda yo‘lga qo‘yilmayapti. Saxarovoga oddiy migrantlar asosan patent uchun keladi. Ularni aldash esa oson”, – deb yozdi Zarnigor Omonullayeva.


Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonga ko‘ra, safarbarlik doirasida Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston vatandoshlarini urushga tortish bir asr oldingi hodisalarni yodga solmoqda.

“1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni eslaringdami? So‘ngra butun Turkiston bo‘ylab yoyilib ketgan edi. Sababi – o‘shanda chor poshshosi Nikolay urushda do‘ppisi tang kelib qolgani uchun Turkistondan frontga yordam deb “safarbarlik” e’lon etgan, xalq norozi bo‘lib qo‘zg‘olon ko‘targan edi. Ota-bobolarimiz u zamonlar bugungi avloddan ongli, o‘z haqqini taniganroq bo‘lgan ekan. Tarix qaytarilyapti. Bugungi chor poshshosi Putin ham Ukrainada do‘ppisi tor kelib, “safarbarlik” e’lon etib yubordi. Bunisi ham eskisiga juda-juda o‘xshab ketyapti”, – deya holatga munosabat bildirdi taniqli adib.

Путин урушга сафарбарлик эълон қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:37 0:00

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarini urushga yollash maqsadida keng ko‘lamli tashkiliy ishlar amalga oshirilayotganidan tashvish izhor qildi.

“Rossiyada mehnat qilib yurgan vatandoshlarimizni, millatdoshlarimizni, aka-uka, opa-singillarimizni bu urushga hargiz bormaslik borasida ogohlantirish, eng avvalo, davlatning – hukumatning vazifasi. Lekin shu paytgacha davlat bu borada deyarli hech qanday tizimli ish olib bormadi. Bamisoli, hukumat Rossiya qahridan, g‘azabidan qo‘rqayotgandek. Aslida, bu holatda tinch turish – O‘zbekiston davlati va jamiyatining fojiasiga, muteligiga, istilosiga, qulligiga rozi bo‘lishni anglatadi, xolos. Davlatning va millatning qadr-qimmati yuqori bo‘lishi kerak”, – deb yozdi K.Rabbimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Aksar faollar fikricha, mehnat muhojirlarining hayoti Kreml uchun "sariq chaqalik qadrga ega emas".

“Mehnat muhojirlarimizni Ukrainaga, urushga faol ravishda yuborish boshlanayotir. (Shaxmatdagi) pot holati. Aftidan, noqonuniy migrantlarni qamoq jazosi bilan qo‘rqitib, muqobil yo‘l sifatida urushga borishni taklif etishadi. Bu shunchaki xavotir qo‘ng‘irog‘i emas, balki mislsiz musibatdir. O‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar Putin uchun urushga, ukrainlarni o‘ldirishga yuboriladi. Tinch fuqarolar qotilga aylanadi, bolalar yetim qoladi”, – deya bong urdi davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert, faol bloger Aziza Umarova.


O‘zbekiston hukumatidan Rossiyadagi vatandoshlarni himoya qilish borasida amaliy harakat talab etayotgan ziyolilar, ayni choqda, rus armiyasiga odam yollashga ko‘maklashayotgan gumashtalarga ham shafqat qilmaslikni so‘ramoqda.

“Albatta, tobora murakkablashib, gibridlashib borayotgan vaziyat qonunchilik, profilaktika va jazo choralarini yanada kuchaytirishni talab etadi. Xususan, O‘zbekiston fuqarolarini xorijiy armiya va harbiy to‘dalarga yollashga harakat qilayotgan yoki chorlayotgan ityaloqlarga ham”, – deb hisoblaydi tahlilchi Otabek Bakirov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi 23-sentabr kungi bayonotida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini "Islomda harom qilingan urush" deb atadi.

Diniy idoraga ko‘ra, bu urushda "ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo‘ladi. Unda o‘ldirganlar qotil, o‘lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog‘iylar bo‘ladi".

Bu O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining hozirga qadar Ukrainadagi urush borasida bergan ilk bayonotidir.

Ayni paytda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mobilizatsiya va unga o‘zbek vatandoshlarini tortish borasidagi harakatlar yuzasidan sukut saqlayotir.

Kremlning bosqinchilik siyosatiga qarshi bo‘lgan rus ziyolilari harbiy safarbarlik ma’nosini anglatuvchi “mobilizatsiya” atamasi o‘rnida “mogilizatsiya” (odamlarni ommaviy go‘rga tiqish) co‘zini qo‘llamoqda. Telegramda qariyb 29 ming obunachiga ega “HabiSatura” kanali muallifi ham ushbu mavzuni o‘ziga xos hajviy suratda aks ettirdi.


22-sentabr kuni Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kirill Kabanov safarbarlik doirasida so‘nggi 10 yilda rus fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarni harbiy xizmatga jalb qilish, bo‘yin tovlaganlarni oila a’zolari bilan fuqarolikdan mahrum etishni taklif qilib chiqdi. Mulozim bu chora O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston mas’ul idoralarining o‘z fuqarolarini urushda ishtirok etmaslik bo‘yicha bergan ogohlantirishiga javob bo‘lishini aytgan. O‘zbekzabon platformada K.Kabanovning bu taklifi ham keskin tanqidga uchradi.

“Bundan chiqadigan xulosalar quyidagicha: Rossiyaning bu kabi amaldorlari bizning mustaqilligimiz, qonunlarimiz va mamlakatimizning o‘z fuqarolarini muhofaza qilish huquqini mensimaydi; ular urushga birinchilar qatorida ayni boshqa millat, ya’ni Rossiyaning ichida yashovchi o‘zga millat vakillarini safarbar qilishga urinishyapti; garchi o‘n yillab u yerda yashab ishlashsa-da, u yerda uy-joy qilib, oila, bola-chaqalari bilan fuqarolik olishga erishsalar-da, Rossiyada bu vatandoshlarimiz baribir ikkinchi tabaqali fuqaro, ya’ni ayni huquqsiz fuqaro bo‘lib qolaveradilar, ular va oila a’zolaridan qiyin erishilgan fuqarolik osongina qayta olib qo‘yilishi mumkin, vatandoshlarimizning inson huquqlari, qolaversa, hatto hayoti ham bu kabi kimsalar uchun mutlaqo qadrsiz”, – deb yozdi toshkentlik taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov.

XS
SM
MD
LG