Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:46

IT-ekspertlar: Kundalik.com 6 mln maktab o‘quvchisining shaxsiy ma’lumotlarini xavf ostiga qo‘yadi


Xalq ta’limi vazirligi Rossiya shirkati bilan birgalikda yo‘lga qo‘ygan Kundalik.com - elektron kundalik tizimi O‘zbekistondagi 6 milliondan ortiq maktab o‘quvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston IT sohasi mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlar ijtimoiy tarmoqlarda bu borada bildirilayotgan xavotirlarning asossiz emasligini aytishdi.

O‘zbekiston IT tizimidagi yuqori martabali mulozim esa loyiha ortida "katta biznes" turganini iddao qildi.

Xalq ta’limi vazirligi rasmiylari esa elektron kundalik bo‘yicha barcha ma’lumotlar "O‘zbektelekom" serverlarida saqlanishi va ularning uchinchi qo‘lga o‘tmasligiga kafolat bermoqda.

O‘zbekistondagi mavjud 1200dan ortiq maktablarda qog‘oz kundaliklardan voz kechilib, uning elektron muqobili Kundalik.com joriy etilmoqda.

Toshkentdagi 55ta maktabda bu tizim yil boshidan yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan maktablarda esa yangi yildan elektron kundalikka o‘tiladi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ushbu tizim Rossiyaning Dnevnik.ru shirkati bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qilgan.

Elektron kundlik tizimidan foydalanuvchilar yillik obuna uchun 9200 so‘mdan to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘lga qo‘yilgan.

XTV rasmiylari ushbu tizim orqali ota-onalar masofadan turib farzandlarining bilim olish darajasini nazorat qilib borishlari, o‘qituvchilar esa, qog‘oz jurnalni to‘ldiradigan vaqtini o‘zi va o‘quvchi ustida ishlashga sarflashi mumkinligini aytishmoqda.

Ammo ayrim ota-onalar va IT sohasi mutaxassislari O‘zbekistondagi 6 milliondan ortiq maktab o‘quvchisining shaxsiy ma’lumotlari chet el xususiy shirkati qo‘liga o‘tib ketishidan xavotir bildirishmoqda.

"Nega O‘zbekistonning 6. 119. 440 nafar kelajagi, aqliy-ilmiy resursi hisoblangan o‘quvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini xususiy firma boshqaruviga berib qo‘yildi? Butun 6. 119. 440 insonning ma’lumotlari bazasining xavfsizligiga kim kafolat beradi?, - deb yozdi Telegram kanali foydalanuvchilaridan biri.

Xalq ta’lim vazirligiga savollar

Qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi eng yirik onlayn ta’lim platformasiga aylanib ulgurgan Kundalik.com borasida IT mutaxassislari bildirayotgan xavotirlarga bloger Nurbek Alimov ham qo‘shiladi.

Kundalik.com"ning asosiy ulushi Rossiyadagi hususiy shirkatga tegishliligini ta’kidlarkan chet el kompaniyasining qo‘lida 6 mln o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining ma’lumotlar bazasi yig‘iladimi? Nega O‘zbekistonning 6.119.440 nafar kelajagi, aqliy-ilmiy resursi hisoblangan o‘quvchilarining SHAXSIY ma’lumotlarini chet el xususiy firmasining boshqaruviga berib qo‘ydingiz?

Ma’lumotlar maktab xodimlariga, ta’lim organlariga, Kundalik kompaniyasi xodimlariga va shaxsiy ma’lumotlarsiz uchinchi tomonlarga berilishi mumkin. Uchinchi tomonlar reklama beruvchilardir. Ular Kundalik.com foydalanuvchilariga o‘zlarining mahsulotlari va xizmatlari haqida, bizning formatimizga mos keladigan format, mavzu va auditoriya yoshi bo‘yicha ma’lumot berishlari mumkin. Ya’ni kompaniyaning asosiy ulushi chet ellik kompaniyalarga tegishli bo‘lgan holda bunday ma’lumotlar xavfsizligi qanday ta’minlanishi mumkin?,

6.119.440 o‘quvchi * 9200 so‘m = 56 298 848 000 so‘m (56 mlrd so‘m yoki 5 405 626 dollar). Bu hisob kitobda korrupsiya, otkat degan narsalar yo‘qmi? Bu xarajatlarni kalkulyatsiya smetasini xalq ko‘rsa, bilsa bo‘ladimi? Menimcha yo‘q, chunki bu xususiy biznes.

Shaffoflik, ochiqlik degan gaplar bor edi. Server O‘ztelekomniki ekan, narhi shunchalik qimmatmi? Dnevnik.ru tenderda qatnashganmi? Ushbu saralashda yana qaysi kompaniyalar qatnashgan? Qanday saralangan?

Shuncha daromad qilsa bo‘lar ekan nega shu ishni davlat amalga oshirmadi?

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi 26 - noyabr kuni Telegramdagi Alimoff kanalida ko‘tarilgan bu savollarga hozirgacha javob bergani ma’lum emas.

Rossiyaning Dnevnik.ru shirkati matbuot xizmati xodimi 25 - noyabr kuni Ozodlik savollariga javob berish uchun qo‘ng‘iroq qilishlarini aytdi, ammo hozirgacha rasmiy javob kelgani yo‘q.

"Raqamli totalitarizm"

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish agentligida ishlovchi, yuqori mansabli IT mutaxassisi Ozodlik bilan suhbatda bu xavotirlarning asossiz emasligini tasdiqladi.

Ayni paytda u loyiha ortida "katta biznes" turganini iddao qildi.

"Raqamli totalitarizm" deyiladi bu. Buning ortida katta biznes turibdi. Bundan manfaatdorlar bor. Ayniqsa, taniqli odamlarning farzandlari haqidagi ma’lumotlar haqida gap ketsa. Potensial iste’molchilar haqidagi ma’lumot marketingchilar uchun juda qiymatli. Axir, bu yerda 6 milliondan ortiq bolaning ismi, familiyasi, ota-onasi, sinfi, maktabining manzili, maktabdan qachon chiqishi va qayerga borishi haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Uni qaysi o‘qituvchi orqali so‘rash mumkin va hokazo ma’lumotlar. Tizimdagi bu ma’lumotlar bir xususiy shirkatning qo‘liga o‘tar ekan, manipulyatsiya qilinishi tayin", - deydi yuqori martabali mutaxassis.

IT mutaxassisga ko‘ra, tizim hususiy shirkat qo‘lida ekan, ma’lumotlar uchinchi qo‘lga o‘tib ketmasligiga kafolat yo‘q.

"Millionlab kishi uchun ochiq bo‘lgan server haqida gap ketyapti bu yerda. Ma’lumotlar maktab xodimlari, ta’lim organlari, Kundalik shirkati xodimlari uchun ochiq. Bu tizim hususiy shirkat qo‘lida ekan va niyati pul qilish ekan, undagi ma’lumotlar uchinchi tomonlarga berilishi turgan gap".

"Xavotirga o‘rin yo‘q"

Ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining shaxsiy ma’lumotlari hamda mamlakatning axborot xavfsizligi borasida xavotirlarga o‘rin yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Vazirlikning ismi ochiqlanishini istamagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda barcha ma’lumotlar "O‘zbektelekom" serverlarida saqlanishi va uchinchi tomonga berilmasligi kafolatlanishini aytdi.

"Shunaqa gap-so‘zlar bo‘lyapti, lekin xavotirli joyi yo‘q. Elektron kundalik bo‘yicha barcha ma’lumotlar "O‘zbektelekom" serverlarida saqlanadi va bu ma’lumotlarning uchinchi qo‘lga o‘tmasligini ta’minlaydi. Yana shuni aytishim kerakki, bu majburiy emas. Obuna bo‘ling, degan majburiy talab yo‘q. Agar ota-onalar xohlashmasa, bolaning baholarini maktabga borganda bilib turishlari mumkin. Bu ular uchun qulaylik, lekin undan foydalanish majburiy emas", - dedi XTV matbuot xizmati xodimi.

Elektron kundalik O‘zbekiston hali to‘liq internet bilan qamrab olinmagan va uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlanmagan bir paytda joriy etilmoqda.

Internet yetib bormagan hududlardagi maktablarda o‘quvchilar qanday qilib bu tizimdan foydalanishi mumkin?

XTV matbuot xizmati xodimiga ko‘ra, Kundalik.com internet bepul bo‘lgan TAS-IX, ma’lumotlar almashinuv zonasida bo‘ladi. "Buning uchun uyali aloqa operatorlariga ulanish kifoya va foydalanilganda internet-trafik uchun pul ketmaydi", - deya javob berdi vazirlik vakili.

Hammaning Interneti ko‘tarmaydi

Farg‘onaning Quva tumanidagi 11-son maktab o‘qituvchisi Shoazim Norqulov elektron kundlikdan foydalanish uchun hammaning ham imkoniyati yetarli emasligiga e’tibor qaratadi.

Norqulovga ko‘ra, o‘quv yili boshida Telegram kanalida olib borilgan darslar davomida o‘z sinfida kamida uchtadan bitta bola unda qatnasha olmaganini eslaydi.

- Oddiy Telegramda o‘qitilganda o‘ttiz foiz bola chetda qolib qoldi. Har birini uyiga borishga to‘g‘ri keldi. Oldiniga darslarni videomuloqot tarzida ham yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldik, lekin Zoomni hammaning Interneti ko‘tarmadi. Elektron kundalik ham huddi shunday bo‘ladi. Bizni qishloqda Internet tugul svet ham yo‘q. Oldin shu muammolarni hal qilishsa bo‘lardi, - deydi quvalik muallim.

"Dnevnik.ru" bir yil avval Qozog‘istonda ham TOO "Kүndelіk" sho‘basini ochgan. Chekka hududlarda yashovchilar internet tezligi pastligi bois bu tizimdan foydalana olmayotganliklari haqda Ozodlik radiosi Qozoq xizmati xabar bergandi.

"Dnevnik.ru" kimga tegishli?

"Dnevnik. ru" Rossiyadagi eng yirik onlayn ta’lim tarmog‘i bo‘lib, unga 32 mingta maktabning 5 yarim milliondan ortiq o‘quvchisi, 3 million ota-ona va 600 ming o‘qituvchi ulangan.

Sankt Peterburg shahrida joylashgan "Dnevnik RU" bosh direktori Gabriel Levi.
Sankt Peterburg shahrida joylashgan "Dnevnik RU" bosh direktori Gabriel Levi.

Shirkat Sankt Peterburg shahrida joylashgan bo‘lib, uning bosh direktori Gabriel Levi hisoblanadi.

"Dnevnik.ru" 2011 - yilda Kremlga yaqin odamlar nazorat qiluvchi Prostor Capital jamg‘armasidan loyiha uchun 2 million dollarga yaqin sarmoya olgani ma’lum.

Ushbu onlayn platforma Rossiya maktablarida ilk bor yo‘lga qo‘yila boshlaganida tanqidchilar shirkatni o‘quvchilar ma’lumotlarini o‘g‘irlash urinishida ayblab chiqishgandi.

Dnevnik.ru esa, o‘z tizimi yaxshi himoyalanganini iddao qilib keladi.

2018 - yilda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi "Dnevnik.ru" o‘zbek maktablarida elektron kundalik tizimini joriy etishda hamkor etib tanlanganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekistondagi "Kundalik" MChJ Rossiyadagi shirkat muassisligida ochilgan bo‘lib, rasmiy saytidagi ma’lumotlar cheklangan.

AQShda joylashgan Dun & Bradstreet serveridagi ochiq ma’lumotlarida "Kundalik" MChJ 640,696 dollarlik oylik daromadga egaligi, 8 xodimi borligi va rahbari Behzod Azimov ismli shaxs ekani qayd etilgan.

Ma’lumotlar bazasiga qaralsa, "Kundalik" MChJ ning 51 % ulushi "Dnevnik.ru" shirkatiga, qolgan 49 % ulushi esa, Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan ALLIED CAPITAL HOLDING SA kompaniyasiga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

Shveysariya kompaniyasi "Euroasia Insurance" sug‘urta kompaniyasida 30,32% va "O‘zkimyofarm" ustav kapitalida 20% dan ortiq ulushga ega.

Ozodlik Dun & Bradstreet serverida keltirilgan "Kundalik" MChJning telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi, ammo ular bilan bog‘lana olmadi.

XS
SM
MD
LG