Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2023, Тошкент вақти: 21:05

Jahon diplomatiyasi diqqat markazida: Markaziy Osiyoga qiziqish qanchalik uzoqqa boradi?


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron.

O‘tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ostonaga tashrifi chog‘ida qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev uni shaxsan kutib oldi va dabdabali qabul qilib, Moskvaning strategik ittifoqchi maqomini alohida ta’kidladi.

Ammo ayni paytda urg‘u o‘zgarmoqda va buni sezmaslik imkonsiz.

Putinning 9-noyabr kungi Ostonaga safari Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS) uni Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarda ayblab, hibsga olishga order berganidan keyingi uchta xorijiy safardan biri bo‘ldi.

Qozog‘iston va butun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keyingi vaqtda nufuzli davlatlar rahbarlari bilan oliy darajadagi uchrashuvlari ko‘paydi.

Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari muzokaralar olib borayotgan bir paytda qo‘shni O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tayotgan edi, unda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Eron prezidenti Ibrohim Raisi kabi nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda Qozog‘istondan Bosh vazir Alixan Smailov ishtirok etdi.

Мирзиёев Парижда: Макрон билан музокаралар ва Луврга ташриф
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:25 0:00

Shu kuni Italiya prezidenti Serjo Mattarella Toshkentga kelib, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

3-noyabr kuni Ostonada Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi, unda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi Rossiya ham, Xitoy ham a’zo emas.

Bungacha Toqayev va Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni qabul qilgan va bu, ehtimol, mavsumning eng shov-shuvli diplomatik tashrifi bo‘lgan edi.

Agar oktabr oyida biroz sukunat cho‘kkan bo‘lsa, sentabr juda tig‘iz o‘tdi: mintaqadagi besh mamlakat rahbarlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSH prezidenti Jo Bayden bilan muzokaralar o‘tkazdilar, keyin Berlinga tashrif buyurib, Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashdilar.

Bunday uchrashuvlarning ayrimlari, albatta, anchadan beri rejalashtirilgan edi.

Ammo bir narsa aniq: Rossiyaning Ukrainadagi qariyb ikki yillik urushida Markaziy Osiyo hech bo‘lmaganda AQSHning Afg‘onistonga bostirib kirishining dastlabki yillaridan beri kuzatilmagan diplomatik diqqat markazga tushib qoldi.

Bu qiziqish qancha davom etishi noma’lum.

Markaziy Osiyo bo‘yicha italiyalik mustaqil ekspert Davide Kankarini xalqaro aloqalarning to‘satdan bunday jonlanishini moliya sohasidagi «pufak»ka o‘xshatadi. Ya’ni bu faollik real ko‘rsatkichlardan oshib ketadi.

Shu bilan birga, Kankarini Markaziy Osiyo “katta salohiyatga ega” ekani, Mirziyoyev va Toqayevning tashqi siyosatni diversifikatsiya qilishga intilayotgani muhim omillar ekanini tan oladi.

BU MINTAQA “HAMMA UCHUN KATTA FOYDA”MI?

Makronning 1 va 2-noyabr kunlari mintaqaga tashrifi G‘arb ommaviy axborot vositalarida Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan geosiyosiy raqobat manzarasidagi safar sifatida yoritilgan va sarlavhalarda yangi “Buyuk o‘yin” va Parijning Rossiya va Xitoy “tomorqasiga” qadam bosishi tarzida talqin qilingan edi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko 5-noyabr kuni Abu-Dabidagi jahon siyosati konferensiyasidagi chiqishida yuqori ko‘tarinkilik bilan mintaqa “barcha uchun katta foyda” dedi.

Biroq Makron Ukraina masalasida Moskvaning bosimiga dosh bergani uchun Qozog‘istonni “qandaydir kuchning vassali bo‘lishdan bosh tortgan” mustaqil davlat sifatida maqtadi.

Uning tashrifi chog‘ida Qozog‘iston va Fransiya kompaniyalari o‘rtasida transport, muhandislik, sog‘liqni saqlash va agrobiznes sohalarida 1,4 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Bunga qo‘shimcha, Fransiyaning Total Energies kompaniyasi Qozog‘iston janubida quradigan shamol elektr stansiyasi uchun ikki milliard dollarga yaqin shartnoma ham imzolangan.

O‘zbekistonda ham Makron iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishga e’tibor qaratdi.

Makron ketganidan keyin O‘zbekiston konchilik va geologiya vaziri Boris Islomov ikkita yangi uran konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, Fransiyaning Orano davlat yadro kompaniyasidan 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritilishi kutilayotganini e’lon qildi. Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirishga yordam beradigan logistika markazlariga sarmoya kiritishga ham kelishib oldilar.

Bunday jarayonlar Moskvaga yoqmasligi tayin.

Shuning uchun Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 12-noyabr kuni bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi Moskvani Markaziy Osiyodan siqib chiqarishga harakat qilayotganini (lekin muvaffaqiyatsiz) aytgani ajablanarli emas.

Bir kun avval Makron tez orada Markaziy Osiyoning uchinchi respublikasi – Qirg‘izistonga ham tashrif buyurishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Prezident Sadir Japarov ma’muriyati Fransiya rahbari taklifga ijobiy javob berganini ma’lum qildi.

PULNI KO‘RSATING-CHI!

Makronning tashrifi Putinning Ostonaga safari ehtimolini oshirdi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev jurnalist Vadim Boreykoning Youtube’dagi «Giperborey» dasturida Ostonaga safar Putinga ko‘proq kerak bo‘lganini aytdi.

Putin iliq kutib olinganiga qaramay, uchrashuvda Ukrainada urush boshlanganidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani alomatlari yaqqol ko‘rindi.

Toqayev qozoq tilida gapira boshlaganida rossiyalik amaldorlar quloqchin taqishga majbur bo‘lgani ana shunday belgilardan biri edi. Moskvadan kelgan delegatsiya qozoqcha aralashtirish nega kerak edi, bizni masxara qilishyaptimi, deb hayron bo‘lishdi.

Yana bir jihat shuki, Putin o‘z nutqida Toqayevning familiya va otasi ismini yana chalkashtirib yubordi. U qozog‘istonlik hamkasbi ismi va otasining ismini shu qadar tez-tez chalkashtiradiki, hozir ko‘pchilik bu atay qilinmayaptimikan deb shubhalanadi.

Biroq Moskva zaiflashganiga, Qozog‘istonda Rossiya ta’siri pasayishi haqida gapirishga hali erta, deydi Satpayev. Qozog‘istonda so‘nggi yillarda ro‘yxatdan o‘tgan Rossiya va qo‘shma qozoq-rus kompaniyalari soni "geometrik o‘sayotgani"ni ta’kidlaydi u. Yaqinda qozoq oligarxlari o‘z bizneslarining bir qismini ruslarga sotdi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida "kulrang import doirasidagi" savdo jadal rivojlanmoqda, deydi Satpayev G‘arbning Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalariga ishora qilib.

10-sentabr kuni Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev Moskvaning Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatlari haqida gapirib bu masala umumxalq referendumiga qo‘yilishini aytdi.

Biroq, rasmiylar atom energetikasi g‘oyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganiga qaraganda, loyiha amalga oshadigan ko‘rinadi.

Rossiyaning sarmoya masalasida zaiflashgani Markaziy Osiyoning kichikroq davlatlari uchun ham sezilmoqda.

O‘tgan yili mintaqaviy yig‘ilishda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon navbatdan tashqari nutqida Putindan o‘z mamlakatiga ko‘proq sarmoya kiritishni so‘ragan va Moskva Dushanbedagi savdo yarmarkasiga faqat vazir o‘rinbosarini yuborib, Tojikistonga yetarlicha «hurmat» ko‘rsatmaganidan shikoyat qilgan edi.

Toshkentdagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitiga borishdan oldin Rahmon Eron prezidenti Raisi bilan muzokara o‘tkazdi, unda fuqarolar uchun vizasiz sayohat bo‘yicha tarixiy kelishuv, shuningdek, savdo, transport va madaniyat sohalarida kelishuvlar imzolangani e’lon qilindi.

Tehron bilan «muhabbat va nafrat» munosabatlariga qaramay, Tojikiston hukumati hozirda Erondan ishlamay turgan neftni qayta ishlash zavodlari uchun neft eksportiga yordam berishni so‘ramoqda. Bunday harakat Moskvaning mahalliy energiya bozoridagi uzoq yillik manfaatlarini buzishi mumkin.

Pitsburg universiteti qoshidagi Boshqaruv va bozorlar markazi asoschisi Jennifer Brik Murtazashviliga ko‘ra, bularning barchasi Moskva Markaziy Osiyoda "yetakchi strategik mavqe"ni saqlab qolgan, ammo ta’sir kuchini yo‘qotayotgan murakkab manzara qismlaridir.

“Boshqa davlatlar Rossiyaning zaiflashgani bilan bir qatorda Markaziy Osiyoning geostrategik ahamiyatiga ham guvoh bo‘lishdi. Mintaqaga qiziqish ortib borayotgani esa bu davlatlarga uzoq vaqtdan beri orzu qilgan ko‘p vektorli tashqi siyosatini amalga oshirish imkoniyatini beradi”, deydi u.

“Diplomatiyaning yuqori sur’atlari” yaqin kelajakda davom etishini bashorat qilgan ekspert bu imkoniyat darchasi abadiy ochiq turmasligi mumkinligini aytadi.

"Dunyoning qolgan qismi qiziqishi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolishi mumkin", deydi Murtazashvili.

XS
SM
MD
LG